00:13 / 22.02.2021
3 412

Shoir hayotidagi paradoks yoxud Abdulla Oripov armonlari

Shoir hayotidagi paradoks yoxud Abdulla Oripov armonlari
Abdulla Oripov o‘zbek xalqining erka shoiri edi. Taqdir uning manglayiga og‘ir sinovlarga, hasad va ig‘voga, sovet davrida mafkuraviy idoralar tazyiqiga duch kelish qatorida ularning o‘rnini qoplaydigan tovon sifatida xalqning suyukli, erka farzandi bo‘lish baxtini ham bitgan ekan. Katta-kichik rasmiy mansabdor shaxslaru, qarindosh-urug‘lar hamma (ayrim hasadgo‘y hamkasblari va mahalliychi guruhbozlardan tashqari) uning injiqliklarini ko‘tarar, xafa bo‘lmas edi.

Chunki aslida Abdulla Oripov qalbida hech kimga nisbatan bepisandlik, yoki dimog‘dorlik yo‘q edi. Oila davrasida ham, undan tashqarida mehmonlar va ulfatlar davralarida ham bunga ko‘p guvoh bo‘lganman. U ayrim qiliqlariga, aytgan gaplariga ertasiga izoh bergan, tushuntirgan. Ba’zan lozim topib o‘zi aytgan, ba’zan «kecha biroz oshirib yubordingiz» deb sababini so‘raganman. Men, jiyan bo‘lsam-da, oilada shoirdan keyin tug‘ilgan ilk o‘g‘il bola edim.

Shu sabab uning bolalikdan menga mehri iliq, o‘zgacha edi. Biror kishiga tanishtirsa: «Jiyanim, o‘zim ko‘tarib katta qilganman. Qarang, bugun qanday bo‘lib ketgan», deb qo‘shib qo‘yardi. Yoshlikdagi ko‘p sirlarini, ijodiy rejalarini aytib turardi. Bunday «sirdoshlik» uzoq yillar, o‘zaro ishonch umrbod saqlanib qoldi. Shu sabab ayrim narsalarni undan bemalol so‘rashga jur’at etardim.

Dastlab u oilada mehr-muhabbat qurshovida ma’naviy-ruhiy rag‘bat sharoitida o‘sdi. Oilada katta opasi (mening onam) va uch akasidan so‘ng to‘rtinchi o‘g‘il edi. Undan keyin yana uch qiz tug‘ilgan, jismonan zaifroq Abdullani butun oila mehr bilan erkalatib voyaga yetkazgan.

Otasi — kolxoz raisi. Xo‘roz qichqirmasdan, dalaga jo‘naydi. Akalari maktabga ketadi. 3-4 yashar bolakay onasi yonida qoladi. Tabiatan juda qiziquvchan bo‘lgani uchun onasiga tinmasdan har xil savollar bergan. 5 yoshlardan boshlab onasining singillariga aytadigan allalari mazmunini fahmlay boshlagan, matallar, ertaklar, xalq qo‘shiqlariga, so‘zlar jarangiga, qofiyasiga qiziqqan.

Abdulla Oripovning onasi e’tiqodi juda mustahkam, xudojo‘y inson edi. Farzandidagi qiziqish bejiz emasligiga, «yuqoridan» berilganiga qattiq, sidqidildan ishongan bo‘lsa kerak. Shu sababdan vaqtini qizg‘anmasdan, kenjatoyiga xalq qo‘shiqlarini bilganicha aytib bergan. O‘zi bilan kitobxonlikka, qishloqdagi otinoyi qiroat bilan o‘qiydigan Navoiyni, Fuzuliyni, ayniqsa, Yassaviy, So‘fi Olloyor va boshqa diniy mualliflar kitoblarini tinglashga olib borgan. Maktabdan qaytgan akalaridan ham u she’r va hikoyalarni ko‘p tinglagan.

