17:01 / 16.10.2021
3 484

«Tutqunlik» filmini bugun tomosha qilishingiz mumkin

«Tutqunlik» filmini bugun tomosha qilishingiz mumkin
Mamlakatimizning bir qator telekanallarida O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati ko‘magida suratga olingan «Tutqunlik» badiiy filmining milliy namoyishi bo‘lib o‘tadi. Ushbu film «Buxoriylar» kinostudiyasida, taniqli rejissyor Rashid Malikov tomonidan real voqealar asosida suratga olingan.

Yangi O‘zbekiston sharoitida inson sha’ni, qadr-qimmati, vijdon va e’tiqod erkinligi singari oliy qadriyatlarga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratila boshlandi. Bu o‘zgarishlar zamonaviy o‘zbek kinosida ham aksini topmoqda. Keyingi yillarda Agentlik buyurtmasiga binoan, shu mavzuda «Ayol qismati», «Men terrorchi emasman», «Baron-2», «Afv», singari qator kartinalar yaratildi. «Tutqunlik» badiiy filmida Prezidentimiz topshirig‘iga asosan tashkil etilgan «Mehr» operatsiyasining mazmun-mohiyati, inson qadr-qimmati, Vatan sog‘inchi, tinchlik va farovonlikning qanchalik tansiq ne’mat ekanligi haqida so‘z yuritiladi.

«Tutqunlik» filmining taqdimoti shu paytga qadar bir necha bor turli doiralarda o‘tkazildi. Jumladan, joriy yilning 28 sentabr-3 oktabr kunllari o‘tkazilgan «Ipak yo‘li durdonasi» XIII Toshkent xalqaro kinofestivalida xorijiy kino jamoatchiligi tomonidan alohida e’tiirof etildi. Biz ijtimoiy ahamiyatini e’tiborga olib, mazkur filmni telekanallarimiz orqali xalqimizga tuhfa etyapmiz
, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi rahbari, filmning bosh prodyuseri Firdavs Abduxoliqov.

–Biz ushbu filmni suratga olishdan avval juda ko‘p ma’lumotlar to‘pladik, «Mehr» operatsiyasi tufayli O‘zbekistonga olib kelingan ayollar bilan suhbatlashdik, ularning taqdiri, ruhiyati, xarakterini chuqur o‘rgandik, – deydi film rejissyori Rashid Malikov. – Ularni noto‘g‘ri yo‘lga kirib qolgan jinoyatchi emas, oddiy inson, ayol sifatida ko‘rsatishga harakat qildik. Shu bois, tomoshabinlar bu filmni shunchaki kino emas, bugungi hayotimiznning aks-sadosi, taqdir zarbasiga duch kelgan zamondoshlarimiz qismatining ekrandagi ifodasi deb qabul qilishlarini so‘rardim.

Ta’kidlash joizki, «Mehr» operatsiyasi doirasida 2019 yilning may oyidan boshlab, Yaqin Sharqdagi urush o‘choqlaridan 531 nafar hamyurtimiz O‘zbekistonga qaytarildi.

Filmning ssenariy mualliflari – Azamat Korjovov va Rashid Malikov, operator – Aleksey Venzos postanovkachi rassom – Doniyor Abduraxmonov. Bosh rollarni Nigina Anorboyeva, Firdavs Oripov, Feruza Sobitova, Gleb Gollender Laylo Farruxova, Dilshoda Jo‘rayeva singari aktyor va aktrisalar ijro eishgan.

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayonlarini yoritishga ko‘maklashish maqsadida O‘zEOAVMA, «Yuksalish» umummilliy harakati va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil qilingan «Xalqaro media xol»da mazkur film taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Taqdimot marosimida «Media xoll» ishtirokchilari, talabalar va kursantlar ishtirok etadi.

«Tutqunlik» badiiy filmi 16 oktabr kuni «O‘zReport» telekanalida 21:30da, 17 oktabr kuni «SevimliTV»da 22.20 da, «Zo‘rTV»da 14.15 da, «Mening yurtim»da 15.00 da, «RenessansTV»da 20.30da, 18 oktabrda «Renessans TV»da 12.00 da namoyish qilinadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » «Tutqunlik» filmini bugun tomosha qilishingiz mumkin