10:57 / 26.12.2018
4 933

O‘zbekiston xalq artisti Mahmud Namozov bilan suhbat

O‘zbekiston xalq artisti Mahmud Namozov bilan suhbat
Qalblarga orom bag‘ishlovchi qo‘shiqlarning o‘z jozibasi va ilohiy sehri bor. Shuning uchunmi barchaga birdek manzur bo‘ladigan qo‘shiqlar yaratish hamma san’atkorga ham nasib etavermaydi. Ammo bugungi suhbatdoshimiz ana shu ishni uddalagan va yoshu qarining birdek sevimli san’atkorlaridan biriga aylangan O‘zbekiston xalq artisti Mahmud Namozovdir.

— Mahmud aka, «Ko‘za» qo‘shig‘ingizdan keyin deyarli xit qo‘shiqlar yaratmadingiz. Buning sababi nimada?
— Albatta, qaysi qo‘shig‘i xit bo‘lishi bu san’atkorning o‘ziga bog‘liq emas. Ba’zan o‘zimiz kutmagan qo‘shiqlarimiz odamlar orasida ommalashib, xit bo‘lib ketishi, kutganlarimiz esa unchalik e’tiborni tortmasligi mumkin. Lekin nima bo‘lganda ham ijodkor to‘xtamasdan ijod qilaveradi.

«Ko‘za» qo‘shig‘ini 2012 yilda aytgan bo‘lsam, undan keyin ham o‘nlab qo‘shiqlar yaratdim, 2-3 ta albom chiqardim. Bularning ichida ham muxlislarimiz e’tiborini qozongan qo‘shiqlarimiz ko‘p, nazarimda.

— Ijodingizdan qoniqish his etasizmi?
— Bu jarayon ko‘pchilikda bo‘lar, balki. Ammo menda hech qachon ijoddan qoniqish hissi bo‘lmagan. «Endi nimalarnidir uddaladim, mana, endi hammasi yaxshi bo‘ldi», deganimda yana yangi bir g‘oya va dard paydo bo‘ladi. Keyin yana hech narsa bo‘lmagandek hammasini noldan boshlashga to‘g‘ri keladi. Nimadir aytish va nimadir yaratish ishqi bilan yonasiz. Bilasizmi, yangi bir qo‘shiq yaratish ijodkor uchun yangi bir imorat qurish bilan teng. Avvalo, hamma narsa ijodkorning ko‘ngil kechinmalari bilan bog‘liq. Qo‘shiqchining ko‘ngil kechinmalari uning yaratayotgan qo‘shiqlari, dard to‘la ovozidir. Qisqa qilib aytganda, menda hech qachon ijoddan qoniqish hissi bo‘lmaydi.

— Mahzun qo‘shiqlaringiz ham tezda xit bo‘ladi. O‘zingizga qaysi yo‘nalishda kuylash ko‘proq yoqadi, sho‘xmi yoki mahzun?
— Mahzun qo‘shiqlar — insonning ichidagi dardi, uni aytmaslikning iloji yo‘q. Balki, shuning uchun bo‘lsa kerak, mahzun qo‘shiqlarni ham ko‘p aytaman va agar aytmasam, ichimda dard qolib ketayotgandek bo‘laveradi. Ular mening qarashlarim, dardlarim va tuyg‘ularimdir. Mahzun qo‘shiqlarimiz ham muxlislarimizga yoqayotgan bo‘lsa, albatta, men bundan juda xursandman va ularni kuylashda davom etaman.

— Qo‘shiqchilikdagi surxoncha yo‘nalishni aynan siz boshlab berdingiz, desak, mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Hozir shu yo‘nalishda ijod qilayotganlardan ko‘nglingiz to‘lyaptimi?
— Bu yo‘nalishda qo‘shiq kuylayotgan san’atkorlarning ijodlari judayam sust, deb o‘ylayman. Buning uchun hammamiz juda katta kuch bilan harakat qilishimiz kerak. Sababi, surxoncha kuylaganda dasht qo‘shiqchiligi odamlar o‘ylaganidan ham ko‘ra go‘zalroq va sehrli. Uning katta bir imkoniyati, go‘zalligi va jozibasi bor. Xohlardimki, mana shu san’atni yana ko‘pchilik bo‘lib butun ommaga targ‘ib qilishimiz kerak. Uning o‘ynoqiligi, jarangdorligi, falsafasi va jozibasini xalqqa yetkazib berishimiz va bu borada hali ko‘p ishlar qilishimiz kerak.

— Qo‘shiqchilikdagi surxon maktabiga ustozlik qilish haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz?..
— Albatta, ertaga pensiya yoshiga yetsam yoki safarlardan bir kuni to‘xtasam, surxoncha usulning estrada yo‘nalishidagi maktabini tashkil etish yoki uning ba’zi bir yo‘nalishlarini targ‘ib qiluvchi markazlar ochish niyatim yo‘q emas. Lekin hozir bu ish bilan shug‘ullanishga vaqtim yetmaydi. Shogird tayyorlab, ular bilan dars o‘tishga ham vaqt topolmasam kerak. Shuning uchun shogirdlarimning o‘zlari meni qidirib kelishsa, ulardan hech qachon yordamimni ayamayman va ertami, kechmi, surxon maktabini ochishni, albatta, uddalayman, deb o‘ylayman.