Oilada hech kim uning ra’yini qaytarmagan, faqat rag‘batlantirgan. Onasi esa o‘g‘lining ko‘ngli nimani istayotganini oldindan his qilgan. U bolasi uchun barcha chigal savollarni yechadigan, har qanday darddan, qo‘rquvdan xalos qila oladigan najotkorga aylangan. Boladagi ijod uchqunini onasi saqlab qola olgan, asta-sekin o‘tga aylanishiga xizmat qilgan. Abdulla Oripovning shoir bo‘lib yetishishida onasining tarbiyasi, duolari, Allohga iltijolari, shubhasiz, katta ahamiyat kasb etgan.

Otasi ham so‘zga chechan, juda obrazli iboralar yordamida har qanday oddiy voqeani jonlantirib yuboradigan inson edi. Og‘zaki hikoya qilishda unga teng keladigan kishi yo‘q edi desa, mubolag‘a bo‘lmaydi. Shoirning ba’zi bir syujetli, voqeaband she’rlari otasi hikoyalari asosida bitilgan.

Buvimiz, xudo rahmat qilsin, juda erta, 55 yoshda olamdan o‘tdi. Shoir hali uylanmagan edi. Bu davrga kelib hayotning achchiq-chuchuklarini, hasad, xiyonat, ilk ayriliqlarni boshdan o‘tkazgan. Lekin ona vafoti unga taqdirning o‘sha paytdagi eng qaqshatqich zarbasi bo‘ldi. Uning «Onajon» marciyasi Abdulla Oripovni butun O‘zbekistonga uzil-kesil tanitdi, xalqning suyukli shoiriga aylantirdi. Ozod Sharofiddinov to‘g‘ri e’tirof etganidek, marciya inson ruhiyatiga, ongiga ta’sir qilish kuchiga ko‘ra Motsartning Rekviyem qatorida turadi. Shoir butun umri davomida onasini sog‘inib, u bilan xayolan muloqot qilib yashadi. Buni uning she’rlaridan ham bilib olish mumkin.

1992 yilda «Muloqot» deb nomlangan she’rida shunday yozgan edi:
— Baxtsizman, toleim kulmaydi,
Onajon, qoshingga ketayin.
— Ketganlar hech qaytib kelmaydi,
Bardosh qil, deyman, oh netayin...

— Chorlasang, madadkor bo‘lolsang,
Visoling ruhimni shod etar.
— Sen ham gar yo‘qlikka yo‘l olsang,
Borliqda kim meni yod etar.

Bu she’rni Abdulla Oripov 1992 yilda yozgan. O‘sha yili uning ham, xalqining ham kayfiyati juda ko‘tarinki edi. Vatan mustaqillikka erishgan, odamlarda hamma narsa yaxshi bo‘lishiga ishonch baland. Shoir O‘zbekiston madhiyasi ustida ishlamoqda va h.k. Ana shunday kunlarda ham onasini eslasa, yuragi zirqirab, sog‘inch hissi ona tomonga tortgan.

Abdulla Oripovga e’zozli munosabat o‘quvchilik va talabalik yillarida ham davom etdi. U 6 yoshda maktabga borgan. Jussasi boshqa bolalarnikidan kichik, biroq tili biyron, zehni o‘tkir. O‘qituvchilar savoliga javob berishga doimo shay, va eng asosiysi, so‘zlarni qofiyalab she’r to‘qiy oladi. Sinfdoshlari, muallimlari uni yaxshi ko‘rib qolishgan. Qolaversa, xalqimiz mentaliteti, qadriyatlar tizimi bilan bog‘liq yana bir omil haqida gapirish kerak. Biz, o‘zbeklarda, to‘g‘rirog‘i, ko‘pchilik sharq xalqlarida ota-bobolar xizmati va obro‘si bolalari foydasiga ishlaydi. Nasl-nasab masalasi doimo el e’tiborida turgan.

«Palagi toza», «yaxshi odamlar farzandi» kabi ko‘plab naqllar, baholar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagan. Bolalarga baho, undan kelajakda nima kutish mumkinligi, u qanday inson bo‘lib yetishishi mumkinligini birinchi galda nasl-nasabiga qarab bashorat qilingan. Agar bu bashorat oqlansa, elning hurmati va e’zozi yanada oshgan. Oqlanmasa, ota-bobolarning obro‘siga putur yetmagan, faqat uning o‘ziga nisbatan afsuslanish bildirilgan: «Ota-boblari qanday ulug‘ insonlar edi, afsus, falonchi ularga o‘xshamadi».

