22:46 / 12.06.2020
4 021

“Shaytanat” qahramonlari ovozlaridan zig‘ir osh reklamasida foydalangan tadbirkor javobgarlikka tortildi

“Shaytanat” qahramonlari ovozlaridan zig‘ir osh reklamasida foydalangan tadbirkor javobgarlikka tortildi
Videodan kadr
“Shaytanat” kinoasari muallifining shikoyatiga asosan xaridor va buyurtmachilarni jalb qilish uchun serial qaxramonlari ovozlarini montaj qilib, osh reklamasida foydalangan tadbirkor ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Bu haqda Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi xabar berdi.

Agentlikning qayd etishicha, qonunchiligimizda kinematografiya asarlariga nisbatan mualliflik huquqiga ega bo‘lgan shaxslarning huquqlari himoyalangan bo‘lib, ularni poymol qilish qonunga binoan javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘ladi. Jumladan, muallif o‘z asarini har qanday tarzda buzib ko‘rsatilishidan himoya qilish huquqiga egadir. Shuningdek, asarni omma oldida ijro etish yoki undan boshqacha tarzda foydalanishda asarning o‘ziga, nomiga va muallifning ismi-sharifi ko‘rsatilishiga biron-bir o‘zgartish kiritishga faqat muallifning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.

Ma’lum bo‘lishicha, B.M. ismli tadbirkor “Shaytanat” kinoasari qahramonlari ovozlarini montaj qilib, o‘z mahsulotini reklama qilish va xaridorlarni jalb qilishni ko‘zlagan. Shu maqsadda video-rolik tayyorlatib, Telegram’ga muallif roziligisiz joylashtirgan. Ko‘pchilikning ko‘nglidan joy olgan serial qahramoni ovozi asosida tayyorlangan reklama ta’sirida xaridorlar oqib kela boshlagan. Biroq uddaburon shaxs buning uchun asar muallifidan bir og‘iz bo‘lsa ham ruxsat so‘ramagan.

“Mazkur huquqbuzarlikdan xabar topgandan so‘ng asar muallifi mutlaq mualliflik huquqlari buzilganligi, uning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazilganligi hamda ushbu huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarni aniqlash va ularga nisbatan qonunchilikda belgilangan ta’sir-choralarni ko‘rishni so‘rab, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligiga murojaat etadi.

Agentlikning Intellektual mulk huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish bo‘limi tomonidan bayonnoma tuzilib, tegishli sud instansiyasi tomonidan huquqbuzar kinoasardan qonunga xilof ravishda foydalanganligi uchun O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 1771-moddasi bilan ma’muriy javobgarlikka tortildi”, deyiladi rasmiy xabarda.

Intellektual mulk agentligi holat bo‘yicha aynan kim shikoyat qilgani, xabar matnida keltirilgan asar muallifi kim ekaniga oydinlik kiritmagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » “Shaytanat” qahramonlari ovozlaridan zig‘ir osh reklamasida foydalangan tadbirkor javobgarlikka tortildi