— Ijoddagi sobitlik. Bunga doimo amal qilish uchun nima qilish kerak, deb o‘ylaysiz?
— Buni kasbga va ijodga bo‘lgan katta mas’uliyat va hurmat, deb tushunaman. Qolaversa, tinimsiz mehnat ham degani. Inson qachonki mehnat qilishdan to‘xtasa yoki «Endi bo‘ldi», deb o‘ylasa, o‘ziyam o‘sha paytda yashashdan to‘xtagan bo‘ladi, deb o‘ylayman. Shuning uchun san’atkorning sobitqadam bo‘lishi o‘z muxlisini, kasbini va qilayotgan ishini yaxshi ko‘rishi bilan bog‘liq.

— Mahmud Namozovning to‘ybop qo‘shiqlari juda ko‘p deyishadi. To‘ylaringiz shuncha ko‘pmi?
— Bilmadim. Qaysi to‘yga borsam, avvalo, meni yaxshi bilgan va tanigan muxlislarim chaqirgan bo‘ladi. Qo‘shiqlarim boshlangandan o‘ynab ketadigan va shu qo‘shiqlar ruhiyati bilan yashaydigan odamlar meni ko‘proq to‘yiga chaqirsa kerak-da. Shuning uchun qaysi joyga bormay, odamlar maza qilib o‘ynaydi, o‘zim ham maza qilib qo‘shiq aytaman. Shu o‘rinda aytishim kerakki, to‘ybop qo‘shiqlar, degani ham unchalik to‘g‘ri gap emas. Chunki men hech qachon «Mana shu qo‘shiqni to‘y uchun aytaman», deya niyat qilmayman.

— Sizni to‘yga taklif etish uchun ancha oldin buyurtma berish kerakligi haqida eshitganmiz. Shu gap rostmi?
— Ha, rost. Juda ko‘p muxlislar, jumladan, jurnalistlar ham qo‘shiqchilar faqat Toshkentda yashaydi va asosan, shu yerdagi to‘ylarga boradi, deb o‘ylashadi. Bu noto‘g‘ri fikr. Chunki men ijodga kirib kelib, to tanilganimdan buyon boradigan joylarim o‘zimning ta’birim bilan aytganda, otchoparning nariyog‘idagi to‘ylar. Qurbon Hayitining birinchi kuniga ham uyimga yetib borolmadim. Sababi, Jizzaxga borishga va’da berib qo‘ygandim. Keyin Surxondaryoda bo‘ldik. Shuning uchun meni to‘ylariga chaqiradigan muxlislarim rejamga qarab ish tutishsa, yomon bo‘lmasdi. Chunki men ham hammaning ko‘nglini birdek ololmayman.

— Aytilgan joyga borolmay qolgan paytlaringiz ham bo‘lganmi?
— Albatta, hammamiz ham tirik jonmiz. Umid qilib oldingizga kelgan odamlarga va’da beraverasiz. Ammo shunday paytlar bo‘ladiki, juda qattiq kasal bo‘lib, borolmay qolishingiz ham mumkin. 2011 yili to‘satdan otam olamdan o‘tib qolganida ana shunday holatga tushgandim. Davlat tadbirlari ham bo‘lib qolishi yoki tushunmovchilik sabab, noto‘g‘ri sanani yozib qo‘ygan bo‘lishimiz mumkin. Albatta, buni ikki tomon ham to‘g‘ri tushunishi kerak. Shuning uchun to‘y bo‘ladimi yoki boshqa bir tadbirmi, bir oy oldin va’da bergan bo‘lsak-da, o‘sha sanaga besh-olti kun qolganda hech bo‘lmaganda 2-3 marta hol-ahvol so‘rab qo‘ysangiz, yomon bo‘lmaydi, deya tayinlab qo‘yaman.

— Avvalgi suhbatlaringizda har ikki yilda konsert berishga amal qilaman, degandingiz. Ammo keyingi paytlarda bunga amal qilmayotgandeksiz..
— To‘g‘ri, har xil sabablar tufayli tez-tez konsert berolmay qoldik. Lekin hozir konsertga juda qattiq tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Agar ulgursak, shu yil, ulgrolmasak, kelasi yilning boshida, albatta, konsert berish rejamizda bor.

— Farzandlaringizda mehnatga ko‘nikmani shakllantira oldim, deb o‘ylaysizmi?
— Mehnatga ko‘nikma shunaqa narsaki, har bir inson o‘zi qilayotgan ishini yaxshi ko‘rishi, ardoqlashi va hurmat qilishi kerak. Shunda maza qilib ishlaydi va bu mehnat uning uchun foydali ham bo‘ladi. Kasbning yaxshi va yomoni yo‘q. Farzandlarim qilayotgan ishiga mas’uliyatli bo‘lish uchun harakat qilishadi. Menimcha, eng muhimi ham shu bo‘lsa kerak. O‘zim ularga yorqin misol. Kechayu kunduz tinimsiz ishlayman. Shuning uchun bolalarim ham mendan o‘rnak oladi va o‘z ishini bilib qiladi, deb o‘ylayman.

— Hozir qanday yangi qo‘shiqlar ustida ishlayapsiz?
— «Fotimajon» deb nomlangan yangi sho‘x tarona ustida ishlayapmiz. Bu qo‘shiqni har xil usulda kuylab ko‘rdim. Endi bu yog‘iga muxlislar baho berishadi.

— Armoningiz bormi?
— Menimcha, bu dunyoda bearmon insonning o‘zi bo‘lmasa kerak. Menda ham armonlar bor. Ammo buni aytib, ham o‘zimning, ham muxlislarning kayfiyatini tushirish niyatim yo‘q.

— Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur!
SITORA suhbatlashdi.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » O‘zbekiston xalq artisti Mahmud Namozov bilan suhbat