Shoirning otasi Orif Ubaydullayev uzoq yillar kolxozda raislik qilgan. Urush va undan keyingi qahatchilik, ocharchilik yillarida ko‘p joylarda odamlar ochlikdan kunjara yeb, jigari shishib nobud bo‘lgan. Orif bobo raislik qilgan kolxozda (unga besh qishloq qaragan) birorta odam ochlikdan nobud bo‘lmagan. Men bobomdan sababini so‘raganman.

— Kimdir ishga chiqmay, yoki qishloqda ko‘rinmay qolsa, kechasi uyiga maxsus tayinlangan ikki kishi — bir erkak, bir ayol (yog‘li qatlama va ikkita non olib yurardi) borardi. Ochlikdan sillasi qurib yiqilgan kishiga (er-xotinga) tepasida turib yarimta qatlama va yarimta non yedirardi. «Qatlama va nonni o‘zlariga qoldirib kelmaysan, ko‘zlaring oldida yesin», degan topshiriq berilgandi ularga. Sababi, qoldirib kelsa, o‘zlari yemasdan, bolalari uyg‘ongandan keyin, ularga beradi. Shusiz ham odamlarimiz topganini bolalariga yedirardi.

Urush yillari kolxozlarda texnika deyarli bo‘lmagan. MTSlardan yaroqli traktorlar va mashinalar front uchun olib qo‘yilgan. Deyarli barcha ish qo‘lda bajarilgan. Yanchilgan g‘alla kolxozning omborida to‘plangan, tozalangan, qoplarga joylanib, don tayyorlash idorasiga (zagotzerno) jo‘natilgan. Nihoyatda shafqatsiz va og‘ir yillar. Dalada qolib ketgan mashoqni terganlar yetti yilga qamalgan. Dalalarni NKVD xodimlari otda aylanib nazorat qilgan. Erkaklar frontda. Bir-ikki qaytganlar esa mayib, nogiron — bir qo‘li yoki oyog‘i yo‘q.

Asosiy ish ayollar, o‘smirlar va keksalar gardaniga tushgan. Ochiqcha odamlarga biror kilogramm g‘alla berib bo‘lmaydi. Rais xirmonda ishlashga, don tozalashga jalb qilingan ayollarga erining yo otasining mahsi kiyadigan kalishida kelishini talab qilgan. Tabiiyki, xirmondan qaytayotgan har bir ayolning, yo o‘smir bolaning oyog‘idagi kalishga 150-200 grammgacha bug‘doy kirib qolgan. Rais odamlarni ocharchilikdan saqlashning mavsumga qarab boshqa turli yo‘llarini izlab topgan.

Har bir qishloqda uyma-uy yuradigan tungi navbatchilar (qatlama va non bilan)dan tashqari, qo‘zilagan qo‘ylarni sog‘dirib, brinza pishirtirgan, shakar tushadigan yantoqzorlarni mol kirishidan qo‘riqlab, shakar tushgach, odamlarga yantoqzorni taqsimlab bergan. O‘zidan qolgan nochor oilalarga yantoq shakar jamg‘arishda yordam uyushtirgan. Qorako‘l teriga so‘yilgan qo‘zilarning barra go‘shtini nafaqat kolxozchilarga, shuningdek, mehnat kuni yo‘q kishilarga (qariyalar, yoki bolali ayollarga, kasallarga) ba’zan shaharliklarga ham frontchining oila a’zosi sifatida bepul tarqattirgan. O‘sha paytdagi ayrim raislardek qamchisidan qon tommagan, birovlarning haqqiga, beva xotin-xalajiga ko‘z olaytirmagan. Bu aslida urug‘-aymoqchilik munosabatlari ancha-muncha saqlanib qolgan bizning qishloqlarda deyarli hech kimning xayoliga ham kelmagan, chunki bir-birini qarindosh hisoblagan.

