00:50 / 08.06.2018
4 328

Shavkat Mirziyoyev Xitoyda Putin bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazadi

Shavkat Mirziyoyev Xitoyda Putin bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 iyun kuni kechqurun Xitoyning Sindao shahriga yetib boradi. Bu haqda Prezidentning matbuot kotibi Komil Allamjonov Sindaoda jurnalistlar uchun tashkil etilgan brifingda ma’lum qildi.

Prezident 9-10 iyun kunlari Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining o‘n sakkizinchi majlisida ishtirok etadi.

«Davlatimiz rahbari 9 iyun kuni Xitoy Xalq respublikasi rahbari Si Jinping, Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.

ShHT sammitining asosiy tadbirlari 10 iyun kuniga belgilangan. Bu yilgi sammitning o‘ziga xos tomoni shundaki, u bu safar ilk bor «sakkizlik» formatida o‘tkaziladi.

Sindaoda tashkilotga a’zo mamlakatlar davlat rahbarlari avval tor doirada, keyin kuzatuvchi maqomidagi davlatlar yetakchilari bilan birgalikda keng doirada muzokaralar o‘tkazadi. Ushbu uchrashuvlarda siyosat, xavfsizlik, savdo, iqtisodiyot, investitsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi. Muzokaralar yakunida qator ko‘p tomonlama hujjatlar imzolanadi.

Jumladan, Sindao deklaratsiyasi qabul qilinishi, Terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha 2019-2021 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi, Uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha 2018-2022 yillarga mo‘ljallangan harakatlar rejasi, Yoshlarga murojaat va boshqa hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.

2018-2019 yillarda tashkilotga raislik qiladigan davlat to‘g‘risida qaror qabul qilish, keyingi uch yillik davrga ShHT bosh kotibi va Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori lavozimlariga nomzodlarni tasdiqlash ko‘zda tutilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu kuni Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Mamnun Husayn hamda BMT rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazishi ham rejalashtirilgan.

Xalqaro anjumanlardagi tajribadan kelib chiqib, yana qo‘shimcha uchrashuvlar bo‘lishi mumkinligini ham istisno qilmaymiz. Davlatimiz rahbari ishtirokida o‘tadigan uchrashuv va tadbirlar haqida ommaviy axborot vositalari orqali xabar berib boramiz», dedi Komil Allamjonov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev Xitoyda Putin bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazadi