14:43 / 18.09.2018
11 646

Zarina Nizomiddinova bilan intervyu: Muxlislarim uchun “katta syuprizim” bor!

Зарина Низомиддинова билан интервью: Мухлисларим учун "катта сюпризим" бор!
Bugungi qahramonimiz oʻzbek kinosida oʻz muxlislariga ega isteʼdodli aktrisa, goʻzal chehra sohibasi hamda eng asosiysi, mehribon ona. Uning ijrosi tabiiy va serjilo talqinlarga boyligi, nigohi jilvakorligi bilan boshqalardan alohida ajralib turadi. Zarina Nizomiddinova bugun oʻzining qalb sirlari, ijodiy faoliyati haqida samimiy soʻzladi. Suhbat orqali aktrisaning begʻubor olamini, sermazmun ijod ummonini kashf etishga urindik.

— “Sanʼatning noni qattiq”, deyishadi. Haqiqatan, bu soha tinimsiz ishlashni, katta fidoyilikni, ustiga-ustak, doim mashhurlik yukini koʻtarib yurishni talab etadi. Qiyinchiliklarni bila turib, nima uchun aynan aktrisalikni tanlagansiz?
— Bilasiz, oilamiz sanʼatkorlar oilasi hisoblanadi. Katta bobom Shahobiddin Nizomiddinov, otam Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Shahboz Nizomiddinov sanʼatkor boʻlishgan. Oilamizda hamisha sanʼatning sehri ufurib turadi. Uch farzanddan faqat men sanʼatni tanladim. Avval boshida bu qiziqish va xobbi edi.

Rejissyor Qamara Kamalova 2006 yili meni oʻzi suratga olayotgan “Yoʻl boʻlsin” filmiga kastingga chaqirgan. U vaqtda xoreografiya boʻyicha tahsil olardim. Kino kastingdan muvaffaqiyatli oʻtdim va film suratga olindi. Ochigʻi, Qamara opa ssenariy loyihasini sir tutgani sabab uni oʻqib ham chiqmay, filmda rol oʻynaganman. Suratga olish maydonida rejissyorning talablarini toʻliq bajarganim bois, barchasi tabiiy va taʼsirli chiqqan.

“Yoʻl boʻlsin” filmi davlat mukofotiga sazovor deb topildi hamda xalqaro tanlovlarda ham qatnashdi. Milliy ruhda, epik yoʻnalishda yaratilgan kartina ijodiy jamoa, umuman, oʻzbek kinosi uchun katta yutuq boʻldi. Keyinchalik, “Romeo va Julyetta” filmida ishladim. Bu loyihada tajribali rejissyor Bahrom Yoqubov menga juda koʻp narsalarni oʻrgatib, har tomonlama yoʻl-yoʻriq koʻrsatdi, mahoratimni shakllantirishda koʻmak berdi.

— Ishtirokingizdagi “Parizod” filmi ham jahon festivallarida qatnashgan. Negadir hozir sizda bunday ijrolar kuztilmayapti yoki takliflar tushmayaptimi?
— Bunday filmlar yaratilmay qoʻydi. Toʻgʻri, davlat buyurtmasi asosida koʻp loyihalar qilinmoqda, ammo “Yoʻl boʻlsin”, “Parizod” singari filmlar salmoqli boʻlib qoldi. Hozir ham takliflar talaygina, ammo koʻpchiligini rad etyapman. Birinchi navbatda, ssenariylar sayoz yozilgan, ikkinchi navbatda, ijodkorlar u darajada mahoratli emas, ayniqsa, professional rejissyorlar kamayib ketmoqda. Bilasizmi, kinoni butunlay biznesga aylantirib yuborish notoʻgʻri, bunday holda haqiqiy mahoratga putur yetadi.

— Ayting-chi, aktyorni birinchi oʻrinda kim kashf qiladi, rejissyormi yoki dramaturg?
— Rejissyor kashf qiladi. Agar rejissyor aktyorga toʻgʻri vazifa yuklab, oliy maqsad sari toʻgʻri yoʻnaltirsa, u holda aktyorning ijro uslubi shakllanadi, texnikasi rivojlanadi. Odam chetdan oʻzini koʻrolmaydi, eng zoʻr aktyor ham xato qilishi mumkin. Biroq mahoratli rejissyor barchasini sayqallaydi. Bevosita birgalikdagi ishda rejissyorning tajribasi aktyor pozitsiyasining shakllanishida turtki boʻladi.

— Oʻzbek kinosida qaysi rejissyorning mahoratiga tan berasiz?
— Ayub Shahobiddinovning uslubi hamda potensialiga tan beraman. “Parizod” kartinasida ishlaganimda bu ijodkorning oʻz dunyosi, qarashlari borligi sezilgan.

Bahrom Yoqubovni ham kuchli rejissyor deb bilaman, undagi ijod qobilyati nihoyatda keng. Bahrom aka aktyor bilan ishlashda uni qaytadan yaratadi, rol ichiga olib kirib, hayot beradi. Bu rejissyor bilan “Romeo va Julyetta” loyihasidan keyin “Fotima”, “Men yulduzman”, “O, Maryam, Maryam” kartinalarida birga ishladim. Tan olib aytamanki, mazkur ijrolar ijodiy repertuarimdagi eng yaxshi rollar boʻlib qoldi.