Juda halol, pokdomon, imonli va g‘amxo‘r rais bo‘lgani uchun u kishini el qattiq hurmat qilardi. Bobom nafaqaga chiqqandan keyin ham 35 yil hurmat-izzatda umr ko‘rdi. Beva-bechoralar duosi tufayli bo‘lsa kerak, to‘shakda yotadigan kasalga chalinmadi, xotirasini, hushini yo‘qotmadi. Hech kimga og‘iri tushmasdan, oyoqda yurib, 93 yoshda dunyodan o‘tdi. Yuqorida aytganimdek, bobom ajoyib suhbatdosh edi, tili jonli, obrazlarga, o‘xshatishlarga boy, juda ta’sirchan bo‘lib, agar biror narsani hikoya qilib qolsa, tinglovchini bir zumda rom qilib qo‘yardi.

Ana shunday so‘zga didi baland ota-ona farzandi Abdulla Oripovning shoir bo‘lib tug‘ilishi tabiiy edi. Uning fenomenini anglashda, albatta, irsiyati, ota-onasidan nasliy o‘tgan xislatlari, fe’l-atvorini ham hisobga olish joiz. Shoir xalqparvarlikni, odamlar dardini o‘ziga olishni, kuyunchaklikni, dilkash suhbatdoshlikni otasidan o‘rgangan edi.

Abdulla Oripov maktabni 1958 yilda oltin medal bilan bitirdi. O‘rta Osiyo davlat universiteti jurnalistika bo‘limiga o‘qishga kirdi. Universitetda ham unga maktabdagidek ardoqli munosabat davom etgan. O‘qituvchilari, kursdoshlari — deyarli hamma unga yaxshi munosabatda bo‘lgan. Har kimga munosabat avvalo uning o‘zini qanday tutishiga, muomalasiga, fe’l-atvoriga qarab shakllanadi. Abdulla Oripov olis viloyatlardan kelgan barcha qishloqi yigitlar kabi soddadil, biroz tortinchoq, ishonuvchan, birovni alday olmaydigan talaba bo‘lgan. Kiyim-kechagi odmiroq esa-da, ko‘zi to‘q, molparastlikdan yiroq. Qo‘li ochiq. Paxta terimiga chiqqanda , shiyponda uyushtiriladigan mushoiralar, savol-javoblarda doimo ilg‘orlar qatoridan joy olgan. She’rlari muntazam fakultetning devoriy gazetasida chiqib turgan. Shunday u fakultetning erkatoyiga aylangan. She’rlari matbuot yuzini ko‘ra boshlagan.

Yuqori kurslarda o‘qigandayoq uning nomi tanilib qoldi. 60 yillar ikkinchi yarmida esa katta dovruq qozondi. Uning she’rlariga xos samimiylik va halollik, xudbinlik, soxta, yolg‘on tuyg‘ularning begonaligi, go‘zal istioralar, tashbehlar, kutilmagan obrazlar, nostandart badiiy tafakkur, nohayotiy adabiy andozalardan dadil voz kecha olish, yangicha nigoh va idrok o‘quvchilarga yoqib tushdi. Yosh shoirning jur’ati hammani lol qoldirgan edi. Vatanni sidqidildan sevish, sovetcha «baynalmilal» g‘ururni emas, o‘zbekcha milliy g‘ururni, milliy vatanparvarlikni baralla kuylash, xalq deb o‘kinish odamlar qalbida chuqur aks-sado berdi. Xalq uning siymosida qatag‘onga uchrab, armonga aylanib qolgan Cho‘lpon va Usmon Nosir kabi farzandlarining davomchisini ko‘rdi.

