16:56 / 27.11.2021
1 837

«Ilhaq» filmi Belarusdagi xalqaro kinofestivalda ikkita yirik mukofotni qo‘lga kiritdi

«Ilhaq» filmi Belarusdagi xalqaro kinofestivalda ikkita yirik mukofotni qo‘lga kiritdi
«Listapad» xalqaro Minsk kinofestivalida Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan kinorejissyor Jahongir Ahmedovning «Ilhaq» filmi ikkita sovrinni qo‘lga kiritdi. Muhammadali Iskandarovning «Men terrorchi emasman» filmi esa hay’at a’zolarining maxsus mukofoti bilan taqdirlandi.

«Ilhaq» filmi kinofestivalning «Gran-pri» hamda Belarus respublikasi prezidentining «Kinoda ma’naviyat va insonparvarlik g‘oyalari uchun» maxsus mukofoti bilan taqdirlandi.

«So‘nggi yillar o‘zbek filmlari yuksak mukofotlarni olayotgani tahsinga loyiq. Bularning barchasi muhtaram prezidentimizning kinoga e’tiboridan dalolat. «Ilhaq» filmining g‘oyasi ham yurtboshimizga tegishli»,— deydi Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov.

Shuningdek, «Listapad» xalqaro kinofestivalida Muhammadali Iskandarovning «Osiyo arsloni» (Aziatskiy lev) hamda Akbar Bekturdiyevning «Uzbechka» (O‘zbek qizi) yangi kinoloyihalari kinematografiya agentligi hamda «Belarusfilm» milliy kinostudiyasi bilan hamkorlikda suratga olish bo‘yicha kelishuvlar olib borildi. Filmlarning bir qismi Belarus hududida suratga olinishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbek filmlari so‘nggi oyda 6 ta xalqaro darajadagi mukofotni qo‘lga kiritdi. Avvalroq, 8-12 noyabr kunlari Turkiyada bo‘lib o‘tgan «Korkut Ata» xalqaro kinofestivalida Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan «Tutqunlik» hamda «Xalq jasorati» filmlari ham sovrinlarni qo‘lga kiritgan edi. Yosh kinoijodkorlarning qisqa metrajli filmlari ham muntazam ravishda turli kinofestivallarda g‘oliblikni qo‘lga kiritib kelmoqda.

«Listapad» xalqaro Minsk kinofestivali Kinoprodyuserlar assotsiatsiyasining xalqaro federatsiyasi (FIAPF) ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lib, unda Boltiqbo‘yi mamlakatlari, Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa davlatlarining sara filmlari ishtirok etadi.

Kinematografiya agentligi Axborot xizmati

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » «Ilhaq» filmi Belarusdagi xalqaro kinofestivalda ikkita yirik mukofotni qo‘lga kiritdi