16:42 / 14.08.2018
4 827

Shavkat Mirziyoyev: «Eng katta xavf — ichki dushman. Kim ichki dushman? Befarq odam!»

Shavkat Mirziyoyev: «Eng katta xavf — ichki dushman. Kim ichki dushman? Befarq odam!»
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 avgust kuni Toshkentning Shayxontohur tumanini rivojlantirish va turar joy sohasidagi muammolarni hal etish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. «Gazeta.uz» nashri «O‘zbekiston 24» telekanalining «Tahlilnoma» dasturida namoyish etilgan davlat rahbari chiqishidan iqtiboslarni keltirib o‘tdi.

Haqiqiy Toshkent

«Barchamiz Toshkent markazidagi muhtasham binolar va obod mahallalarni ko‘rib, Toshkent — yer yuzidagi eng chiroyli shaharlardan biri deb maqtanamiz. Biroq bu obod binolar orqasidagi mahallalarda haqiqiy ahvol qanday ekanligini sizlar hozir Shayxontohur tuman misolida videolavhadan ko‘rasiz», — dedi prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tumandagi jiddiy ta’mirga muhtoj qator maktablar, shifoxonalar, bolalar bog‘chalari, tashlandiq binolar, chiqindixonaga aylangan yer uchastkalari va kanallar achinarli holatdagi novvoyxona va oshxonalar, qabristonga qo‘shilib ketgan uylarda yashayotgan odamlarni ko‘rib deyarli barcha rahbarlar nahotki Toshkentda shunday joylar bor, deb hayron bo‘layotgan bo‘lsa kerak.

«U Andijonda yoki Surxondaryoda emas Toshkentda bu. Markazda. Sirg‘alida emas, Bektemirda emas, Shayxontohurda. Aholi esa bundan hayron bo‘lmaydi. Chunki aholi mana shunday ahvolda, muhandislik-kommunikatsiyalari va tomlari chirib ketgan ko‘p qavatli uylarda hamma yog‘i chiqindi bosib ketgan mahallalarda yashab kelayapti.

O‘zi yashayotgan mahalla hududining hamda hayot manbai bo‘lgan suv oqadigan anhor va ariqlarning chiqindixonaga aylantirgan, kanalizatsiya quvurlarini ariqlarga chiqarib qo‘ygan shaxslarga mahalla faollari va umuman aholining befarq bo‘lib qarab turgani ham bizni qattiq afsuslantirmoqda.

Munosib o‘rin topish

Shavkat Mirziyoyev Shayxontohur tumanining bunday yashashga haqqi yo‘q, deya ta’kidladi. «Qachonlardir kimdir buni qilishi kerakku. Hammamiz xalqimizga xizmat qilishni o‘rganolsak, odamlar talab qilgandek, o‘shanda o‘zgarish bo‘ladi. Nima uchun bu mavzuga bunday yondashayapman? Biz juda og‘ir zamonda yashayapmiz. Globallashgan zamonda har bir davlat, har bir millat o‘zining siyosatini, o‘zining manfaatini, o‘zining o‘rnini topishi nihoyatda og‘ir. Kechagi tahlil bugungi kunga to‘g‘ri kelmayapti. O‘zingiz ko‘rib turibsiz, bugun xalqaro siyosiy maydonda qanday voqealar sodir bo‘layapti, yirik davlatlar bir-biriga qarshi», — dedi davlat rahbari.

O‘zbekiston o‘z xalqi manfaatlarini himoya qilishi va mamlakat iqtisodini kuchaytirishi kerak. «Bugun O‘zbekiston aholisi 33 million kishini tashkil etmoqda, har yili yarim milliondan ko‘payapmiz. Albatta, bu — katta qudrat, lekin bu 33 millionni boqish kerak, pensiya berish kerak, maktabini to‘g‘irlashimiz kerak, oyligini o‘z vaqtida berishimiz kerak, maktabgacha tarbiya qilishimiz kerak, uylar qurishimiz kerak», — deya ta’kidladi prezident.