Yosh shoirning mashhurligi o‘sgan sari, tevaragida tegishli idoralar topshirig‘iga ko‘ra zimdan nazorat va chaqimchilik qiladigan «do‘stlar», «ulfatlar» paydo bo‘la boshladi. Bundan ham yomoni — qalamkash hamkasblari orasida xayrixohlar qatorida hasadgo‘ylar ham ko‘paydi. Lekin sovet davlatining ba’zi bir rasmiy idoralari jamoatchilik fikrini, xalq mehr-muhabbatini hisobga olishga majbur edi. Bundan tashqari, O‘zbekistonning birinchi rahbari Sharof Rashidovning va uning ayrim safdoshlarining shaxsiy mehri va ixlosi ham bor edi. Ular shoirga nisbatan turli fisqu fasodlarga, nayranglarga e’tibor berishmadi.

Aksincha, turli ig‘volardan, birinchi galda O‘zbekistonga bo‘ysunmaydigan sobiq markazdan boshqariladigan idoralardan himoyalash uchun dastlab uni komsomol, so‘ng O‘zbekiston davlat mukofoti bilan taqdirlashdi. Shoirga laureat unvonlarini berish, avvalo iste’dodi va asarlarini tan olish bo‘lsa, boshqa tomondan, uni himoya qilish uchun zarur vosita edi. Chunki Moskvadagi ayrim mafkurachilar uni millatchilikda ayblashga urinib kelardi. Hasadgo‘ylar laureatlikni o‘zlaricha talqin qildilar: go‘yoki Abdulla Oripov sovet tuzumiga maddohlik tufayli unvonlarga erishdi. «Yo, tavba» deysan. Axir Abdulla Oripov xalqni uyg‘otgan, istiqlolga chorlagan, milliy g‘ururni yuksaltirgan ijodkorlardan biri-ku!

Nafaqat respublika boshliqlari, viloyatlarning ko‘pchilik boshliqlari, ayniqsa vatanparvarlikka moyil, g‘ururi balandlari ham shoirni ardoqlay boshladilar. Mustaqillik yillari bunday munosabat yangi bosqichga ko‘tarildi. Chunki xalq ham, rahbarlar ham haqqoniy ravishda Abdulla Oripovni mustaqillik jarchisi va kuychisi sifatida qabul qilar edi.

Andijonu Farg‘onada, Jizzaxu Sirdaryoda, Xorazmu Qoraqalpoqda, Samarqandu Buxoroda — butun O‘zbekistonda hurmati yuksak, unga nisbatan xalq mehri qaynoq edi. Ayniqsa, 1996 — 2001 yillardagi Jizzax viloyati hokimi shoirga har tomonlama, birinchi galda yosh qalamkashlarni rag‘batlantirish, o‘qitish borasida yordamini ayamadi. U kishining tashabbusi va amaliy ko‘magi bilan so‘lim Zominda yosh ijodkorlar uchun doimiy harakatdagi seminar, O‘ZMU da Oliy Adabiyot kurslari tashkil etildi.

70 yillardan boshlab Qashqadaryo viloyat rahbarlari uni tez-tez taklif qiladigan bo‘lishdi. Qashqadaryoliklar ham uni orziqib kutar, u bilan faxrlanar edi. Uchrashuvlarda zalga odam sig‘mas, hatto o‘tish yo‘laklari tinglovchilarga to‘lib ketardi. Abdulla Oripovning 50 va 60 yoshlik to‘ylari nishonlanganda, Qo‘ng‘irtov etaklari xalq sayilgohiga aylanib ketgandi. Ayniqsa 2001 yilda xalq oqimi juda katta bo‘lgan edi.

70 yillar boshida viloyat partiya qo‘mitasi birinchi kotibi Ro‘zimat G‘oipov shoirga Gaz-24 «Volga» avtomobili olishi uchun qaror chiqartirgan. Islom Karimov viloyatda rahbar bo‘lganda, shoirga har tomonlama yordam ko‘rsatdi. Mualliflik huquqini himoya qilish respublika bo‘limi raisligiga, O‘zbekiston Xalq shoiri unvoniga viloyat mehnatkashlari nomidan tavsiya etdi. Alixon Rahmatovich Otajonov Abdulla Oripovga Qarshi shahrida kottej tipidagi uy-joy qurdirdi. 17 yoshida tug‘ilgan qishlog‘idan o‘qishga ketib, toshkentlik bo‘lib qolgan shoirning na qishlog‘ida, na Qarshi shahrida uy-joyi yo‘q edi.

