15:51 / 16.08.2018
5 747

Shavkat Mirziyoyev: "Endi bunday yashab bo‘lmaydi!" (video)

Шавкат Мирзиёев: "Энди бундай яшаб бўлмайди!" (видео)
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 avgust kuni Toshkent shahar Shayxontohur tumani faollari bilan uchrashgan edi. Uchrashuv davomida u Shayxontohur tumanidagi vaziyatni qattiq tanqid qilgan edi.

Xususan, tumandagi achinarli holatlar hatto rahbarlarni ham hayron qoldirishini ta’kidlab, ba’zi fuqarolarning befarqligidan afsusda ekanligini aytib o‘tgan edi.

Barchamiz poytaxtimiz markaziy ko‘chalaridagi muhtasham bino va obod maskanlarni ko‘rib, Toshkent yer yuzidagi chiroyli shaharlardan biri deb maqtanamiz. Biroq bu obod binolar orqasida joylashgan mahallalarda haqiqiy ahvol qanday ekanligini sizlar hozir Shayxontohur tumani misolidagi videolavhalarda ko‘rdingiz.

Tumandagi jiddiy ta’mirga muhtoj qator maktablar, poliklinikalar, bolalar bog‘chalari, tashlandiq binolar, chiqindixonaga aylangan yer uchastkalari va kanallar, achinarli holatdagi novvoyxona va oshxonalar, qabristonga qo‘shilib ketgan uylarda yashayotgan odamlarni ko‘rib, deyarli barcha rahbarlar nahotki Toshkentda shunday joy bor deb, hayron qolgan bo‘lsa kerak. Bu Andijon yo Surxondaryodagi emas, Toshkentdagi ahvol. Markazda. Sergelida emas, Bektemirda emas. Shayxontohurda.

Aholi esa bunday hayron bo‘lmaydi. Chunki aholi mana shunday achinarli sharoitda, muhandislik kommunikatsiyalari va tomlari chirib ketgan ko‘p qavatli uylarda, hammayog‘ini chiqindi bosgan mahallalarda yashab kelayapti. O‘zi yashayotgan mahalla hududining hamda hayot manbai bo‘lgan suv oqadigan anhor va ariqlarning chiqindixonaga aylantirgan, kanalizatsiya quvurlarini ariqlarga chiqarib qo‘ygan shaxslarga nisbatan mahalla faollari va umuman aholimiz befarq bo‘lib qarab turgani ham bizni qattiq afsuslantirmoqda.

Shayxontohur tumanining endi bunday yashashga haqi yo‘q. Qachonlardir kimdir buni qilishi kerak-ku. Hammamiz xalqimizga odamlar talab qilganidek xizmat qilishni o‘rgana olsak, o‘shanda o‘zgarish bo‘ladi. Odamlar bilishi kerak, bitta-yu bitta manfaat — xalqimiz, millatimiz, mamlakatimiz. Ana shu manfaatga sadoqati bo‘lmagan odam xiyonat qilgan bo‘ladi.

Bu gaplarni men nima uchun kuyunib gapiryapman — juda og‘ir davrda yashayapmiz. Globallashuv zamonida har bir millat, har bir davlat o‘zini siyosatini, o‘zini manfaatini, o‘zini o‘rnini topish nihoyatda og‘ir. Kechagi tahlil bugunga to‘g‘ri kelmayapti. Qanday-qanday voqealar bo‘layotganini ko‘rib turibsizlar. Yo‘limiz bitta — manfaatimiz xalqimiz. Iqtisodiyotimiz.

Mana, Xudoga shukr, 33 million bo‘ldik. Bir yilda yarim millionga ko‘payyapmiz. Albatta, bu katta qudrat. Lekin bu 33 millionni boqish kerak. Pensiya berish kerak. Maktabini to‘g‘rilashimiz kerak. Oyligini o‘z vaqtida berishimiz kerak. Maktabgacha tarbiya qilishimiz kerak. Uylar qurishimiz kerak.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev: "Endi bunday yashab bo‘lmaydi!" (video)