14:29 / 27.03.2021
4 374

«500 million so‘m zarar ko‘rdik». Davron Kabulov «7 yulduz» shou konsertining qoldirilish sababini ma’lum qildi (video)

«500 million so‘m zarar ko‘rdik». Davron Kabulov «7 yulduz» shou konsertining qoldirilish sababini ma’lum qildi (video)
Foto: «Daryo»
«Xalqlar do‘stligi» saroyida 1—6 aprel kunlari Davron Kabulov tomonidan «7 yulduz» shou konserti rejalashtirilgan edi.
Davron Kabulov «Daryo» muxbiri Feruz Muhammadga bergan intervyusida ushbu dasturning qoldirlish sabablarini ma’lum qildi.

- «7 yulduz» deb nomlangan yangi loyihamiz bo‘yicha bir e’lonni yetkazib qo‘ymoqchiman. «Xalqlar do‘stligi» saroyida 1—6 aprel kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan «7 yulduz» konsert dasturi sentabr oyiga qoldirildi.

«Nima sababdan aprel oyida bu konsert bo‘lib o‘tmaydi», degan savol, chiptalarni xarid qilishga ulgurgan tomoshabinlar orasida bo‘lishi tabiiy. Juda ko‘p yurtdoshlarimiz bu loyihaga katta qiziqish bildirishayotgandi. Buni kassaga kelayotgan talablardan ham bilsa bo‘lardi. Ochig‘ini aytaman, o‘zimiz ham uyg‘onishga, ko‘zimizni ochishga, bu narsani hazm qilishga harakat qilyapmiz, lekin bu holat qiyin bo‘lmoqda. Xudo xohlasa bu konsert aprelda bo‘lmasa, sentabr oyida yanada puxta tayyorgarliklar bilan, albatta, bo‘ladi.

Konsertni bekor qilishimizning sababi bor. Respublika maxsus komissiyasining qarori e’lon qilindi. Unga ko‘ra ommaviy tadbir, konsertlar, to‘ylardagi cheklov yana qaytmoqda. Xususan, konsertlarda tomoshabinlar umumiy sonining 50 foiziga ruxsat berilishi haqida qaror qabul qilishmoqda.

Fursatdan foydalanib, Respublika maxsus komissiyasidagilarga, mutasaddilarga bir iltimos bilan yuzlanmoqchiman. Bu gaplarni shahar ommaviy tadbirlarni o‘tkazish yig‘ilishida ham aytib o‘tgandim, hozir efirda ham aytmoqchiman. Bu yomon ma’noda yoki tanqid qilish ma’nosida emas. Agar imkoni bo‘lsa shunday qarorlarni qabul qilishdan avval, konsert tashkilotchilarining fikrini ozgina inobatga olishsa zo‘r bo‘lardi.

Ochig‘ini aytsam oldin 100 ta odam konsert tashkilotchiligi bilan shug‘ullangan bo‘lsa, ularning yarmi hozir bu sohani yig‘ishtirdi, bu faoliyatdan ketmoqchi bo‘lganlar qancha. Chunki tashkilotchilarga zarbaning ketidan zarba bo‘lmoqda. Har birining qancha xodimi bor, bir yil davomida ularni o‘z cho‘ntaklaridan ushlab turishga harakat qilindi.

Bosh vazirimizning shaxsan o‘zlari bu narsa bilan shug‘ullanib, «odamlarga yaxshi kayfiyat ulashish kerak», deb, qayg‘urib «Xalqlar do‘stligi» saroyiga kelib, vaziyatni o‘rganib, konsertlarni o‘tkazish haqida topshiriq berdi. Ularga rahmat aytmoqchiman. Lekin vaqt o‘tganidan so‘ng komissiyaning qarori bilan yana 50 foiz tomoshabinga ruxsat bermoqda.