— “O, Maryam, Maryam” kartinasi mavzu jihatdan anchagina murakkab. Agarda bosh rolni sizga berishganda qanday talqin qilgan boʻlardingiz?
— Har qanday holatda ham rejissyorning talabidan, chegarasidan chiqib ketolmaysiz, u, baribir, oʻzi koʻzlagan marra sari aktyorni boshlaydi. Toʻgʻri, agar bosh qahramon talqini menga berilganda boshqacha ijro chiqardi, biroq kino asarning tayyor boʻlishida rejissyorning mahorati katta rol oʻynaydi. Suratga olish maydonida uning qarichlari bilan natijaning sarhisobi oʻlchanadi.

— Zarina Nizomiddinova oʻzbek kinosida mahoratli, oʻziga yarasha tajribali aktrisa sifatida tilga olinadi. Vaholanki, sanʼat yoʻnalishida endi tahsil olmoqdasiz, sizning darajangizda balki, bu kerak emasmidi?
— Menga maslahat berishdi va oʻqishga kirdim. Hozirda Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutida ikkinchi mutaxassislik boʻyicha aktyorlik yoʻnalishida tahsil olmoqdaman. Oliy taʼlimda oʻqib, koʻp bilim toʻpladim. Ustozlarim Zamira opa, Ramziddin Qodirov, Arsen Ismoilovlar doim meni qoʻllab-quvvatlashadi.

— Shaxsiy hayotingiz, oilangiz haqida suhbatlashsak…
— Men katta hayotga juda erta kirib kelganman. Turmush qurganimda oʻsmirlik yoshida edim. Hozirgi ayrim kelin boʻlayotgan qizlarni koʻrsam, “Buncha erta, hali yoshgina boʻlib, kelin boʻlishyapti?” degan oʻy oʻtadi, ammo oʻylab qarasam, men ham ayni oʻsmirligimda kelin boʻlganman. Katta hayotga erta qadam bosganimdan sira afsuslanmayman, bugun oʻn yoshli oʻgʻlim bor. Xudoga behisob shukrlar aytib yashayman.

Temurxon hayotim mazmuni, unga mehribon ona boʻlishga intilaman. Hozirda koʻp vaqtimni farzandimga sarflayapman.

— Oʻgʻlingiz kelajakda qaysi soha egasi boʻlishini istardingiz? “Har bir onaning tilagi ijobat boʻladi”, deyishadi.
— Men Temurxonning futbolchi boʻlishini istayman. Hozirdan u muntazam futbol mashgʻulotlariga qatnashadi. Harakatchan, tinib-tinchimas bola (kuladi). Toʻgʻri aytdingiz, onaning istagi, chin koʻngildan qilgan duosi, albatta, ijobat boʻladi. Men farzandim bilan doim faxrlanib yuraman.

— Ayni kunlarda qanday loyihalarda ishlamoqdasiz?
— Kinoga takliflar koʻp, hozirda ikkita ssenariy yoqqanday boʻlib turibdi. Ammo bu sir boʻlgani maʼqul. Yana bir yangilik, oldinda katta ish boshladim. Opam Mohinur Nizomiddinova koʻmagida shaxsiy prodyuserligimda “Zumrad” nomli yangi film yaratmoqchimiz. Rejissyor Sanjar Matkarimov, ssenariyni opam yozgan. Bu loyiha muxlislarim uchun katta syurpriz boʻladi.

— Nima uchun aynan bu rejissyorni tanladingiz?
— Sanjarning yoʻnalishi va uslubi menga yoqadi. U yosh boʻlishiga qaramay talabchan va sergʻayrat ijodkor, doim oʻz ishiga masʼuliyat bilan yondashadi. Nasib qilsa, hamkorligimiz ijobiy natijalar beradi, degan umiddaman.

— Partnyor siz uchun qay darajada muhim? Qaysi partnyorlaringiz bilan yana ishlashni istardingiz?
— Men hamma partnyorlarimni hurmat qilaman. Rolning muvaffaqiyatli chiqishida oʻzaro hamjihatlik, har jihatdan oʻzaro moslik juda muhim oʻrin tutadi. Professionallik murakkab ijrolarda shakllanadi. Yangi loyihamda esa partnyorim debyutant aktyor.

Bilasizmi, kinoga yangi chehralarni olib kirish kerak. Tomoshabin ham bir xil yuzdan zerikishi mumkin. Shu sabab yosh debyutant aktyor bilan ishni boshlamoqchimiz. Tez orada uning kimligi maʼlum boʻladi.

— Xorij filmlarini ham tomosha qilasizmi?
— Albatta, Gollivud filmlarining ashaddiy muxlisiman. Yaqinda “Moʻʼjiza” nomli yangi dramani koʻrib, katta zavq oldim. Tan olish kerak, xorij kino sanʼati ancha rivojlangan. Ulardan bizning mutaxassislar oʻrganadigan jihatlar juda koʻp.

— Samimiy suhbatingiz uchun tashakkur!
Dostonbek RAHMATULLAYEV suhbatlashdi.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Zarina Nizomiddinova bilan intervyu: Muxlislarim uchun “katta syuprizim” bor!