08:02 / 11.09.2018
5 588

MAQOM ART xalq orasida milliy musiqaga boʻlgan qiziqishni yanada oshirmoqda (foto)

MAQOM ART xalq orasida milliy musiqaga boʻlgan qiziqishni yanada oshirmoqda (foto)
Shahrisabzda 9 sentyabrda 220 mingdan ziyod kishi mehmon boʻlgan boʻlsa, bugun 10 sentyabr kuni ushbu rekord yangilandi. Bu kuni Shahrisabzning bosh maydoniga soat 20:30 holatiga 250 ming nafarga yaqin mehmon tashrif buyurdi, ularning bari koʻtarinki va bayramona kayfiyatda sayr qilib, ishtirokchilarning sanʼatidan zavq olmoqda. KUN.UZ nashri Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov bergan maʼlumotlarga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

6-10 sentyabr kunlari Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida I Xalqaro maqom sanʼati forumi boʻlib oʻtdi. Unga dunyoning 70 dan ziyod mamlakatidan ishtirokchi va mehmonlar tashrif buyurishdi. Har bir mamlakat vakillari oʻzining milliy musiqa namunalarini ijro etib, yigʻilganlarga zavq bagʻishlashdi.

Oʻzbekistonning maqom sanʼati bugunga kelib mamlakat brendi darajasiga koʻtarilib, nafaqat xorijlik mehmonlar, balki mahalliy xalq orasida ham katta qiziqish uygʻotdi. Ularning orasida maqom va uning turlarini oʻrganishga qiziqish bildirganlar ham talaygina boʻldi.

Turli viloyatlardan tashrif buyurgan mehmonlar Shahrisabzdagi MAQOM ART festivalidan ilhomlanib, farzandlarini maqom sanʼati bilan shugʻullanishga bermoqchi ekanliklarini aytishmoqda.

“Festivaldan ilhomlanib, farzandlarimizning yuz-koʻzidagi qiziqishni koʻrib, ularga milliy musiqa cholgʻu asboblarini olib berishga qaror qildik. Keyinchalik musiqa maktablarida oʻqib, yaxshi maqom ijrochilari boʻlib yetishishsa, bunga aynan Shahrisabzdagi birinchi Xalqaro maqom sanʼati forumi sababchi boʻlganini eslab yuramiz”, - deydi samarqandlik mehmonlardan biri.

Umuman olganda, Shahrisabzdagi Maqom festivali nafaqat Qashqadaryo viloyati, balki butun Oʻzbekiston ahlida koʻtarinki kayfiyat, oʻz yurtidan faxrlanish tuygʻularini keltirib chiqardi. Bunday bayram tantanalari, festivallar bir tomondan odamlarning milliy musiqaga boʻlgan qiziqishini oshirish va oʻzaro ahillashuviga sabab boʻlsa, boshqa tomondan xorijliklarning Oʻzbekistonga boʻlgan qiziqishni yanada oshirish uchun xizmat qiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » MAQOM ART xalq orasida milliy musiqaga boʻlgan qiziqishni yanada oshirmoqda (foto)