17:01 / 05.11.2017
5 311

Yer usti metrosining harakat tarkibi o‘zimizda ishlab chiqariladi

Yer usti metrosining harakat tarkibi o‘zimizda ishlab chiqariladi
Bo‘lg‘usi yer usti halqa metro liniyasi harakat tarkibi O‘zbekistonda ishlab chiqariladi. Bu haqda payshanba kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klubda «O‘zbekiston temir yo‘llari» boshqaruvi raisi o‘rinbosari, «Toshkent metropoliteni» korxonasi boshlig‘i Oybek Xudoyqulov ma’lum qildi.

Vagonlar Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodida ishlab chiqariladi. «Biz mazkur masalada ikki marta Rossiya zavodlariga tashrif buyurdik. Bizda yo‘lovchi vagonlari ishlab chiqaruvchi zavod bor, biz o‘z ishlab chiqarishimizni yo‘lga qo‘yamiz», — dedi u.

Oybek Xudoyqulovning qo‘shimcha qilishicha, poytaxt yer osti metropolitenining eski vagonlari to‘liq restavratsiya qilinib, qayta jihozlandi va ularning yaroqlilik muddati yana 15 yilga uzaytirildi.

Toshkent metropoliteni bosh muhandisi Baxtiyor Sodiqov metroda metallodetektor romlari o‘rnatilishi rejasi to‘g‘risida so‘zlab berdi.

«Hozirda qanday romlarni sotib olishimiz bo‘yicha tanlov kechmoqda. Agarda e’tibor qaratgan bo‘lsangiz, „Bunyodkor“ stansiyasida romlarning ikki-uch turi o‘rnatilgan, ular tajriba sinovdan o‘tdi», — dedi u.

Yangi metro loyihasi bosh muhandisi Eduard Kan yer usti halqa liniyasi qurilishi oldidan chet el tajribasi o‘rganilganini ma’lum qildi.

«Bizning mutaxassislar Moskvaga borib, Butovo liniyasidagi shunday estakada ko‘rinishidagi metroni o‘rganishdi. Tajriba va texnologiyalar almashish uchun Xitoy mutaxassislari taklif qilindi va hozirda metromiz xorij loyihalaridan yomonroq emas, balki yaxshiroq bo‘lishi uchun jahonning zamonaviy texnologiyalari kengaytirilgan holda o‘rganilmoqda», — dedi u.

«Ko‘prikqurilish tresti» unitar korxonasi menejeri Zafar Mahamatov yangi metro tomonlari bo‘ylab harakat tarkibi harakatlanayotganda chiqadigan shovqin darajasini pasaytiruvchi 1,5 metrlik konstruksiya barpo etilishini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, umumiy uzunligi 52,1 kilometrdan iborat yangi yer usti halqa metro yo‘nalishining 50,5 kilometri balandligi 6 metrlik estakadalar orqali o‘tkaziladi, 1,6 kilometri yer ustida quriladi. Loyihani 2020 yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Yer usti metrosining harakat tarkibi o‘zimizda ishlab chiqariladi