«Xalqlar do‘stligi»da 50 foiz tomoshabin uchun konsert qilish juda qiyin, bu amalda uddalash juda qiyin bo‘lgan vazifa. Bunaqa qaror qabul qilishdan avval bir og‘iz «sharoitlaring qanaqa», deb so‘rashganda yaxshi bo‘lardi.

Tomoshabinlar har qaysi viloyatdan keladi. «Xalqlar do‘stligi» saroyi ma’muriyati har ikki o‘rindiqdan bittasini skochlab qo‘yishga majbur, ularni ham to‘g‘ri tushunaman, ular qarorning ijrosini ta’minlash uchun shunday qilishga majbur. Er-xotin qaysidir uzoq viloyatdan konsertga keladigan bo‘lsa, «aka siz kunduzi keling, kelinoyim kechqurun keladilar», deymizmi. Bu yana tartibsizlikka olib kelmaydimi. Jabrlanadigan faqat bitta tomon bor, u ham bo‘lsa tashkilotchidir.

O‘tgan yilgi konsertlarning reklamasida jiddiy zarar ko‘rgan tashkilotchilar, undan tashqari qo‘shimcha xarajatlarni qilishga majbur bo‘lmoqda. Yangi tartib bo‘yicha har bitta sahnadagi va sahna ortidagi ishtirokchi koronavirusga test topshirishi majburiy qilib qo‘yilgan. «Million» jamoasi shu test uchun 25-30 million so‘m to‘ladi, bu, umuman, nazarda tutilmagan xarajat edi.

Tomoshabinlarga qulaylik bo‘lsin, «chiptaga pul sarfladik, bir yil kutdik, endi niqob ham sotib olishimiz kerakmi», deyishmasin, degan fikrda tekinga niqob ham tarqatdik.

O‘tgan yilgi reklamamiz havoga uchib ketdi. Reklamaning o‘zidan 320 million so‘m zarar ko‘rdik. Banner ildik, telekanalda reklama qildik, ularga borib «pulni qaytarib ber», desam ular bu gapga ko‘nishmaydi-ku.

Birorta odam kelib «sen qanaqa zarar ko‘rding, kel, bir uchuni biz ham ko‘tarib yuboramiz», degan gapni aytmaydi. Tovon puli haqida ham gap yo‘q, shunchaki «to‘xtatib qo‘yaylik, bo‘ldi», deyishmoqda.

Odamlarni yaxshi dam olishi uchun, qiziqarli loyiha qilish uchun harakat qilib tursak, bu yoqdan bunaqa holat bo‘lib turibdi.

Shunday holatlarda Respublika maxsus kommissiyasi bir og‘iz, hech bo‘lmaganda «Xalqlar do‘stligi» saroyida eng ko‘p konsert qo‘yadigan tashkilotchilarni chaqirib, «shunday qarorga kelyapmiz, nima deysizlar», deganida hech bo‘lmaganda, iloji yo‘q vaziyatimizni tushuntirgan, shunga qarab yo‘l tutgan bo‘lardik. Hozir hamma tashkilotchining dardi ichida.

Shu ikkita konsert, ya’ni «Million»ning o‘tgan yilgi qoldirilgan va bir yil keyinga qoldirilgan konserti, «7 yulduz»ning qoldirilishi oqibatida kompaniyamiz 500 million so‘mdan ortiq zarar ko‘rdi, deydi «Million» jamoasi sardori, «7 yulduz» shou dasturi tashkilotchisi Davron Kabulov.

Ma’lumot uchun, «7 yulduz» shou konsertida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Tohir Sodiqov, Rayhon G‘aniyeva, xonandalar Munisa Rizayeva, Shohruhxon, Shohruh repper kabi xonandalarning chiqishi ma’lum qilingan bo‘lib, qolgan ikki san’atkorning kimligi sirligicha qolmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » «500 million so‘m zarar ko‘rdik». Davron Kabulov «7 yulduz» shou konsertining qoldirilish sababini ma’lum qildi (video)