16:56 / 11.12.2020
11 826

Yulduz Abdullayeva eri bilan ajrashish sababi haqida gapirdi (video)

Yulduz Abdullayeva eri bilan ajrashish sababi haqida gapirdi (video)
Foto: «Daryo»
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Yulduz Abdullayeva «Daryo» internet-nashriga eksklyuziv intervyu berdi. Yulduz Abdullayeva suhbat davomida ilk marotaba oilasi, eri bilan ajrashish sabablari haqida gapirib berdi.

- "Men hech qachon turmush o‘rtog‘imga ajrashish haqida og‘iz ochmaganman. Doim sabr qilib, chidab yurganman, yaxshi tomonga o‘zgarishidan doimiy umid qilib yurganman.

Bir kun kelib sabr kosam to‘lgan va bir kunning ichida ajrashaman deb, chiqib ketganman. Ko‘p gapiradigan odamdan qo‘rqish kerakmas deyishadi, chunki u o‘zini o‘ldiraman deb gapirib yuraveradi, lekin o‘ldirolmaydi.

Odamlar bilan yaxshi muomala qilaman. Andishaning otini qo‘rqoq qo‘yadigan odamlardan uzoq yurishga harakat qilaman.
Turmush o‘rtog‘im meni juda ko‘p rashk qilganlar, bilmadim juda chiroyli bo‘lgan bo‘lsam kerak (kuladi). Ortiqcha rashk ham odamni charchatar ekan.

Masalan, tillalarga qiziqmayman deb aytdim, doim tillalarim yo‘qolgan, yechgan joyimda qolib ketgan, shuning uchun ko‘proq kumush taqaman. Ayrim paytlar ko‘chaga chiqib ketayotganda taqish esimdan chiqib qoladi, lekin o‘zim rosa yaxshi ko‘raman.

Oilamizda rashk shunday darajaga yetib borganki, menga aytganlar: ‘Qayerga borsang ham, mikrofonni ushlaganingda qo‘lingdagi nikoh uzuging ko‘rinib tursin’.

Bir kuni shoshganimdan nikoh uzugini taqish esimdan chiqib qolgan, ayniqsa o‘sha paytlar rosa to‘y ko‘p bo‘lardi, hattoki biriga ulgurib, biriga ulgurmay qoladigan darajada ko‘payib ketgan edi.

Aynan turmush o‘rtog‘im aytgan taqinchoq emas, umuman hech qaysi taqinchoqni taqmaganman, esimdan chiqqan. To‘ydan qaytib kelsam, menga qarab, ‘Qani men aytgan taqinchoqni taqqaning?’, dedilar. Bilasizmi, o‘shanda men og‘iroyoq edim. Qornimga urganlar. Bola tushib qolgan. Bunaqa darajada rashk qilaverish ham bo‘lmaydi.

‘Menga ishonmaysizmi?’, desam, ‘Yo‘q, senga ishonaman, ko‘chadagilarga ishonmayman’, degandilar. Qarasam, u odam juda ham qiynalib ketyapti. U odam bilan yashashning ilojisi bo‘lmayapti. Bir kuni ajrashish haqida aytganman, ungacha bu haqda umuman og‘iz ochmaganman. Turmush o‘rtog‘im bilan 7—8 yil birga yashaganmiz.

Qizimni o‘zimni onamlar 2,5 yoshgacha katta qilib berganlar. Keyin o‘zim katta qilganman. Karantin boshlanishidan avval qizimni uzatdim. Qizim ham, turmush o‘rtog‘i ham Inha universitetini bitirgan. Hozir moliya yo‘nalishida o‘qishni davom ettirishmoqda", - deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Yulduz Abdullayeva.

Ma’lumot uchun, Yulduz Abdullayeva muxlislar orasida «Bir qarab o‘ting bizga leytenant», «Askar», «Azizim» kabi qo‘shiqlari bilan mashhurlikka erishgan. Yulduz Abdullayevaning 400 dan ortiq mualliflik qo‘shiqlari bor. O‘zbekiston bo‘ylab 1000 dan ortiq yakkaxon konsert dasturlari bo‘lib o‘tgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Yulduz Abdullayeva eri bilan ajrashish sababi haqida gapirdi (video)