18:37 / 30.08.2021
15 649

Aktyor Mirolim Qilichev o‘zidan 15 yosh kichik qizga uylangani haqida so‘zlab berdi (video)

Aktyor Mirolim Qilichev o‘zidan 15 yosh kichik qizga uylangani haqida so‘zlab berdi (video)
Foto: «Daryo»
Aktyor Mirolim Qilichev «Daryo» internet-nashriga eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni Daryo muxbiri Feruz Muhammad tashkillashtirdi.

Suhbat davomida Mirolim Qilichev o‘zidan 15 yosh kichik qizga uylangani va «bu Mirolim Qilichevning ikkinchi oilasi» degan gap-so‘zlarga oydinlik kiritdi.

- "To‘yimiz haqiqatan juda tez bo‘lib ketdi. Aslida, to‘yimizni Toshkentda qilmoqchi edik. Lekin dadam to‘yni Buxoroda bo‘lishini xohladilar. Siz nima desangiz, shu bo‘ladi, dedim va to‘yimizni Buxoroda qildik. Ko‘p do‘stlarimizni, akalarimizni taklif qilishga ham ulgurmadim.

To‘yimga uch kun qolganida men uchun aziz bo‘lgan ustozim, O‘zbekiston san’at arbobi Muhammad Rafiqov olamdan o‘tib qoldilar. Bu xabarni eshitganimdan so‘ng taklifnomalar ham, hammasi qolib ketdi.

Uylanish juda ham mushkul bo‘ldi. O‘ttiz uch yoshda uylandim. Bundan avval necha martalab uylanmoqchi bo‘lganman, sovchi yuborgan xonadonlarim ham ko‘p bo‘lgan. San’at sohasidagi qizlarga ham sovchi qo‘yganman, boshqa sohadagi qizlar ham bo‘lgan. Arzimagan sabablar bilan bo‘lmay qolgan. Xullas, nasib etgan kuni hozir ekan.

Ayolim bilan bir to‘yda tanishib qolganmiz, ular kelin dugona ekanlar. Bir tanishim shu qiz bilan tanishib ko‘r, juda yaxshi, aqlli qiz, degani uchun ko‘rishdik, menga har tomonlama ma’qul bo‘ldi. Keyin mana, to‘y bo‘lib ketdi.

O‘zi ota-onam ham qachon uylanasan, deya juda ko‘p aytishayotgandi. Avvallari ota-onam ‘uylanasan’ deb janjal qilgan vaqtlarida akam, opam, singillarim yonimni olib turishar edi. O‘ttiz yoshlarimda ham yonimni oladigan odamlar bor edi. Keyingi vaqtlarda ota-onamdan boshlab ustozlarimgacha ‘uylanasan’ deb, qat’iy turib olishdi.

Ota-onamga sizlar nima desangiz shu, qayerdan kelin topsangiz, o‘sha qizga uylanaman, degandim. Buxorodan ham kelin qidirdik, uchrashganlarimiz ham bo‘ldi, sovchilar yuborgan xonadonlarimiz ham bo‘lgan, ammo taqdir emas ekan. Ayolim Toshkent viloyatidan, uch-to‘rt oy oila qurish uchun jiddiy yondashdim.

Men haqimda ‘qizlar bilan ko‘p yuradi, bir necha marta uylangan’ degan mazmunda har xil mish-mishlar chiqqan. Ko‘p yildan buyon uylanmasdan yurganimni ham shu bilan izohlashardi. Men oddiy qishloq bolasiman, Buxoro viloyati, Romitan tumani, Chandir qishlog‘ida tug‘ilganman. Qishloqdan Toshkent shahriga kelib o‘qish, ishlash, bu yerdan uy-joy qilish oson emas. Bugun uy qilishim kerak, ertaga boshqa bir tashvishlar bilan uylanish o‘z-o‘zidan kechikib ketavergan. Hattoki internetda Mirolim Qilichevning nechta xotini bor, degan sarlavhali xabarlar chiqqan ekan.

Ayolimning oilasiga ham bu gap-so‘zlar yetib borgan, bu xabardan so‘ng ular qizimizni bermaymiz, deb turib olishdi. Ayolim yaqinda aytib qoldi, uning uyidagi 95 % odam to‘yimizga qarshi bo‘libdi. Hattoki onasi ham ‘mayli qizim, fotiha qaytsa qaytsin, lekin sening butun umr qiynalib yashashingni xohlamayman, qizim’ debdi. Lekin ayolim bitta o‘zi, yosh joniga menga ishonib, kurashibdi. ‘Chunki men siz bilan butun umrli hayotimni chizib chiqqan edim, nima bo‘lsa bo‘ldi, ortga yo‘l yo‘q, shu yigitga tegaman, dedim’ dedi. Bu gapni aytganidan so‘ng o‘zim ham juda xursand bo‘ldim.

Oramizda o‘n besh yosh farq bor. Ammo menga juda katta yosh oralig‘i sezilmayapti. Eng muhimi, aqli, farosati, dunyoqarashi joyida", - deydi Mirolim Qilichev.

Ma’lumot uchun, Mirolim Qilichev 1987 yil, 28 noyabr kuni Buxoro viloyati, Romitan tumanida dunyoga kelgan. Aktyor «Umid», «Jasur», «Balli, Komoliddin», «Uqubat» kabi filmlardagi bosh rollari bilan mashhurlikka erishgan. Bugungi kunda O‘zbek milliy akademik drama teatrida faoliyat yuritadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Aktyor Mirolim Qilichev o‘zidan 15 yosh kichik qizga uylangani haqida so‘zlab berdi (video)