18:26 / 06.09.2018
4 629

Oʻzbekistonda saytlardan foydalanishni cheklash tartibi belgilandi

Oʻzbekistonda saytlardan foydalanishni cheklash tartibi belgilandi
Butunjahon Internet tarmogʻida axborot xavfsizligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Qaror bilan Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot mavjud boʻlgan Internet tarmogʻi veb-saytidan va (yoki) veb-sayt sahifalaridan foydalanishni cheklash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga koʻra Taqiqlangan axborot mavjud boʻlgan butunjahon Internet tarmogʻidagi axborot resurslari reyestri yuritiladi. Ushbu Reyestrga kiritilgan axborot resurslaridan foydalanish cheklanadi.

Internetdagi axborot resurslaridan foydalanishni cheklash uch bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqichda, taqiqlangan axborot mavjud boʻlgan resurslarni aniqlanadi. Ushbu bosqichdagi harakatlar Ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi monitoring markazi tomonidan amalga oshiriladi. Markazga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan belgilangan tartibda kelib tushgan murojaatlar ham monitoring olib borishga asos boʻladi.

Monitoring natijasida taqiqlangan axborot mavjud boʻlgan Internet tarmogʻi axborot resursi aniqlangan taqdirda Markaz bu boʻyicha xulosa tayyorlaydi.

Ikkinchi bosqichda axborot resursi Reyestrga kiritiladi. Reyestrga kiritish uchun Ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi monitoring markazining xulosasi hamda Ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi Ekspert komissiyasining qarori asos boʻladi.

Uchinchi bosqichda vakolatli organ - Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan internet tarmogʻidagi axborot resurslarini cheklash boʻyicha tashkiliy texnik tadbirlar amalga oshiriladi.

Eslatib oʻtamiz, qonunchilikka muvofiq veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger tomonidan veb-saytda va (yoki) veb-sayt sahifasida quyidagi axborotlarni tarqatish, ushbu resursni cheklanishiga olib keladi:

- Oʻzbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zoʻrlik bilan oʻzgartirishga daʼvat etish;
- urush, zoʻravonlik va terrorizmni, shuningdek diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm gʻoyalarini targʻib qilish;
- davlat siri boʻlgan maʼlumotlarni yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni oshkor etish;
- milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qoʻzgʻatuvchi, shuningdek fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yoʻl qoʻyuvchi axborotni tarqatish;
- giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni targʻib qilish;
- pornografiyani targʻib qilish.
Veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger veb-saytga va (yoki) veb-sayt sahifasiga axborotni joylashtirishdan avval uning toʻgʻriligini tekshirishi, shuningdek joylashtirilgan axborotning notoʻgʻriligi aniqlangan taqdirda uni darhol oʻchirib tashlashi shart.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Oʻzbekistonda saytlardan foydalanishni cheklash tartibi belgilandi