21:00 / 20.05.2021
3 176

«Oskar» mukofotiga ilgari surilgan hind filmlari


Kino sohasi vakillari taqdirlanadigan «Oskar» mukofoti 1929 yilda tashkil qilingan bo‘lib, taqdirlash marosimi har yili Los-Anjelesda joylashgan «Dolbi» teatrida bo‘lib o‘tadi. Mukofotlardan biri «Chet tilidagi eng yaxshi film» nominatsiyasi uchun berilib, unda Gollivuddan tashqarida suratga olingan to‘liq metrajli filmlar taqdirlanadi.

Ushbu nominatsiyaga Hindiston 1957 yildan beri o‘z nomzodlarini ko‘rsata boshlagan. «Devdas», «Zafaron rangi», «Osmondagi yulduzchalar», «Barfa», «Sud» va jami 62 ta filmdan 3 tasigina mazkur mukofot nominatsiyasiga nomzod bo‘lishga muvaffaq bo‘lgan.

«Ona Hindiston» (1957)

Foto: Getty Images
Film syujeti qishloqning oddiy qizi Radxaning murakkab taqdiri haqida hikoya qiladi. Qizning qaynanasi to‘y xarajatlarini qoplash uchun mahalliy sudxo‘rdan qarz oladi. Sudxo‘r ayolning o‘qishni bilmaganidan foydalanib, hosilining 4 dan 3 qismini o‘ziga berishi yozilgan shartnomani imzolatadi. Radxa qaynanasini himoya qilishga va shartnomani bekor qilishga kirishadi, ammo qishloq oqsoqollari sudxo‘r foydasiga qaror qiladi. Oqibatda ayolning oilasi hech nimasiz qolgani yetmagandek, Radxaning turmush o‘rtog‘i Shamu uni ikki nafar o‘g‘li bilan qoldirib, tark etadi. Radxa kambag‘allik bilan birga nohaqlikka qarshi yolg‘iz kurashishiga to‘g‘ri keladi.

«Salom, Bombey» (1988 yil)

Foto: Getty Images
Kartina syujeti ish qidirib Bombeyga borib qolgan tarbiyali va kamtar bola Krishna haqida hikoya qiladi. Orzulariga erishish uchun qishlog‘ini tark etgan Krishna katta shaharning yomon taraflariga duch keladi. Qahramon oldida ikkita yo‘l bo‘ladi: atrofdagi nohaqlik va qora niyatli kimsalarning ishlariga ko‘z yumish yoki o‘zligini yo‘qotmasdan qiyinchiliklarni yengib o‘tish. U ikkinchi yo‘lni tanlaydi va har yangi qadamida go‘l yigitdan haqiqiy erkakka aylanib boradi.

«Lagaan: Bir kuni Hindistonda» (2001)

Foto: Getty Images
Filmda XIX asr oxiri, Hindistonning Britaniya kolonizatsiyasi bo‘lgan vaqtidagi voqealar hikoya qilinadi. Gujarat shtatidagi qishloq aholisi soliqlarni to‘lashga qiynalganidan soliq yig‘ishga javobgar shaxs kapitan Endryu Rasselga biroz muddat berishini so‘rab, iltimos qiladi. Kapitan bunga javoban umrida kriket o‘ynab ko‘rmagan qishloq aholisiga kriket bo‘yicha musobaqada ishtirok etishni, agar ular yutsa, uch yil davomida soliq yig‘masligi, aksincha bo‘lsa, uch karra ko‘proq summada to‘lashi kerakligini aytadi. Bu haqida xabar topgan kapitanning singlisi Elizabet Rassel shartga rozilik bergan qishloq ahliga o‘yin qoidalarini o‘rgatadi. Uch kun bir xil hisob bilan davom etgan musobaqa Rasselning bir xato evaziga mag‘lub bo‘lishi bilan yakuniga yetadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » «Oskar» mukofotiga ilgari surilgan hind filmlari