13:03 / 30.03.2019
4 923

Shahzoda: “Oʻgʻlimning biri repper, ikkinchisi esa politsiyachi boʻlishni xohlaydi”

Shahzoda: “Oʻgʻlimning biri repper, ikkinchisi esa politsiyachi boʻlishni xohlaydi”
Kreml Davlat saroyida ommabop musiqa sohasida Bravo xalqaro professional musiqiy mukofotni topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Oʻzbek xonandasi Shahzoda ushbu festival mehmoni boʻldi.

Tadbirdan oldin Sputnik muxbiri Shahzoda bilan musiqa, kinodagi rollari, oʻzbek shou-biznesining oʻziga xos xususiyatlari hamda farzandlarining orzulari haqida suhbatlashdi.

- Nima uchun Oʻzbekistonda kamdan-kam konsert berasiz? Koʻplab muxlislaringiz bir necha yillar davomida konsertlaringizni kutishadi.
- Haqiqatda men koʻplab marotaba chiqish qilaman, xususan har yili “Xalqlar doʻstligi” saroyida yetti kunlik konsert beraman. Faqat oʻtgan yili tanaffus oldim, ammo tinim bilganim yoʻq. Poytaxtda yetti kunlik konsert oʻrniga viloyatlarda chiqish qildim, respublikamizning 12 ta viloyatida boʻldim.

- Qaysi shahar mehmondoʻstligi bilan koʻnglingizni zabt etdi?
- Albatta mening ona shahrim - Fargʻona. Yurtdoshlarim meni hamisha iliq kutib olishadi. Andijonda juda yaxshi qarshi olishdi. Juda xush yoqdi. Lekin men hamisha Toshkentga qaytishni yaxshi koʻraman.

- Humo Arenada ham konsert berishga chaqirishdimi?
- Ha! Men Humo ochilish marosimida boʻldim. Juda hashamatli, oʻta goʻzal bino.

- Katta rasmiy konsertlarda kamdan-kam ishtirok etasiz. Nega?
- Toshkentda boʻlganimda - bajonidil ishtirok etaman. Lekin afsuski, ish rejam haddan tigʻiz, men doimo safarlarda boʻlaman. Mana hozir ham Toshkentda Navroʻz ayyomi. “Shahzoda nega yoʻq?”, - degan savol tugʻilishi mumkin. Nega deganda Shahzoda Bravo mukofoti taqdimotida! Baʼzan shunday boʻlib turadi.

- Litsenziyaga boʻlgan talablari va aniq qoidalari bilan “Oʻzbekkonsert” faoliyati ijod erkinligiga qanchalik mos keladi?
- “Oʻzbekkonsert” bilan munosabatim juda iliq va yaxshi. Oʻylaymanki, bizda artist istagan narsasini ijodiy yondashgan holda amalga oshira oladi. Cheklovlarga kelsak... kanallarda allaqanday senzura bor. Lekin inson istasa oʻz videosini bemalol YouTubega joylashi mumkin. Bu yerda oʻz mentaliteti, tarbiyaviy xususiyatiga ega sharqona mamlakatligimizni tushunish lozim. Ehtimol bir necha yil oldin bu holat menda qattiq eʼtiroz tugʻdirardi ham. Lekin mening ham farzandlarim ulgʻayayotgani bois, men buni baribir toʻgʻri deb bilaman.

- Farzandlaringizning artist boʻlish istagi bormi?
- Toʻngʻich oʻgʻlim Solih Plexanov nomidagi iqtisodiyot universitetini tamomlamoqda. Biroq negadir oʻz kasbi boʻyicha ishlashni xohlamayapti, rep oʻqishni istamoqda. Oʻzi matn yozadi. Biroq men uni bunda qoʻllab-quvvatlashga uncha tayyor emasman. Menga doim - artist - erkakka xos kasb emasdek tuyulgan. Men Solihga doim: “Bu sening xobbing boʻlib qolsin”, deyman.

- Ikkinchi oʻgʻlingiz, Xolid ham xonanda boʻlmoqchimi?
- Umid qilamanki, istamaydi. U Britaniya maktabida tahsil oladi, ingliz tilida burro gapiradi. Xolid ona tilini esdan chiqarmasligi uchun faqat oʻzbek tilida gapiradigan va rus tilini bilmaydigan enagani ishga olganman. Oʻgʻlim besh yoshida uch tilni mukammal biladi. Keyinchalik katta sinflarda yana bir til qoʻshiladi.

