13:32 / 30.06.2020
6 052

Shavkat Mirziyoyev: "Ozodbek Nazarbekov xalqparvar, millatparvar vazir. Uni ko‘p yillar davomida o‘zim tarbiyalaganman"

Shavkat Mirziyoyev: "Ozodbek Nazarbekov xalqparvar, millatparvar vazir. Uni ko‘p yillar davomida o‘zim tarbiyalaganman"
Foto: Prezident matbuot xizmati
«Daryo» muxbiri Azizbek Abduvaliyevning ma’lum qilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev Namanganda bo‘lib o‘tgan faollar yig‘ilishida O‘zbekiston madaniyat vaziriga shunday ta’rif bergan.

«Ozodbekni ko‘p yillar davomida o‘zim tarbiyalaganman. Xalqparvar, millatparvar vazir bo‘lib yetishdi. Ochig‘ini tan olishimiz kerak, oldinlari madaniyatga juda kam e’tibor berganmiz. Endi iqtisodiyot bilan bab-baravar madaniyatni ham tiklash fursati yetdi. Madaniy muhitda katta bo‘lgan odamning turmush tarzi ham madaniyatli bo‘ladi. Nega yirik korxonalarda cholg‘u yoki maqom ansambllari tashkil etish mumkin emas? Nega oliygohlarimizda tanaffus payti musiqa qo‘yilmaydi? Oldinlari choyxonalarga borsangiz Jo‘raxon Sultonov yoki Ma’murjon Uzoqovni tinglab o‘tirish mumkin edi. Afsuski, hozir bunday yaxshi an’analar unutilib ketdi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari maktab shahodatnomalariga cholg‘u asbobi bo‘yicha baholashni ham kiritishni taklif qildi. Shu tariqa o‘quvchi maktabni o‘zi ma’qul ko‘rgan biror cholg‘u turini mukammal egallagan holda bitiradi.

«Yosh yigit-qizlarda suitsid holatlarini kuzatyapmiz, axborot xurujlari ham yetarlicha. Bunga qarshi turish uchun ta’lim-tarbiya, muhit yaxshi bo‘lishi kerak. Har bir maktabda o‘zining teatri, ansambli faoliyat yurishi zarur. Namanganda har bir maktabga cholg‘u asboblari olib berilibdi, eshitib xursand bo‘ldim», — dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev so‘zining yakunida Namanganda tajriba tariqasida viloyat hokimining madaniyat bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etilishi va sohani rivojlantirish uchun salmoqli mablag‘ ajratilishini bildirdi. Keyinchalik bu tashabbus boshqa hududlarda ham joriy etilishi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Shavkat Mirziyoyev: "Ozodbek Nazarbekov xalqparvar, millatparvar vazir. Uni ko‘p yillar davomida o‘zim tarbiyalaganman"