18:25 / 14.11.2018
17 741

Bahora Arslonova: «Ilk uchrashuvda yoqmagandim» (foto)

Bahora Arslonova: «Ilk uchrashuvda yoqmagandim» (foto)
Yosh va iqtidorli aktrisa Bahora Arslonova turmushga chiqdi! Biz yosh kelinchak bilan uchrashib, o‘zimizni qiziqtirgan barcha savolga javob oldik.

— Dastlab, muhabbat tarixi haqida so‘rasam...
— Bu uzun hikoya. Qaynopam, ya’ni turmush o‘rtog‘imning opasi bilan kursdoshmiz. To‘rt yil birga o‘qidik. Institutni tamomlaganimizda Samarqandga, dugonamning to‘yiga bordik. Turmush o‘rtog‘im bilan o‘sha yerda tanishganmiz.

— Turmush qurish taklifini eshitganingizda xayolingizdan nimalar o‘tdi?
— Yoshimiz nechada bo‘lishidan qat’i nazar, kuchli hayajon, oilani eplay olamanmi, degan xavotir bo‘lar ekan. Meni ana shunday o‘ylar band qildi. Qolaversa, san’atkor ekanimni ham o‘yladim. Bilasiz, aktyor-aktrisa o‘ziga to‘g‘ri bo‘lsa ham u haqda gap qiladiganlar topiladi. Bordi-yu, shu kabi vaziyat yuzaga kelsa, qiynalib qolmaymanmi, deya uzoq fikr qildim. Shuning uchun bir qarorga kelishim anchagina vaqt oldi.

— Kuyovbolaning kimligi ko‘pchilikka qiziq.
— Kelin bo‘lib tushgan xonadonimda san’at vakillari ko‘p. Shunday bo‘lsa-da, turmush o‘rtog‘im boshqa sohada faoliyat yuritadi. Maktab, kollej, institutni ham Sankt-Peterburgda tamomlagan. Sportda katta yutuqlarga erishgan, hozir turizm sohasida faoliyat yurityapti.

— Ko‘z tegmasin, juda chiroyli kelin bo‘ldingiz. Ko‘ylak, makiyaj, soch turmagi – bu borada nimalarga ahamiyat qaratdingiz?
— Bu borada omadim keldi. Telekanallarning birida kelin liboslari haqidagi ko‘rsatuvda suratga tushib, taxminiy obrazimni aniqlab oldim. U o‘zimga ham, turmush o‘rtog‘imga ham ma’qul keldi.

— Sho‘x–shaddod Bahora kelinlik vazifalarini qanday uddalayapti?
— Tan olishim kerak, ro‘zg‘orda ko‘p narsalarni bilmas ekanman. Shukrki, yangi oila a’zolarim meni qo‘llab-quvvatlashyapti. Bilmaganimni o‘rgatayotgan qaynona – onajonimga va yonimda menga ko‘maklashayotgan turmush o‘rtog‘imga rahmat deyman.

— To‘yga tayyorgarlik qanday bo‘ldi?
— Avvaliga to‘y bazmini qayerda o‘tkazsak ekan, deya uzoq o‘ylandik. To‘rt shahardan biri: Toshkent, Samarqand, Qashqadaryo yoki Piterni tanlashimiz kerak edi. Sababi, har bir shaharda qarindoshlar, tanishlar ko‘p. O‘ylab-o‘ylab, axiyri, Samarqandda to‘xtadik.

— Aktrisa ekaningizni oila a’zolaringiz qanday qabul qilishdi?
— Qaysi kasbda faoliyat yuritishimni yaxshi bilishgani uchun hech qanday e’tirozlar bo‘lmadi. Bundan tashqari aytganimdek, turmush o‘rtog‘imning opasi bilan yaqin dugonamiz. Umuman olganda, kishi qaysi sohada ishlamasin, o‘ziga to‘g‘ri bo‘lsa, shuning o‘zi kifoya. Oila a’zolarimning fikri shunday. O‘zim ham bildirilgan ishochni yo‘qotmaslikka harakat qilaman.

— Bundan chiqdi, ishlashingizga qarshilik yo‘q?
— Ha! Faqat endi ssenariylarni turmush o‘rtog‘im bilan birga tanlaymiz.

— Hozir Samarqandda ekansiz...
— To‘g‘ri, hozircha shu yerdamiz. Yelib-yugurib kelinlik xizmatini qilyapman. Keyinchalik Toshkentga, turmush o‘rtog‘im o‘qishni davom ettirsa, Piterga ketishimiz ham mumkin. Lekin qayerda bo‘lmayin, ijodim to‘xtamaydi.

— Mazmunli suhbat uchun rahmat! Yana bir bor oilaviy baxt tilab qolamiz!
— Sizga ham rahmat!
Aliya suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Bahora Arslonova: «Ilk uchrashuvda yoqmagandim» (foto)