19:00 / 07.01.2021
12 320

Baqiroq qaynona — Gulnora Tolipova 50 ming so‘m uchun Lolaning uyini tozalaganini aytdi

Baqiroq qaynona — Gulnora Tolipova 50 ming so‘m uchun Lolaning uyini tozalaganini aytdi
Foto: Instagram / @guli_888888888
Gulnora Tolipova «Jurnalist», «Sevgi» va «Shukrona» kabi seriallardagi baqiroq, injiq qaynona obrazi bilan tomoshabinlar e’tiborini qozondi. Aktrisa jurnalist Nargiza Murodova bilan suhbatda murakkab hayot yo‘li haqida so‘zlab berdi.

«Pulimiz yo‘q, san’atkor bo‘la olmaysan»
— Toshkentdagi besh bolali xizmatchi oilasida dunyoga kelganman. Otam oddiy quruvchi, onam esa zavodda ishchi edi. Bolaligimdan san’atga qiziqqanim bois, 4 yoshimdan Shermat Yormatov rahbarligidagi «Bulbulcha» bolalar xoriga qatnashganman. To‘qqiz yoshimda tushimga O‘zbekiston xalq artisti Zaynab Sadriyeva kirib, meni duo qilgandi. Afsuski, maktabni tamomlaganimdan keyin orzularim sarob ekanini angladim. Oilamizdagi moddiy qiyinchiliklar sabab, onam o‘qishni davom ettirolmasligimni tushuntirdi va bolalar bog‘chasiga ishga joylashdim.

«O‘zimni o‘ldirishga uringanman»
— 16 yoshimda xolamning qistovi bilan Sirdaryoga turmushga chiqdim. Bola bo‘lganim uchun ham katta hayotga moslashib ketishim oson kechmadi. Turmush o‘rtog‘imning yaqinlari bilan til topishib ketdim, ammo u bilan kelisholmadik. Besh yil ichida bir ayol qancha xo‘rlanishi mumkin bo‘lsa, shuncha azobni boshimdan o‘tkazdim. Uning asossiz rashki sabab ko‘p marotaba kaltaklandim, haqoratlandim. Ammo bir kuni uning rus ayol bilan don olishishidan xabar topib, o‘z jonimga qasd qildim. Tomirimni kesgach, shifokorlar ko‘magida oyoqqa turdim. Shundan so‘ng o‘g‘limni olib Toshkentga qaytishga qaror qildim. Ammo bu yerda qiyinchiliklar undan oz emasdi.

Foto: Instagram / @guli_888888888
«Militsiyachilar tog‘oradagi ovqatimni yerga to‘kib tashlaganini unuta olmayman»
— O‘g‘lim Shohruhni boqish va uy olish uchun qilmagan ishim qolmadi. Bozorda ovqat sotgan, bekatda pista-qurt bilan savdo qilgan kunlarim ham bo‘ldi. Hatto, bir necha yillar avval 50 ming so‘m evaziga xonanda Lola Yo‘ldoshevaning uyini tozalash uchun borganimni eslayman. Bozordagi noqonuniy savdo uchun militsiya xodimlaridan qochganim, hatto bir marta jazolash uchun tog‘oralardagi ovqatni yerga to‘kib yuborishganini ham unutolmayman. Xullas, shu kabi qiyinchiliklar yuvosh Gulnoraning fe’l-atvorini butunlay o‘zgartirdi.

Foto: Instagram / @guli_888888888
«Baqiroq ayollar rolidan charchadim»
— Yaqin yillardan boshlab ikkinchi darajadagi rollarga taklif bo‘lmoqda. Undan avval faqat epizod rollarni ijro etardim. Tan olaman, aktrisalik bo‘yicha hech qayerda tahsil olmaganman, ammo san’atga mehrim bo‘lakcha. Faqat urishqoq ayol rollarini emas, mard, tanti va sabrli o‘zbek ayollari siymosini ekranda gavdalantirishni istayman. Rostini aytsam, baqiroq ayollar rolini ijro etishdan charchaganman. Rejissyorlar meni qaytadan kashf etishlarini orzu qilaman.

Muvaffaqiyatsiz turmushimdan so‘ng oila qurmadim. Hayotimni o‘g‘limga bag‘ishladim. Uy va mashina olib, uni uylantirdim. Shukrki, kelinim va ikki nafar nabiram bor.

Eslatib o‘tamiz, Gulnora Tolipova ilk rolini rejissyor Burhon Sharopovning «Mug‘ombir kuyov» filmida ijro etgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Baqiroq qaynona — Gulnora Tolipova 50 ming so‘m uchun Lolaning uyini tozalaganini aytdi