20:50 / 18.09.2021
2 192

Jahongir Xo‘jayev «Real xit» sabab uni Dubay va Moskvada politsiya ushlagani haqida (video)

Jahongir Xo‘jayev «Real xit» sabab uni Dubay va Moskvada politsiya ushlagani haqida (video)
Foto: «Daryo»
Aktyor va shoumen Jahongir Xo‘jayev «Daryo» internet-nashri uchun eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni «Daryo» muxbiri Feruz Muhammad tashkillashtirdi.

Jahongir Xo‘jayev suhbat davomida «Real xit» ko‘rsatuvi sabab uni Dubay va Moskvada politsiya ushlagani, o‘zbek muhojirlar esa u sabab jarima to‘lashga majbur bo‘lgani haqida gapirib berdi.

- «Real xit» ko‘rsatuvi hech qayerdan o‘g‘irlanmagan. To‘g‘ri «Aktyor» loyihasi «Toch-v-toch»dan o‘g‘irlangan, lekin «Real xit» o‘g‘irlangan loyiha emas. Loyiha yaralish vaqtida bosh prodyuserimiz Aziz aka va Tarona Records’dan Sarvar aka degan odam yonimda bo‘lishgan. Ana o‘sha odam birga turgan vaqtimiz menga «Xit-parad qilgin», deb aytgan. Sarvar aka «Qaysi qo‘shiq ommalashgani haqida oddiy haydovchilardan so‘ragin», deganlar. Aziz aka esa ekranda har bir ovoz uchun +1 yozilishini aytganlar.

Qanday bo‘lar ekan, deb birinchi sartaroshlarning oldiga chiqib ko‘rganman. Boshlanishiga beshta efirda o‘zimni topa olmaganman. Televizorda ko‘rib, o‘rganib qolganimdek qo‘limni cho‘ntagimga solib gaplashganman. Beshta sonidan keyin ochilib ketdim. Odamlar bilan o‘zlaridek bo‘lib gaplashdim. Masalan, odamlar ko‘chada Alisher Uzoqovni ko‘rib qolishsa «Aka, rasmga tushaylik», deb jiddiy so‘rashadi. Meni esa yaqin ko‘rishgani uchun «Kel, suratga tushamiz», deb kulishib gaplashishadi. Men bu narsadan xursandman. Loyihamiz shunday yaralgan. Keyin juda omadli bo‘lib ketdi.

Xorijiy davlatlarga borib ko‘rsatuvimizni suratga olishimiz uchun ketadigan xarajatlarni turistik firmalar ko‘tarishadi. Ularning o‘zlari bizga aloqaga chiqishadi. «Biz seni olib boramiz, lekin sen bizni reklama qilib berasan», deb aytishadi. Men esa bir borganimda bir oylik ko‘rsatuvlarimni suratga olib kelaman. Lekin ruxsatnoma yoki xatlar qilib o‘tirmayman. Chaqqon bo‘lganim uchun yo‘limdan politsiya chiqib qolsa, mikrofonni berkitib olaman yoki blogerman deb aytaman.

Bir kuni Dubayda bir yarim soatlik material suratga oldim. O‘ziyam bor kuchimni tashlab ishlagan edim. Savdo markazida suratga olayotganimda O‘zbekistondan borgan vatandoshlarimiz bayroqlar bilan to‘planib turganini ko‘rib, Dubay politsiyasi bizni miting qilyapti, deb o‘ylagan. Meni ichkariga olib kirib, fleshkalarimni olib qo‘yishgan. Ana shu yerda shayxlari turganida ularga telefonimdan ko‘rsatuvlarimni ko‘rsatganman. U fleshkamni qo‘limga berishi bilan bor kuchim bilan yugurib qochib ketganman.

Bunday voqea Moskvada ham bo‘lgan, bu voqea YouTube’da ham bor. Moskvada Gorkova parkiga (tahririyat: Sentralniy park kulturi i otdixa im. M.Gorkogo) uch mingta odam yig‘ilgan. Yig‘ilayotgan o‘zbeklarga qarab, «Yig‘ilish mumkin emas ekan», dedim, Qarasam, militsiya kelayotgan edi. «Qochinglar, militsiya kelyapti», desam ham meni tushunishmagan. Bizni olib ketishsa, kameralarimizni olib qo‘yishar edi.

Hamma narsani sumkaga solib Diyor, men va Ahmad qochdik. Qochayotganimizda ham o‘zbeklarimiz oldimizga kulib kelaverishdi. Ortimizdan militsiyalar kelayotganini ko‘rib, bir restoranga kirib o‘tirib oldik. O‘zimizni xuddi gaplashib o‘tirganlardek tutdik. Militsiyalar restoranga kirib, atrofga qarab turgan vaqtida bir vatandoshimiz oldimga kelib, selfiga tushgan edi, militsiya xodimlari oldimizga kelishdi. Keyin men ana shu vaqt ularni ham aldab yuborganman. «Akalar, men O‘zbekistonda shunaqa mashhur insonmanki, bu yerda bitta jonli efir qilgan edim, muxlislar oldimda yig‘ilib olibdi», dedim. Shunda militsiya xodimlari avtomobillarda hamrohlik qilib, meni kuzatib yuborishgan.

Lekin men o‘sha vaqtda u yerdagi o‘zbeklarga qoyil qolganman. Bilasizmi nega? Ana o‘sha kuni u yerda yig‘ilgan barchani avtobusga bosib, olib ketishgan, jarima ham to‘latishgan. Shuncha voqealardan keyin ham ular menga «Aka rahmat, sizni ko‘rdik, maza qildik», deyishgan. Meni ko‘rayotgan o‘sha yerda bo‘lganlarga rahmat aytaman, - dedi «Aristokratlar» kulgi jamoasi sardori, «Real xit» ko‘rsatuvi boshlovchisi Jahongir Xo‘jayev.

Ma’lumot uchun, Jahongir Xo‘jayev 1995 yil, 22 avgust kuni Toshkent shahrida dunyoga kelgan. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida tahsil olgan. «Aristokratlar» kulgi jamoasining sardori, «Real xit» ko‘rsatuvi boshlovchisi. Rejissyor sifatida «Payg‘ambar oshig‘i Hasan» qisqa metrajli filmini suratga olgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Madaniyat » Jahongir Xo‘jayev «Real xit» sabab uni Dubay va Moskvada politsiya ushlagani haqida (video)
[/banner_pushhouse