18:44 / 07.09.2020
6 579

Xosiyat Husanova: Fathulla Mas’udovning vafot etishini bilganimda tiz cho‘kib kechirim so‘rardim

Xosiyat Husanova: Fathulla Mas’udovning vafot etishini bilganimda tiz cho‘kib kechirim so‘rardim
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, taniqli aktyor Fathulla Mas’udov 30 avgust kuni 57 yoshida olamdan o‘tdi. O‘zbek milliy akademik drama teatri aktrisasi Xosiyat Husanova Fathulla Mas’udovni yodga oldi hamda qalbini kemirayotgan armonlari haqida so‘zlab berdi.

«Rahbarlik paytida ko‘p qiynagan paytlarim bo‘lgan. O‘zlari siqilib yurgan bo‘lsalar ham, ishlari ko‘p bo‘lsa ham men erkalik qildim, urishdim, so‘kdim. Masalan, kamchiligimni yuzimga aytsa, men haqman, deb. Shuni ham ko‘tardilar. Fathulla akamdan kechirim so‘ragan bo‘lardim. Ular teatrga rahbar bo‘lmaslaridan oldin sochlari bunchalik oqarmagan edi — yosh edi. Hamisha yosh yigitlar rolini o‘ynab keldilar.

Lekin rahbar bo‘lganlaridan keyin sochlari tez oqarib ketdi. Kechayu kunduz ishladilar. Tinmadilar, yana ijodni to‘xtatmadilar, hamma narsaga ulgurardilar. O‘zlariga sochingiz oqarib ketibdi, mana shu sochingiz oqarishida mening ham hissam bor, meni kechiring, deb aytib olganman. Lekin hazil-huzul qilib aytganman. Vafot etishlarini bilganimda boshqacha so‘rardim — tiz cho‘kib so‘ragan bo‘lardim. Bebaho inson edilar. Ilohim, joylari jannatdan bo‘lsin!
», — deydi aktrisa.

«Hech kim o‘ylamadi, Abdurayim akam bilan Fathulla akam haqida hech kim o‘ylamadi, xayolimizga kelmadi. Birdaniga bo‘lgani uchun hammamiz siqilib qoldik. Doim kayfiyatim yaxshi edi, yaxshi yurardim, bir haftaning ichida ko‘nglim cho‘kib qoldi. Endi buni Ollohga shirk keltirish deyishadi. Bekam-u ko‘stman: yeganim oldimda, yemaganim ortimda, oilam tinch, bolalarim sog‘, hamma narsam yetarli, lekin tushkunlikka tushib qoldim. Kecha o‘tirib o‘yladim, nega bunday bo‘lyapti, deb. Keyin obdan o‘ylab, mana shu teatrimizdagi ketma-ket o‘limlar buning sababi, deb o‘zimga tashxis qo‘ydim.

Kelib rolimizni o‘ynab ketaverarkanmiz, unday, bunday deymiz. Ba’zan urishamiz, ba’zan quchoqlab o‘pishamiz. Lekin teatrdagilar hammamiz bitta oila ekanmiz. Ha, anavi o‘tib qolibdi, joyi jannatdan bo‘lsin deb ketaveramiz, ta’ziyasiga borasiz, unutasiz bo‘ldi. Lekin bu o‘limlarni bir-ikki kunda unuta olmayapmiz-da. Chunki biz uchun oila a’zomizdek, jigardek qadrdon bo‘lib qolishgan ekan. Hamkasblar bir-birimizga shunday ekanmiz. Shuni endi bildik
», — deydi Xosiyat Husanova.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Xosiyat Husanova: Fathulla Mas’udovning vafot etishini bilganimda tiz cho‘kib kechirim so‘rardim