Turar joy

O‘tgan yili 4088 ta xonadon qurilgan bo‘lsa, bu yilning o‘zida 28 ming xonadonli 668 ta ko‘p qavatli uylar qurilmoqda. «Bu faqat Toshkent shahrida. Biz tarixda birinchi marta bepul uylar beramiz. Nogironlarga, kam ta’minlangan oilalarga, muhtoj odamlarga. Biz 27 yilda bermaganmiz bepul uylar. Sadoqat bilan ishlagan, byudjetdan oylik oladigan odamlarning ham nevarasi bor, uning ham xohishi bor uy olishga. Ana shularning barchasini inobatga olib,biz Toshkentda mana shunday katta marra oldik», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tadbirkorlik

Prezident O‘zbekiston yetarli miqdordagi ishchi o‘rinlarini yaratish uchun tadbirkorlik uchun eng qulay sharoitlarni yaratishi, to‘siqlarni olib tashlashi, byurorakratiyani me’yorlashtirishi kerakligini ta’kidlab o‘tdi.

«Bizda hali byurokratiya tizimi o‘zgarmagani uchun, hali prokuror, ichki ishlar, soliqchi, hokim, yer beruvchi, gaz ulovchi, svet ulovchining dunyoqarashi o‘zgarmagani uchun tadbirkorga yo‘l yo‘q. Qanday bo‘lmasin to‘siq qo‘yish yo‘lidan yuripti. Oldingi tizimga o‘xshab tadbirkor dushman, boy bo‘ladi… Boy bo‘lsin, birinchi kundan buyon aytayapman: xalqimiz boy bo‘lmasa davlat boy bo‘la olmaydi. Iloji boricha har bir sohada sharoit yaratish, imkoniyat yaratish bo‘yicha juda katta harakat qilayapmiz. Lekin bir narsa bilinglar: bu oson bo‘lmaydi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, pastda ishlagan odamlarning bilimi, saviyasi, sadoqati, fidoyiligi yetishmayapti.

Mahalliy byudjetlar

Joriy yilda respublika bo‘yicha prognozga nisbatan jami 8,1 trln so‘m soliq yig‘ilib, shundan 6 trln so‘mi mahalliy byudjetlar ixtiyoriga qoldiriladi. Toshkent shahrida esa prognozga nisbatan 2 trln so‘mdan ko‘p soliq tushib, mahalliy byudjetga 1,5 trln so‘m qoladi.

«Mahalliy byudjetga qancha ko‘p pul tushirsak, shuncha xalqimizga ishchi joyi yaratamiz, maktab, bolalar bog‘chasi, yo‘l, bog‘ quramiz. Xuddi o‘zimizning uyimizga o‘xshab harakat qilsak, ana shunda vatanimiz obod bo‘ladi. Bu meniki emas, deb harakat qilsak, tomoshabin bo‘lsak, qip-qizil xiyonatchi bo‘lamiz va o‘zimizga emas, nevaramizga xiyonat qilgan bo‘lamiz!» — deya ta’kidladi davlat rahbari.

Bugun Shayxontohur tumaniga 11 ming ishchi joyi kerak. Lekin bugun 20 mingta ishchi joylarini yaratish bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘rdik. 2018−2019 yillarda 2,14 trln so‘mlik 97 ta loyiha amalga oshiriladi. «Ota-ona uchun bolasi borib ishda bo‘lib, o‘zining baxtini topishidan katta baxt bormi hozirgi zamonda?» — deya savol berdi prezident.

Ichki dushman

«Asosiy maqsad — Toshkentning o‘ziga munosib o‘rnini egallashi. Qog‘ozda emas, hisobotda emas, ko‘z-ko‘z qilish uchun emas — amalda havosi ham, muhiti ham, adolatliligi ham, vatanparvarligi ham mana shunday katta davlatimizga o‘rnak bo‘lishi kerak. Har bir mahallaning raisi ilmli bo‘lishi kerak. O‘zimizga o‘zimiz ko‘p-ko‘p muammolar tug‘dirganimiz rost. Qonunlarimizning ishlamagani rost. Adolatsizlik, byurokratiya, korrupsiya — bular rost gaplar. Meni kim alday oladi? Men pastda yurgan odamman. Vaqt — eng katta hakam. Lekin shu vaqtni yutqazsak, bizga hech kim ishonmaydi. Eng katta xavf — ichki dushman. Kim ichki dushman? Befarq odam! Xudo befarqlikdan saqlasin. Xudo taolo o‘sha befarq odamga ham insof berib, o‘zining ertangi kunini, farzandlarining ertangi kunini farovon qilishga belini mahkam bog‘lab ishlasa, albatta natija bo‘ladi. Sizlar ishoninglar — biz to‘g‘ri yo‘ldamiz», — dedi prezident.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev: «Eng katta xavf — ichki dushman. Kim ichki dushman? Befarq odam!»