15:10 / 29.10.2018
3 797

AQShlik tadqiqotchi Kristofer Fortni o‘zbek tilini o‘rganishga nima majbur qildi?

AQShlik tadqiqotchi Kristofer Fortni o‘zbek tilini o‘rganishga nima majbur qildi?
Foto: "Xalq so‘zi"

Chet elliklarning ona tilimizga tez-tez murojaat qilayotgani o‘zbek tilining dunyodagi mavqei yuksalib borayotganidan dalolatdir. AQShlik adabiyot muxlisi, mustaqil tadqiqotchi Kristofer Fort ona tilimizni puxta o‘rganib, Cho‘lponning “Kecha va kunduz” romanini ingliz tiliga tarjima qilgani ham bunga yorqin bir misol bo‘la oladi. U bilan internet orqali suhbat uyushtirdik deb yozadi "Xalq so‘zi" nashri.

— Janob Fort, sizning o‘zbek tiliga qiziqishingiz va mehringiz bizni doim xursand qiladi. Turkiy tillar orasidan aynan o‘zbek tilini o‘rganishingizga nima sabab bo‘lgan?
— O‘zbek tilini o‘rganishni universitetda ilmiy rahbarim tavsiya qilgan edi. Izlanishlarim jarayonida ushbu tilning imkoniyatlari naqadar kengligini, ildizlari baquvvat va mustahkamligini, bugun ham Markaziy Osiyoning katta hududida iste’molda ekanini bildim. Alisher Navoiy, Bobur, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon singari buyuk so‘z san’atkorlari, ulug‘ adiblar ijod qilgan tilga mehrim tushdi. Qiyinchiliklarga qaramay, o‘rganishdan to‘xtamadim. Mana, bugun o‘zbek tilida erkin so‘zlashaman va yoza olaman.

— Cho‘lponning “Kecha va kunduz” romanini ingliz tiliga tarjima qilganingiz nafaqat o‘zbek, balki jahon adabiyoti uchun ham alohida ahamiyatli. Ushbu asarni tanlashingizga nima turtki berdi?
— Cho‘lponning o‘ziga xos estetik qarashlari, falsafasi meni jalb qildi. 1920 va 1930 yillarda asar yozgan boshqa o‘zbek yozuvchilaridan farqli o‘laroq Cho‘lponning nasriy tili juda shirali. Har holda men shunday o‘ylayman. Menimcha, Cho‘lpon jadid adabiyotining mohiyatini yangi bir bosqichga ko‘tardi. Jadidlar millatni tanazzuldan chiqarishni xohlaganlar. Rivojlanishning o‘ziga xos yo‘llarini badiiy bo‘yoqlarda ko‘rsatib bergan. Shu bois jadid adabiyotining qadri va ahamiyati hech qachon yo‘qolmaydi.

— O‘zbekistonda adabiyotga e’tibor haqida nima deya olasiz?
— Avgust oyida Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etdim va unda Cho‘lponning “Kecha va kunduz”i haqida nutq so‘zladim. Konferensiya mobaynida Yozuvchilar uyushmasining yangi binosi, undagi zamonaviy sharoit, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida yaratilgan imkoniyatlar, umuman, respublikadagi adabiy muhit menga juda yoqdi.

Til va adabiyot rivojiga berilayotgan e’tibor havasimni keltirdi. Amerikada ham albatta adabiyotga e’tibor berishadi, biroq bizlarda uslub sal boshqacha. Sizlarda Navoiy, Qodiriy, Cho‘lpon desa ko‘pchilik taniydi. Ta’lim muassasalarida ham ular hammaga birday o‘qitiladi. Bizlarda har xil maktablarda o‘qigan bolalar gaplashib qolsalar, bir-birlaridan kimlarni o‘rganayotganliklarini so‘rashadi. Aslida, millat namoyondalari barchaga birdek tanishtirilishi kerak. Yurtingizda ajdodlar va ularning ijodiy merosiga hurmat boshqacha. Bu esa taraqqiyotga muhim poydevordir.
Yulduz O‘RMONOVA suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » AQShlik tadqiqotchi Kristofer Fortni o‘zbek tilini o‘rganishga nima majbur qildi?