18:30 / 19.04.2021
4 024

Aktrisa Norposhsha Hasanova Mirza Azizov unga uy olib berganini ma’lum qildi (video)

Aktrisa Norposhsha Hasanova Mirza Azizov unga uy olib berganini ma’lum qildi (video)

O‘zbekiston xalq artisti Mirza Azizov 16 aprel kuni 58 yoshida vafot etdi. Mirza Azizovning hamkasbi, aktrisa Norposhsha Hasanova 34 yil davomida farzandlari bilan yotoqxonada yashagani, Mirza Azizov esa unga uy olib bergani haqida gapirib berdi.

Aktrisa bu haqda YouTube’dagi YashinTV’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
"Mirzajon mendan uch yosh kichik edilar. Men uchun ular juda ham qadrli bo‘lib qolganlar. Ularni inson qiyofasidagi farishta derdim. 2016 yilda Mirzajon teatrga direktor bo‘lganlarida, ularga so‘z berilganda, bu voqeani har safar juda katta hayajon bilan eslayman, bu voqeani boshqacha eslab bo‘lmaydi.

«Menga berilgan ishonchingizni oqlashga harakat qilaman, faqat bitta iltimosim bor, mana shu teatrda 34 yildan buyon ishlab kelayotgan Norposhsha Hasanovaga bitta uy olib beraylik. Ular o‘ttiz to‘rt yildan buyon farzandlari bilan yotoqxonada yashaydilar. O‘g‘illarini uylantirishlari, qizlarini turmushga berishlari kerak», degandilar.

Bu gapdan bir uyalaman, xijolat bo‘laman, bir xursand bo‘laman, men uchun bir inson qayg‘urganligidan suyunaman. O‘sha vaqtda Madaniyat vaziri Bahodir Ahmedov edilar, ular ham rad qilmasdan «Norposhsho opa, ijobiy hal qilishga va’da beramiz» dedilar. Shu ikki inson va’dalarini ustidan chiqib 2016 yilda bizga uy qilib berdilar, 34 yil deganda, 56 yoshimda uyli bo‘lganman.

Hozir uyga kiraman-u, bolalarim suyunganidan, ishongilari kelmay «shu uy biznikimi», deyishadi. Uyimning devoriga qaraymanmi, tomiga, romiga qaraymanmi, qayeriga qarasam Mirzani ko‘raman. Mirzani teatrda ko‘rsam, minnatdorlik hissidanmi yig‘lab yuborardim, hattoki ularni xijolat qilmaslik uchun qochib yuradigan bo‘ldim. Ular xijolat bo‘lmasin derdimda.

Bu inson hammaga, hattoki birinchi ko‘rishgan insonlariga ham qo‘llari ko‘ksida bo‘lardi. Kimga bo‘lmasin yaxshi muomala qilib, «nima kamchilik, mendan nima yordam» deb so‘rardilar. Faqat va faqat yaxshilik qilganliklarini eshitganman. Buni aytmasam bo‘lmaydi, yolg‘on gapirayotganim yo‘q, hozirgi gaplarimni ulardan yaxshiliklar ko‘rgan barcha inson vijdonida tasdiqlab turibdi.

Bugun teatrga repititsiyaga keldik. Tashqarida turibmiz. Hech narsa yo‘qdek, huvvilab qolgandek hamma joy. Allohni irodasi ekan, ilojimiz qancha.

Ularga Allohim shunday yaxshi jufti halol nasib etgan, illohim farzandlari baxtli bo‘lsin. Qo‘limizdan keladigani faqatgina ularning haqqiga duo qilish xolos. Oxiratlari obod bo‘lsin, illohim yotgan joylari jannatdan bo‘lsin", - dedi Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatr aktrisasi Norposhsha Hasanova.

Mirza Azizov o‘zbek tomoshabinlariga «Tubanlik», «Gumrohlar», «Na malakman, na farishta», «Alpomishning qaytishi», «Shohnoma» kabi film hamda spektakllardagi rollari orqali tanilgan edi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Madaniyat » Aktrisa Norposhsha Hasanova Mirza Azizov unga uy olib berganini ma’lum qildi (video)