09:30 / 11.01.2021
2 380

«Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» filmi belgilangan vaqtda yuborilmagani sabab «Oskar»da qatnashmaydi

«Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» filmi belgilangan vaqtda yuborilmagani sabab «Oskar»da qatnashmaydi
Foto: «Xalq so‘zi»
Ijtimoiy tarmoqlarda «Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» filmi «Oskar» tanlovida ishtirok etmasligi borasida turli gap-so‘zlar tarqamoqda. «Xalq so‘zi» bu masalaga oydinlik kiritish maqsadida film prodyuseri Doniyor Agzamov bilan bog‘landi.

- Yo‘q, qatnashmaydi. Biz, Yolqin To‘ychiyev boshchiligidagi jamoa, qo‘limizdan kelgan barcha harakatni qildik. Biz shu vaqtgacha O‘zbekiston Oskar qo‘mitasiga ishonib kelgan edik, men barcha narsani 28 noyabr kuni ularning qo‘liga tutqazganman, menda barcha yozishmalar, faktlar turibdi. Shu kungacha ‘yubordinglarmi’ deb so‘raganimizda ‘ha, yubordik’ deya javob berib kelishgan. Dekabr oyining boshida filmni Amerikaga ham jo‘natganman, 50 ta DVDP, bitta katta terabaytli hardda DSP formatda, ‘Surround’ formatida yuborilgan. Lekin ular («Oskar» tanlovi tashkilotchilari) videoni so‘rab O‘zbekiston Oskar qo‘mitasiga 3-4 marta yozishgan, qo‘mita javob ham bermagan. Oskar qo‘mitasining qo‘lida filmning hamma formatdagi nusxasi turibdi, nima so‘rashgan bo‘lsa, qilib berganman. Tayyor narsani yuborishmagan, oxirgi vaqtlarda telefonlarimga ham javob bermay qo‘yishgandi.

5 yanvar kuni mening shaxsan o‘zimga tanlov tashkilotchilaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron pochtamga xat keldi, sizlarga soat 5 gacha oxirgi muddat degan. Biz shokka tushib qoldik, qo‘mitadagilarni rosa qidirdim, telefonlariga javob berishmadi. Ulgura olmasdik, chunki kompyuter ‘zagruzka’ni o‘ziga 16 soatdan 24 soatgacha vaqt so‘radi
, - deydi film prodyuseri Doniyor Agzamov.

Prodyuser Oskar qo‘mitasi ishining qoniqarsizligi haqida ham gapirdi.
«Bilmayman, bular nega bunaqa ishlayapti, nomi ulug‘, suprasi quruq degandek, ishga loqayd qarashgan, ishlamagan ham, hozir qattiq jahldaman», — deydi u.

Doniyor Agzamov Oskar qo‘mitasi vakillarining Facebook’dagi prodyuser o‘z vaqtida yetkazib bermagani haqidagi gaplariga ham munosabat bildirdi.
«Men qanday qilib yetkazib bermasligim mumkin, ularning qo‘liga so‘ragan formatlarida 28 noyabr kuni yetkazganman, ko‘zimning oldida kinoni ko‘chirib olishgan, menda ularning filmni qabul qilib olganligini tasdiqlovchi hujjatlar bor. Bojxonadan ham ruxsat olganman, jo‘natganman, bojxona to‘lovini qilganimning hujjatlari ham bor», — dedi prodyuser.

Doniyor Agzamov qo‘mitaning filmni tanlovga yuborish huquqi prodyuserda bo‘lishi haqidagi iddaosiga ham javob qaytardi.
«Yo‘q, huquq «O‘zbekkino»da, men ishlab chiqarib beruvchi kompaniyaman, filmni «O‘zbekkino» buyurtmasi bilan tayyorlab agentlik fondiga topshirganman. Ruscha, o‘zbekcha, inglizcha subtitri bilan, so‘ralgan barcha formatda topshirilgan. Agar men Oskar qo‘mitasiga yetkazmagan bo‘lsam, agarda ayb menda bo‘lgan bo‘lsa, ular «O‘zbekkino»dan ham olishi mumkin edi. Nega «O‘zbekkiono»ga prodyuser bizga filmni yetkazmayapti deb shikoyat qilib chiqmadi yoki o‘zimga murojaat qilishmadi. Bu tanlovda qatnashish jamoamiz uchun qanchalik muhim narsa edi. Aybni menga ag‘darishyapti, lekin ag‘darisha olmaydi, chunki qo‘lida dalili yo‘q. Menda esa barcha dalillar bor.

Oskar qo‘mitasi bizga filmni jo‘natish uchun "dostup" bermagan, bo‘lmasa o‘zimiz allaqachon jo‘natgan bo‘lardik. Tashkilotchilar 5 yanvar kuni hat jo‘natishdi menga, agar u avvalroq kelganida edi, men Oskar qo‘mitadan "dostup" so‘rardim, o‘zim yuborardim. "Dostup" qo‘mitada, o‘zimiz jo‘natmoqchi bo‘lsak u bizni bloklaydi. Hattoki «Oltin globus»da ham shunaqa muammo bo‘ldi, sal qoldi u tanlovdan ham qolib ketardik. Tashkilotchilar qo‘mitadan filmni yuborishni so‘ragan, ular esa yubormagan, aksincha bizni ham bloklagan. O‘zimiz tashkilotchilarga chiqib "dostup"ni so‘rab oldik, o‘zimiz jo‘natdik. O‘zi Oskar qo‘mitasi nima bilan shug‘ullanishini men tushunmayapman. Ular o‘zbek kinosini rivoji uchun ishlayaptimi yoki borini ham yo‘q qilish uchunmi?
»,— deydi prodyuser.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning 21 noyabr kuni O‘zbekiston Oskar qo‘mitasining yig‘ilishi o‘tkazilgan edi va O‘zbekiston Oskar qo‘mitasi tomonidan Oskar mukofotining «Eng yaxshi xalqaro badiiy film» nominatsiyasiga O‘zbekiston nomidan «Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» filmi tanlangan edi.

«O‘zbekkino» Milliy agentligi buyurtmasiga binoan «Fox music cinema» studiyasi tomonidan suratga olingan Yolqin To‘ychiyevning «Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» filmida o‘tgan asrning boshlarida Turkistonda yuz bergan siyosiy voqealarning shu yurt aholisiga ko‘rsatgan ta’siri bir oila misolida ochib berilgan.

Filmning ssenariy muallifi va rejissyor — Yolqin To‘ychiyev, postanovkachi operator — Bahodir Yo‘ldoshev, postanovkachi rassom — Bektosh Rajabov, film direktori — Shavkat Rizayev.

Rollarda: Bahrom Matchonov, Yulduz Rajabova, Elmira Rahimjonova, Marjona O‘ljayeva, Sanobar Haqnazarova, Nodira Xojiquliyeva va boshqalar.

Ma’lumot uchun, 93-Oskar taqdirlash marosimi 2021 yilning 25 aprel kuni Los-Anjeles shahrining mashhur «Dolby» teatrida bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yil bahorida «O‘zbekkino» Milliy agentligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va O‘zbekiston milliy kinokomissiyasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Oskar qo‘mitasi tashkil qilingan edi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » «Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» filmi belgilangan vaqtda yuborilmagani sabab «Oskar»da qatnashmaydi