16:25 / 03.04.2019
4 328

Sherali Joʻrayevdan yengil-yelpi qoʻshiq aytadigan xonandalarimiz uchun chinakam namuna

Sherali Joʻrayevdan yengil-yelpi qoʻshiq aytadigan xonandalarimiz uchun chinakam namuna
Oʻzbekiston va Tojikiston xalq artisti Sherali Joʻrayev ”Xalq soʻzi” nashriga baxshichilik sanʼati borasida oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

“Baxshichilik — juda qadimiy sanʼat turi. Dostonlarimiz hali kitob paydo boʻlmagan paytlardan beri bor. Ularda uzoq tariximiz ham, madaniyatimiz ham mujassam. Shu sababli oʻtmishimizni, azaliy qadriyatlarimizni oʻrganishda xalq ogʻzaki ijodiga murojaat qilamiz. Folklor sanʼatimiz orqali ajdodlarimizning donishmandligi, urf-odatlari, orzu-intilishlaridan xabardor boʻlamiz, oʻzligimizni anglaymiz. Baxshichilikning asl qadr-qimmati ham shunda! Shu sababli azal-azaldan doston aytuvchilar xalq orasida katta hurmatu eʼtiborga sazovor boʻlgan.

Yoshi ulugʻ yurtdoshlarimiz yaxshi eslashadi. Avvallari toʻylar baxshilarning ishtirokisiz oʻtmagan. Ular davra oʻrtasida “Alpomish”, “Goʻroʻgʻli”, “Yunus pari”, “Avazxon”, “Kuntugʻmish” kabi dostonlarimizdan parchalar ijro etishgan. Odamlar tonggacha qimirlamay, doʻmbira sadosiga, baxshining xonishiga mahliyo boʻlgan. Dostondagi qiziqarli voqealar davomini intiqib kutgan.

Eshitishimcha, bulungʻurlik Amin baxshi “Alpomish” dostonini uch oy davomida tinglovchilarni zeriktirmay kuylagan ekan. Qarang, bir faslga teng muddat-a! Shuncha vaqt tinglovchilarni zeriktirmay, buning ustiga, oʻzi ham toliqmay kuylash, soz ijro etishning oʻzi boʻladimi?! Yana deng, hammasini yoddan aytish osonmi?! Mana, baxshilarimizning aql-zakosi qanchalik yuksak, quvvai hofizasi naqadar mustahkam!

Hozir muxlislarga yoqaman, deb, yengil-yelpi qoʻshigʻi bilan tinglovchini, tomoshabinni toʻrt-besh daqiqada zeriktirib qoʻyadigan xonandalarimiz uchun bu — chinakam namuna! Haqiqiy mahorat maktabi!

Baxshining yana bir ulugʻligi shundaki, u kuchli ijodkor. Bir dostonni kuylaganda har gal oʻzgarishlar kiritadi. Ana shular sharofati bilan yigitlarimiz Alpomishdek alp, mard, ­jasur, qizlarimiz ­Barchinoydek bir soʻzli, oriyatli, ­sadoqatli boʻlishga intilishadi. Bolalarimiz, ilm, maʼnaviyat, maʼrifatni oʻrganishadi.

Demak, hozirgi globallashuv davrida shunday durdona sanʼatimizni, noyob va goʻzal qadriyatimizni saqlab qolish, uni asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga yetkazish juda dolzarb vazifa! Shu maʼnoda, Prezidentimizning bu sanʼatga eʼtibori, xalqaro festival oʻtkazish tashabbusi ayni muddao boʻldi. Bu baxshichilik sanʼatini xalqaro miqyosda keng targʻib qilishga qaratilgan juda katta ezgu saʼy-harakatdir. Ishonamizki, nufuzli sanʼat bayrami hademay dunyoga ovoza boʻladi. Chunki unga turli davlatlardan koʻplab ishtirokchilar, mehmonlar keladi”, degan Sherali Joʻrayev.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Sherali Joʻrayevdan yengil-yelpi qoʻshiq aytadigan xonandalarimiz uchun chinakam namuna