Ozod Parmonov shoirning tavallud kuni munosabati bilan, unga oq ot hadya qilib, ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida ko‘tarib mindirib qo‘ydi. Baxtiyor Hamidov shoirga 60 yilligi Qarshida nishonlanayotganda yengil avtomobil kalitini tantanali topshirdi. Nuriddin Zayniyev Abdulla Oripovni har tomonlama qo‘llab-quvvatladi, Do‘rmondagi hovlisini rekonstruksiya qilishda yordamlashdi. Shoirning hovlisiga qoraqalpoqlar o‘tov o‘rnatib bergandi.

Tanish-notanish odamlar uni mehmon qilgisi, esdalik uchun biror narsa bergisi kelardi. Yaqin qarindoshlar yoki do‘stlardan o‘ziga to‘qlari cho‘ntagiga to‘rt-besh so‘m tiqib qo‘yishga intilardi. Otam Panji Erkayev, qaynotam Temir Mirzayev va boshqalarning bunday qilgani o‘zim ko‘p bor kuzatganman. Kayfi chog‘ shoir o‘z navbatida o‘rtamiyona kun kechiradigan boshqa qarindoshlariga yoki bechorahol qishloqdoshlariga cho‘ntagidagi pullarni, olgan sovg‘a-salomlarning ko‘pchiligini tarqatardi. Saxiy inson edi. Menimcha, saxiy bo‘lmagan shoir ijodda yuksaklikka erisha olmaydi. Chunki qalbi tubidagi tuyg‘ularini, zavq-shavqini, dardlarini birovlardan qizg‘anadi. O‘zligini borligicha berolmaydi.

Abdulla Oripovning o‘zi ham xalqning erka shoiri ekanini yaxshi bilardi. Ba’zan sarxushlikda ayrim davradoshlariga, ayrim mahalliy mansabdorlarga oshiribroq gapirib qo‘ysa, ertasi kuni «bir erkalik qilgim keldi-da», deb shunday samimiy aytar ediki, hamma jilmayib, yana unga zavq va mehr bilar qarardi. Men ancha xijolat bo‘lib , keyinroq hushyor davradoshlardan shoirdan falonchi xafa emasmi, deb so‘rardim. «Shoir hech kimga, hech qachon adolatsiz gapirmaydi. Falonchi falon ishlari uchun ta’zirini yedi. Bundan hammamiz xursand bo‘ldik», - degan javobni ko‘plab marta eshitganman. Shoir ijodining, hayotining katta qismi shunday erkatoylikda o‘tdi. Ammo...

Abdulla Oripovning muxolif hasadgo‘ylari baribir maqsadiga qisman erishdi. Shubhakorligi keksaygan sari kuchayib borayotgan davlat rahbarini shoir umrining so‘nggi yillarida undan aynitishdi. Do‘rmondagi yozuvchilarning ijod uyini kapital ta’mirlash boshlanishi bilan u Yozuvchilar uyushmasi raisligidan iste’foga chiqarilib, faxriy raislikka o‘tkazildi. Oylik maoshining 75 foizi, xizmat mashinasi, ish kabineti saqlab qolindi. Tashqi tomondan hammasi joyidagidek edi.

Ammo she’rlarining vaqtli matbuotda chop etilishiga, radio va televideniyeda o‘qilishiga pinhona taqiq qo‘yildi. Xizmat mashinasi yonilg‘isiga limit ajratilmadi. Uni jamoatchilikdan uzib qo‘yishning turli usullari qo‘llandi. «Abdulla Oripovning uyi kuzatuvda, borsang qora ro‘yxatga tushasan, mansabingdan ayrilasan» qabilida gaplar tarqatildi. Bir kuni shoirni ko‘rgani bordim. O‘zimcha tasalli berishga, kayfiyatini ko‘tarishga harakat qildim. «Bundan yomonlarini ilgari boshdan o‘tkazgansiz. Bunisi ham o‘tib ketadi», — dedim.