- Xullas, Xolid kim boʻlishni xohlaydi?
- Kuni kecha undan bu haqda soʻradik va javobi hayron qoldirdi. U politsiyachi boʻlishni xohlashini aytdi. Negaligini bilmayman. Baʼzan u uygʻonib “Bugun meni qirol deb chaqiringlar!”, deydi. Undan har kuni turli gʻoyalar chiqadi.

- Oʻzbek shou-biznesi Rossiya shou-biznesidan nimasi bilan farq qiladi?
- Oldinlari matn va maʼnoga katta eʼtibor qaratilar edi. Va bunday qoʻshiqlar umrboqiy boʻlib qoldi. Ularda maʼno va jon boʻlgan. Yangi qoʻshiqlar orasida ham menga yoqadigani bor. Lekin bu qoʻshiqlar uzoq yashashiga ishonchim komil emas. Menimcha, Oʻzbekistonda qoʻshiq koʻproq qalbdan kuylanadi.

- Ota-onalar ham bu qoʻshiqni aytishga uyalmaydi.
- Ha, men hech kimni tanqid qilmayman. Ayniqsa, oʻgʻlim yaqinda rep aytadi. Buning oxiri nima boʻlishini bilmayman.

- Ehtimol, uning repertuaridan biror narsa tinglagandirsiz?
- Ha. Lekin men yomon narsa eshitganim yoʻq. Oʻylamanki, hammasi toʻgʻri yoʻnalishda ketadi. Bunga dildan umid qilaman.

- Shu yoʻlga endi qadam qoʻyayotgan yosh qoʻshiqchiga qanday maslahat bergan boʻlardingiz?
- Men artist boʻlish - katta mehnat talab etadi, degan boʻlardim. Televizorda goʻzal kartina koʻrsatilganda, uning ortida ulkan mehnat yotgani koʻrinmaydi. Birinchi navbatda inson oʻzi ustida mehnat qilishi lozim. Shou-biznes - bu hayot uchun kurash. Men qariyb 20 yil sahnadaman, tajribam bilan oʻrtoqlashishim, biron maslahat berishim mumkin. Lekin men hamisha insonni xafa qilib qoʻyishdan qoʻrqaman. Yoshlarda oʻziga boʻlgan ishonch juda yuqori. Deylik, yosh artist oʻzini juda zoʻr qoʻshiqchi hisoblaydi. Va kutilmaganda unga: sen hali gʻoʻrsan, deya haqiqatni aytishadi. Kimdir bu vaziyatda sinadi, kimdir esa yanada kuchliroq boʻladi.

- Yoshlar koʻproq kitob oʻqishlari uchun nima maslahat bergan boʻlardingiz?
- Tarbiyani oiladan boshlash kerak. Otam – falsafa fanlari doktori, ularda katta kutubxona boʻlgan. Ular menga doim badiiy adabiyotni oʻqishni aytardilar. Biroq men koʻproq psixologiya bilan qiziqardim.

- Kitob oʻqish uchun koʻp vaqt qoladimi?
- Ha, albatta! Men boʻsh vaqtimda albatta, kitob oʻqiyman. Masalan, parvozlar paytida.

- Kinoda keyingi rolingizni qachon kutish kerak?
- Men kino syemkalarni juda sogʻindim. Shunday davrlar boʻlgan, men rol tanlamaganman. Hozir ham vaqt topishim mumkin, lekin ssenariy juda ajoyib boʻlsagina.

- Siz oʻynagan eng sevimli filmingiz qanday?
- Bu ehtimol “Fotima va Zuhra” filmidir. Kartina menga nafaqat Oʻzbekiston, balki Kavkazda koʻproq mashhur qilib yuborgan. Hatto tomoshabinlar konsertlarimga xonandaligim uchun emas, balki men ijro etgan qahramon Zuhrani tomosha qilish uchun kelishgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Shahzoda: “Oʻgʻlimning biri repper, ikkinchisi esa politsiyachi boʻlishni xohlaydi”