12:32 / 06.03.2018
5 152

Aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishda O‘zbekiston tajribasi Jenevada katta qiziqish o‘yg‘otdi

Aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishda O‘zbekiston tajribasi Jenevada katta qiziqish o‘yg‘otdi
Jenevada BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 37-sessiyasi doirasida “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 70 yilligi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlarida inson huquqlarining rivojlanishi” mavzuiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbir Jenevadagi BMT bo‘linmasi huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining doimiy vakolaxonasi hamda Turkmaniston va Tojikiston diplomatiya missiyalari bilan o‘zaro hamkorlikda tashkil etildi.

Brifingda O‘zbekiston adliya vaziri R.Davletov, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, Turkmaniston ombudsmani Ya.Gurbannazarov, Tojikistonning Jenevadagi doimiy vakili D.Hamidov hamda BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi vakili X.Aranas so‘zga chiqdi.

O‘zbekiston tomonidan so‘zga chiqqan ma’ruzachilar mamlakatimizda siyosiy, sud-huquq va ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda olib borilayotgan tizimli va bosqichma-bosqich islohotlar haqidagi batafsil ma’lumotlarni taqdim etdilar.

O‘zbekistonning Virtual va xalq qabulxonalari vositasida aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yangi konsepsiyasi va tajribasi tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ta’kidlanganidek, qabulxonalarga turli masalalar bilan 1,6 million kishi murojaat etdi, eng avvalo, qishloq joylarda fuqarolarning turmush sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Shuningdek, tadbir qatnashchilari 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning Harakatlar strategiyasini amalga oshirish yakunlari hamda uning mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarga ta’siri bilan ham tanishdilar. Alohida qayd etilganidek, bunday barcha o‘zgarishlarning zamirida, birinchi navbatda, inson va uning manfaatlari yotadi.

Yuqoridagilar bilan birga, brifing ishtirokchilari Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 70 yilligini nishonlash bo‘yicha ishlab chiqilayotgan davlat dasturi, shuningdek, 2018 yil noyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi haqidagi ma’lumotlar bilan ham tanishdilar.

Mazkur brifing Inson huquqlari bo‘yicha kengashga a’zo davlatlar hamda dunyoning boshqa turli mintaqalari mamlakatlarining e’tiborini o‘ziga jalb etdi. Uchrashuv qatnashchilari jamiyat hamda davlatning demokratik tamoyillari va huquqiy asoslarini mustahkamlash, insonning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini ro‘yobga chiqarish Markaziy Osiyo mintaqasi davlat siyosatining eng muhim ustuvorliklaridan biri hisoblanishini qayd etdilar, deb yozadi “Jahon” AA.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishda O‘zbekiston tajribasi Jenevada katta qiziqish o‘yg‘otdi