22:46 / 01.09.2018
4 935

Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrif muddati maʼlum boʻldi

Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrif muddati maʼlum boʻldi
Oʻzbeksiton Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 9-10 oktyabr kunlari Fransiya Respublikasiga tashrif buyuradi, deb xabar bermoqda Kun.uz nashri.

Maʼlum qilinishicha, tashrifning rasmiy maqomi hali oshkor etilmagan, shuningdek, rejaga kiritilgan uchrashuvlar va kutilayotgan natijalar haqida rasmiy maʼlumot yoʻq. Shunga qaramay, oliy darajadagi rahbarlarning uchrashuvchiga qadar bir nechta ahamiyatli tadbirlar boʻlib oʻtdi.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining birinchi oʻrinbosari Ahadbek Haydarovning Fransiya taraqqiyot agentligining (FTA) Osiyo yoʻnalishi boʻyicha direktor oʻrinbosari Jan-Klod Pires boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Bundan koʻzlangan maqsad, albatta, Oʻzbekiston Respublikasi hamda Fransiya Respublikasi oʻrtasidagi moliyaviy-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni mustahkamlash kelishuviga erishishdir. Shuningdek, uchrashuvda FTA tomonidan mamlakat chorvachilik sohasini rivojlantirish boʻyicha loyihalarni moliyalashtirish, Toshkent shahrining isitish tizimini modernizatsiya qilish, quyosh fotoelektrik stansiyasining qurilishi va “Chorvoq” erkin turistik zonasini tashkil etish kabi masalalarni muhokama etilgani maʼlum qilindi. Shu oʻrinda agentlik Oʻzbekistonga 150 mln yevro hajmida moliyaviy koʻmak koʻrsatishga tayyorligini bildirgan.

Yana bir ahamiyatli uchrashuv Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida boʻlib oʻtdi.

Unda Fransiyaning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Violen de Vilmor Bosh prokuror Otabek Murodov bilan uchrashdi. Fransuz elchisi yangi tashkil etilgan Bosh prokuratura huzuridagi Oliy oʻquv kurslari Akademiyasida huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar xodimlari uchun Fransiya davlatidan soha mutaxassislari, ekspertlarni jalb etgan holda birgalikdagi oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazishga qiziqish bildirgan.

Shuningdek, ikki davlat oʻrtasida huquqiy sohada shartnomaviy-huquqiy hujjatlarni, shu jumladan ekstraditsiya va huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomalar tuzish zaruriyati alohida taʼkidlandi.

Ana shunday uchrashuvlardan biri, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Fuqaro muhofazasi institutida Fransiyaning Ichki ishlar vazirligi Fuqaro muhofazasi va favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish Bosh direksiyasi ekspertlari ishtirokida seminar-trening oʻtkazildi.

Maqsad – aholi xavfsizligini taʼminlash va favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha oʻzaro tajriba almashishdan iborat.Ishtirokchilar Fransiyaning favqulodda vaziyatlarni oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish tizimi, koʻngilli va professional qutqaruvchilarni favqulodda vaziyatlarga tayyorlash, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda harakat qilish uslublari bilan yaqindan tanishgan.

Shundan soʻng, uchrashuvlar fransuzlar tomonda davom etdi: Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov Oʻzbekiston delegatsiyasining Fransiyaga tashrifi doirasida “Fransuz Alyansi”ning Markaziy Osiyodagi ishlari boʻyicha mintaqaviy direktori Mikael Fuente bilan uchrashdi. Muzokaralar davomida umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim sohasidagi loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Oliy Majlis Senat raisi birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Fransiyaga tashrifi davomida Thales Alenia Space kompaniyasi vitse-prezidenti E.Imbert bilan uchrashib, kosmik sohani tadqiq etishda hamkorlik qilish boʻyicha kelishuvga erishgan. Taʼlimdagi hamkorlik boʻyicha yana bir narsa: Parij Akademiyasi rektori, Il-de-Frans Akademik mintaqasi vaziri J.Peko Toshkentda fransuz oliy taʼlim muassasalaridan biri ochilishini bildirgan.

Eng asosiysi Fransiya Oʻzbekistonning energetika siyosatini qoʻllab-quvvatlab, atom energetikasining rivojiga koʻmaklashmoqchiligini bildirmoqda.

2017 yil sentyabr oyida Fransiya Prezidenti Emmanyuel Makron Shavkat Mirziyoyevni Mustaqillik bayrami bilan qutlab, Oʻzbekiston Prezidentini Parijga taklif qilgandi.

Ikki davlat oʻrtasidagi eng tarixda bor-yoʻgʻi uch marta davlat rahbarlarining tashriflari kuzatilgan. Ilk bor Oʻzbekiston sobiq rahbari Islom Karimov 1993 yilda, keyinroq 1996 yilda Fransiyaga tashrif buyurgandi. Oʻsha paytdagi Fransiya Prezidenti Fransua Mitteran esa 1994 yili davlat tashrifi bilan Oʻzbekistonga kelgan.

Fransiya Oʻzbekistonning Yevropa mintaqasi boʻyicha muhim iqtisodiy hamkorlaridan biri hisoblanadi. 2017 yil yakuniga koʻra, ikki davlat oʻrtasidagi tovar aylanmasi qiymati 251 million dollardan oshgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrif muddati maʼlum boʻldi