22:44 / 09.09.2018
4 749

Isroillik maqomchi: “Oʻzbek maqomlari bizga notanish emas”

Исроиллик мақомчи: "Ўзбек мақомлари бизга нотаниш эмас"
Foto: OʻzA
Shahrisabz shahridagi Xalqaro maqom sanʼati anjumani doirasida uchrashuvlar, konsertlar, davra suhbatlari, taqdimotlar, maqom sanʼati ijrochilarining tanlovi va xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazilmoqda. Xalqaro tanlovda maqom ijrochiligi boʻyicha faoliyat olib borayotgan taniqli hofizlar, sanʼatkorlar oʻzaro bahslashmoqda.

Rubin Tenenbom (Belgiya), “Lamekan” ansambli sozandasi:

– Avvalo mana shunday ajoyib festivalni tashkil etgani uchun mamlakatingiz rahbariyatiga minnatdorlik bildiramiz. Buyuk jahongir Amir Temur va u dunyoga kelgan Shahrisabz haqida koʻp eshitganman. Sababi sanʼatdagi yoʻnalishimiz Sharq xalqlari milliy musiqalariga hamohang. Bugun jamoamiz bilan turk usulida aytiladigan qoʻshigʻimizni ijro etdik. Qoʻshiq musiqasi terma boʻlib, turli davrlarda ijro etilgan kuylardan olingan. Oʻylaymanki, bizning ijroimiz muxlislarga maʼqul keladi.

Osif Alixon (Pokiston), “Qavvali” guruhi solisti:

– Pokistonning kavvali yoʻnalishi ijrosini havola qildik. Kavvali – Janubiy Osiyoda keng tarqalgan soʻfiylarning qadimiy musiqasi hisoblanadi. Bu yoʻnalishdagi qoʻshiqlar “tuxarminum” va “tabla” deb ataluvchi musiqa asboblari bilan ijro etiladi. Bu yoʻnalishdagi qoʻshiqlarimiz bilan koʻplab festivallarda ishtirok etganmiz va faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritganmiz. Xususan, Belgiyada 2012 yili oʻtkazilgan musiqa festivalida gʻolib boʻlganmiz. Yurtingizda oʻtayotgan anjumanda ham munosib ishtirok etamiz, degan umiddamiz. Bunday keng miqyosli anjuman xalqlarimizning madaniy hamkorligini yanada mustahkamlaydi.

Marina Tichchir (Isroil), “The Jaffa maqam quartet” guruhi aʼzosi:

– Xalqaro anjuman ilk marotaba tashkil etilganiga qaramay, hamma jihatlarga eʼtibor qaratilgan. Ayniqsa, milliy anʼanalarni aks ettirib turgan kompozitsiyalar bizda katta taassurot qoldirdi. Aslida oʻzbek maqomlari bizga notanish emas. Boisi Isroilda buxorolik, samarqandlik yahudiylar yashaydi va ular buxorocha, fargʻonacha va tojikcha maqomlarni doim yaxshi koʻrib eshitishadi.

Guruhimiz aʼzosi Dmitriy oʻzbekcha maqomlarni kuylay oladi. Chunki u yoshligidan shunday qoʻshiqlarni tinglab ulgʻaygan. Biz kuylaydigan qoʻshiqlar Gʻarbda va Sharqda yashovchi yahudiylar musiqalari asosida tashkil topgan. Shu boisi konsert dasturiga taqdim etgan loyihamiz yangi. Unda Gʻarb va Sharq uslublarini uygʻunlashtirdik. Oʻylaymizki, festivaldagi chiqishlarimiz xalqqa manzur boʻladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Isroillik maqomchi: “Oʻzbek maqomlari bizga notanish emas”