06:00 / 03.06.2020
2 116

Mirzo Kenjabek: Soat qo‘ng‘irog‘i

Mirzo Kenjabek: Soat qo‘ng‘irog‘i
Jismingni uyg‘otar, qo‘lidan kelsa,
Jonda irfoningni uyg‘otsin soat.
Soatga ishonib, Haqni unutding,
Ruhiy qo‘rg‘oningni uyg‘otsin soat.

Necha asru zamon, bosmayin zillat,
Soatsiz uyg‘ondi hanif bir millat*,
Joningni g‘aflatga qilmay musallat**,
Asru zamoningni uyg‘otsin soat.

Har kun, har daqiqang – ehsoning erur,
Qaytmas to qiyomat – imkoning erur,
Qalbing – tan mulkida sultoning erur,
G‘ofil sultoningni uyg‘otsin soat.

Soat bu – vaqt erur, zamon bo‘lagi,
Qiyomat kunining nomi – daragi,
Uxlasa, uyg‘onar inson yuragi,
O‘lgan vijdoningni uyg‘otsin soat.

Ey do‘st! Umring o‘tdi, kuymadi joning,
Haqiqat zikriga gungdir zaboning,
G‘aflat bilan o‘tdi davru davroning,
Davru davroningni uyg‘otsin soat.

Qo‘ng‘iroq chalmasdan soat siyoqi***,
Umringni uyg‘otsin qalb qo‘g‘irog‘i,
Soatga aylanib hikmat bulog‘i,
Ruhsiz makoningni uyg‘otsin soat.

Ilohiy haqiqat ruhda to‘lg‘onar,
Inson uyqudadir, o‘lgach – uyg‘onar,
O‘lim bongin urmay ruhiy dolg‘alar,
Bu jonsiz joningni uyg‘otsin soat.

Yo‘q, soat kimsani uyg‘otmas zinhor,
Olamni, soatni Uyg‘otguvchi bor,
Haqning izni ila, faqat so‘nggi bor
Mudroq iymoningni uyg‘otsin soat!..

*”Hanif bir millat” – Allohni bir deb yashagan tavhid millati, ya’ni musulmonlar.
“Joningni g‘aflatga qilmay musallat” – “Joningni g‘aflatga mag‘lub va qaram qilmasdan”.
*Siyoq – hisob (sanoq) ilmining nomi (“G‘iyos ul-lug‘ot”).

Manba: Azon.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Mirzo Kenjabek: Soat qo‘ng‘irog‘i