00:15 / 23.09.2018
5 291

Javohir Zokirov oʻzbek kinosidagi yirik muammolar haqida gapirdi

Javohir Zokirov oʻzbek kinosidagi yirik muammolar haqida gapirdi
Sanʼatkorlar oilasida tarbiya topgan, Zokirovlarning yana bir taniqli vakili Javohir Zokirov oʻzbek kinosi hamda uning atrofidagi muammolarga munosabat bildirdi.

46 yoshli aktyorga koʻra, oʻzbek aktyoriga toʻlanadigan haq kam, u gonorar, shu oʻrinda eshakning narxini ham taqqoslab keltiradi. “Oʻzbek aktyorining oʻrtacha narxi 160 000, eshakniki esa 180 000 soʻm”, deydi u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga joylangan lavhada. Biz Zokirov bilan suhbat qilib, bu borada uning fikrini batafsil bilishga harakat qildik.

- Ijtimoiy tarmoqdagi sahifangiz orqali oʻzbek aktyorlarining gonorariga munosabat bildirdingiz. Unda filmni suratga olish jarayonidagi holatni misol sifatida keltirgansiz. Jarayon haqida batafsil maʼlumot bersangiz.
- Film nomi “Parvoz” boʻlib, rejissyori – Ilhom Ibragimov. Suratga olish jarayoni togʻda boʻlib oʻtdi. Syomkada ikkita epizod olindi.

- Maʼlumotlarga koʻra, sizga kinokartinadagi rolingiz uchun 160 ming soʻm toʻlangan. Shu rostmi? Umuman olganda, aktyorning mehnati qanchaga baholanadi?
- Aktyor mehnati uning ish staji bilan baholanishi kerak. Masalan, mening ish faoliyatim salkam 39 yilni tashkil etadi. Shunga qarab gonorar belgilanishi tarafdoriman. Qancha filmlarda suratga tushganligi, ularning qaysilari muvaffaqiyatli chiqqanini ham hisobga olish lozim. 35-40 yillik tajribaga ega sanʼatkorni qanday baholash kerak? Kinokartinani suratga olayotganda dekoratsiya, uskunalarga ancha mablagʻ sarflanadi. Lekin ogʻriqli tarafi shundaki, asosiy muvaffaqiyatni taʼminlab beruvchi aktyorlarga unchalik yuqori haq toʻlanmaydi.

- Aktyorlarning gonorari nima sababdan past baholanyapti, deb oʻylaysiz?
- Bu savolga aniq javob berish qiyin. Narxni belgilash tizimi qayta koʻrib chiqilishi kerak. Biz haligacha oʻsha eski baholash tizimidan voz kecholmayapmiz.

- Gonorar miqdorini kim belgilaydi?
- Film prodyusseri ijodkorlarga qancha maosh berishni hal qiladi. Hozir har bir aktyorning oʻz “narx”i paydo boʻlgan.

- Yuqoridagi holatlar yana davom etaverishi qanday oqibatlarga olib keladi?
- Albatta, salbiy holatlarni keltirib chiqaradi. Isteʼdodli operator, rejissyor va aktyorlar gonorarning kamligidan xorijga chiqib ketishyapti. Shu sabab ham oʻzbek kinosi rivojlanmayapti.

- Oʻzbek kinosidagi uchta eng katta muammo va uchta eng katta yutuq qaysilar?
- Eng ogʻriqli ikkita yirik holatdan boshlayman. Birinchidan, bizda ssenariylar juda sayoz yoziladi. Ikkinchidan, filmga aktyorlarni saralayotganda qatʼiy talablarni qoʻyish lozim. Kino sinovni tashkil etishda aniq meʼyoriy mezonlarni ishlab chiqish kerakdir, balki. Yutuqlarga toʻxtaladigan boʻlsak, nodavlat kinostudiyalar faoliyati yoʻlga qoʻyilganligini aytish mumkin. Ular aktyorlarga, nisbatan, yuqori gonorar toʻlashadi. Yana bir qiziq holat: davlat byudjeti hisobidan suratga olinadigan kartinalarga juda katta mablagʻ ajratiladi, lekin uning juda oz qismigina aktyorlarga beriladi. Umid qilamizki, bu kabi chigal vaziyatlarga aniq yechim topiladi.

- Ijodingizda qaysi rolingiz sizni oʻz ustingizda ishlashga majbur qilgan?
- Repertuarimdagi barcha rollarimga jiddiy yondashishga harakat qilganman. Katta-yu kichik rollarning barchasiga birday ter toʻkish kerak. Bunda tarixiy qahramonni gavdalantirish anchayin yuqori tajriba va mehnatni talab etadi, deb oʻylayman. Aktyor jismoniy jihatdan alohida tayyorgarlik (otda yurish, qilichbozlik va boshqa) koʻrishi shart.

- Kinoda faqat ijobiy qahramonni gavdalantiradigan aktyorlarga munosabatingiz.
- Kimdir salbiy, kimdir ijobiy rolni oʻynaydi. Aslida, bu har bir ijodkorning erkin tanlovi. Oʻzbek kinosida bu aktyor yaxshi, bunisi yomon qiyofani aks ettira oladi, degan tushuncha bor. Ijodkor oʻzini turli obrazlarda sinab koʻrishi muvaffaqiyatni taʼminlab beradi.

- Ijodiy yangiliklar.
- Ayni vaqtda “Oʻzbekkino” milliy agentligi buyurtmasiga binoan suratga olinayotgan “Arafa” filmiga rejissyorlik qilyapman. Voqealar aynan arafa kuni sodir boʻladi. Kinokartina asosiy qismi (85 foizi) AQSHda suratga olindi. Tez kunlarda ushbu ijod namunamizdan bahramand boʻlasiz.
Muhabbat Maʼmirova suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Javohir Zokirov oʻzbek kinosidagi yirik muammolar haqida gapirdi