18:03 / 12.04.2018
7 974

O‘zbekistonda «Aqlli tibbiyot» tizimi joriy etilmoqda

O‘zbekistonda «Aqlli tibbiyot» tizimi joriy etilmoqda
Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov O‘zbekiston tibbiyotida joriy etiladigan «Aqlli tibbiyot» va «Yagona tibbiy ma’lumotlar markazi» haqida batafsil so‘zlab berdi. Bu haqda «Sputnik»ga tayanib «Daryo» xabar berdi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, «aqlli texnologiyalar»ning asosiy maqsadi — kam vaqt va kuch sarflab, yuqori natijaga erishishdir.

O‘zbekistonda «Aqlli tibbiyot»ning asosini «Yagona tibbiy ma’lumotlar markazi» tashkil qiladi.

«Yagona tibbiy ma’lumotlar markazi» – bemorning ambulator kartasi, kasalliklar tarixi kiritilgan elektron ma’lumotlar bazasidir. Bu bazada bola dunyoga kelishidan boshlab, salomatligi bilan bog‘liq barcha ma’lumot, emlash va davolanishlari kiritib boriladi. Bemorni davolovchi shifokorda ushbu bazaga kirish, qo‘shimcha ma’lumot joylashtirish imkoniyati mavjud bo‘ladi.

Ushbu tizimning oldingi, qog‘ozda yoziladigan ambulator kartasiga nisbatan ustunlik tomonlari ko‘p:

inson omili bilan bog‘liq xatolarga yo‘l qo‘yilmaydi, masalan: karta yo‘qolishi, ma’lumotlar to‘liq yoki umuman yozilmasligi

muolaja tayinlashda bemorning butun kasallik tarixi, ilgari olgan muolajalari bilan tanishish imkoniyati tezlashadi

Qayd etilishicha, «Aqlli tibbiyot» tizimi — shifokorga zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida bemor bilan aloqa o‘rnatish va masofadan turib davolash imkonini beradi.

Bemor tanasiga o‘rnatilgan maxsus datchik va chiplar orqali shifokor qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, mijoz salomatligi haqidagi muhim ma’lumotlardan xabardor bo‘lishini ta’minlaydi.

Misol uchun, hayotiy ko‘rsatkichlar —tana harorati, qondagi qand miqdori, arterial qon bosimi haqidagi axborot shifokorga kelib turadi. Bu surunkali va yashirin kechuvchi kasalliklar profilaktikasida, ularni aniqlash, bemorning salomatligi holatini monitoring qilish va davo choralarini tayinlashda muhimdir.

Hozirda «Aqlli tibbiyot»ning ilk xizmat turlari O‘zbekistonda joriy etila boshlandi. Xususan, «elektron navbat», «bemorning elektron kartochkasi», «elektron ro‘yxatga olish», «elektron retsept» tizimi va «elektron dorixona», «elektron order» kabi xizmat va servislar yaratilmoqda. Telemeditsina, mobil meditsina (mobil xizmatlar, m-Health), elektron ta’lim rivojlantirish jadal olib borilmoqda.

Ushbu «Aqlli tibbiyot» tizimi yirik loyiha bo‘lib, uni amalga oshirish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan bir qatorda Moliya, Innovatsion rivojlanish, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish va Iqtisodiyot vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamkorlikda olib borilmoqda.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda «Aqlli tibbiyot» tizimi joriy etilmoqda