19:00 / 11.10.2020
1 943

«Loyihamiz yemagan somsasiga pul to‘layapti» — Allamjonov «Mendirman Jaloliddin» filmi atrofidagi tushunmovchilik haqida

«Loyihamiz yemagan somsasiga pul to‘layapti» — Allamjonov «Mendirman Jaloliddin» filmi atrofidagi tushunmovchilik haqida
Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov «Mendirman Jaloliddin» filmi atrofidagi gap-so‘zlar, xususan «O‘zbekkino» mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi ochilgani yuzasidan munosabat bildirdi.

«O‘zbekkino» milliy agentligi atrofida bo‘layotgan janjallar, mojarolarga tezroq barham berish kerak. Matbuot taniqli va iste’dodli rejissyorlarimiz faryodidan tinmayapti. Go‘yoki ular dod solyapti-ku, lekin ularni hech kim eshitmayotgandek.

Ularning o‘zaro tushunmovchiliklari tufayli qandaydir jinoiy ishlar ochilgan va bunga umuman aloqasi yo‘q bizning «Mendirman Jaloliddin» loyihamiz ham qo‘shilib qoldi. Vaholanki, taqdimoti bo‘lib o‘tgan ushbu serialga na «O‘zbekkino» aloqador va na davlat budjeti mablag‘lari.

Tushunishimcha, avval «O‘zbekkino» bu filmni suratga olmoqchi bo‘lgan va mahalliy kompaniyaga buyurtma bergan, lekin ular eplay olmaganmi, kelisha olmaganmi, bilmadim, fakt – loyiha bajarilmadi. Men «O‘zbekkino» va Bosh prokuraturaning kechagi xabarlaridan shuni tushundim.

Endi kimdir shu loyihani amalga oshirdi, mehnat qildi. Davlat budjetdan bir so‘m ham ishlatmadi, homiylar jalb qilindi, eng professionallar ishladi. Eng asosiysi, zo‘r loyiha bo‘ldi. Lekin endi yemagan somsasiga pul to‘layapti.

Shunaqa gaplardan keyin kim ham bunday loyihalarga qo‘l urgisi keladi? Bir tomondan chet el seriallarini tomosha qilib, qachon o‘zimiznikilar yuqori sifatli tarixiy kino, seriallar ishlar ekan, deb diydiyo qilamiz. Birov ishlayman desa, nomi qolmay, aktyori qolmay har tarafdan toshbo‘ron qilamiz», – deydi Komil Allamjonov.

Eslatib o‘tamiz, «O‘zbekkino» milliy agentligi mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi ochilgan. Ayblanuvchilar kimligi ochiqlanmagan, ular juda ko‘p miqdordagi mulkni o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilishda gumonlanmoqda.

Bosh prokuratura axborotiga ko‘ra, «O‘zbekkino» 2018 yil iyunida «Best organaizer» MCHJ bilan «Menman Jaloliddin» nomli film ishlash haqida dastlabki shartnoma tuzib, oldindan avans sifatida 533 mln so‘m to‘lagan. Lekin keyinchalik bu filmni suratga olish ishlari «Mendirman Jaloliddin» nomi bilan, turkiyalik hamkorlar bilan olib borilgani, uni ishlab chiqarish xarajatlari budjetdan emas, balki boshqa homiylar tomonidan moliyalashtirilgani sababli, agentlik ajratgan mablag‘lar filmni ishlab chiqarish uchun sarflanmagan va bugungi kunda budjetga qaytarilgan.

Ma’lum qilinishicha, 3 oktabr kuni taqdimot marosimi bo‘lib o‘tgan «Mendirman, Jaloliddin» filmini ishlab chiqargan shaxslarning jinoyat ishiga aloqasi yo‘q.

Shu yil aprel oyida o‘zbek kinosiga aloqador jami 109 kishi «O‘zbekkino» bosh direktori Firdavs Abduxoliqov ustidan bosh vazirga shikoyat kiritgan edi. Shikoyatni imzolaganlar qatorida hatto agentlik bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Rizayev, bosh direktor o‘rinbosari Nizom Mahmudov, «O‘zbekfilm» direktori Fotih Jalolov, O‘zbekiston kinoarboblar uyushmasi raisi Matyoqub Matchonov, Alisher Navoiy nomidagi kinosaroy direktori Bahrom O‘tanov, «Multstudiya» direktori Sevara To‘laganova, «Respublika kinofondi» direktori Shuhrat Umarov, shuningdek, Hilol Nasimov, Jahongir Qosimov, Sarvar Karimov, Abduxalil Mingnorov, Akbar Bekturdiyev kabi rejissyorlar ham bor edi.

Sentabr oyida esa taniqli rejissyor Zulfiqor Musoqov ham Firdavs Abduxoliqov ustidan prezidentga murojaat bilan chiqdi. Agentlik esa ayblovlarni rad etdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)