«To‘g‘ri, shunday-kuya. Noshukurchilik qilayotganim yo‘q. Meni Sharof aka tishining kavagida asragandek 15 yil asradi. Aks holda o‘sha yillarda yo‘q qilib yuborishar edi. 20 yil Islom aka qattiq qo‘llab-quvvatladi. Ikkalasiga ham rahmat. Taqdirimda ijod yo‘limning boshlarida va oxirida og‘ir sinovga duch kelish bor ekan. Nachora!» — dedi horg‘in, lekin qat’iy ohangda.

Ijod uyi ta’mirdan chiqqandan keyin, davlat rahbarining ijodkorlarni yanada qo‘llab-quvvatlashiga qaratilgan qarori chiqdi. Qarorda, qizig‘i, yosh ijodkorlar uchun Zominda seminar tashkil etilishi belgilangan edi. Ba’zi qalamkashlar ehtiros bilan bunday himmat uchun yurtboshiga OAVda cheksiz minnatdorchilik bildirdilar.

Yana «tavba» deyishdan boshqa ilojing yo‘q. Axir ijodiy seminarlar bungacha qator yillar davomida Zominda o‘tkazib kelinayotgan edi-ku! Uni tashkil etish, xarajatlarini ko‘tarish dastlab Jizzax viloyati hokimi, keyingi yillarda Respublika hukumati boshlig‘ining bevosita yordamida amalga oshirilgan edi. Shoirning uyushmadagi o‘z faoliyatidan qoniqadigan, hatto faxrlanadigan ishlaridan birinchisi — Do‘rmondagi ijod uyini va kottejlarini, boshqa respublikalardan farqli, xususiylashtirishdan saqlab qolgani bo‘lsa, ikkinchisi — Zomindagi yosh ijodkorlar uchun tashkil qilingan seminar, uchinchisi O‘zMU huzurida Adabiyot oliy kurslarining yo‘lga qo‘yilgani edi. Lekin yuqorida eslangan qarorga kirmay qolgani uchun Adabiyot oliy kurslari faoliyati to‘xtab qoldi. Amalda bu olg‘a siljish emas, ushbu masalada ortga ketish edi.

Respublika rahbariyati o‘zgargandan keyin, Abdulla Oripovga nisbatan adolat yana tiklandi. Ammo shoirning yerdagi umri nihoyasiga yetib bo‘lgan edi.

Bugun yangi rahbar tashabbusi bilan Adabiyot oliy kurslari yana faoliyat yurityapti. Shoir she’rlari, asarlari katta adadlarda bosilmoqda. Nomi abadiylashtirilmoqda. Toshkentda Adiblar xiyobonida, Qarshining markazida unga haykal o‘rnatildi. Qarshida uning nomida ijod maktabi tashkil etildi. Davlat rahbarining Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risidagi qarorida uning nomini abadiylashtirishni, hayotini, ijodini chuqur o‘rganish va targ‘ib etishni yanada kuchaytirish belgilangan. Bu yangilanayotgan O‘zbekistonda inson qadr-qimmatiga, ayniqsa xalqning asl farzandlari xotirasiga munosabat o‘zgarganidan dalolatdir.

Abdulla Oripov hayotidagi paradoks — bir tomondan umumxalq mehri, hurmat-izzat, yuksak unvonlar va mukofotlar, ikkinchi tomondan, hasadgo‘y raqiblar ig‘vosi, ular tufayli turmushining zaqqumga aylangani — shoir fenomenining o‘ziga xos bir bo‘lagidir. Bu ikki qarama-qarshi munosabatni, unga nisbatan mehr-muhabbatni va ayrim kimsalar nafratini xaspo‘shlab ham, inkor qilib ham bo‘lmaydi. Borligicha qabul qilish kerak. Faqat hasadgo‘ylar soni xalq soni oldida sezilmasligi shoir ruhi pokiga taskin berayotgan bo‘lsa ajab emas.

Abdurahim Erkayev,
Oliy Majlis Senati a’zosi

Manba: xs.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Shoir hayotidagi paradoks yoxud Abdulla Oripov armonlari