19:09 / 12.09.2018
5 009

Prezident 9 oy yakunlari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi

Prezident 9 oy yakunlari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 sentyabr kuni davlat byudjetiga tushumlarni koʻpaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni toʻliq bajarish, 9 oy va yil yakuni boʻyicha belgilangan makroiqtisodiy koʻrsatkichlarga erishish, paxta-toʻqimachilik sohasida klasterlarni joriy etishni jadallashtirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

“Bugungi yigʻilishimizda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha belgilangan ustuvor vazifa va maqsadli parametrlarni bajarish holatini muhokama qilib, yana qoʻshimcha rezervlarni ishga solish choralarini koʻrishimiz, yil yakunigacha 3,5 oy vaqt boʻlsa-da, kelgusi yil rejalarini hozirdanoq belgilab olishimiz kerak”, deya Shavkat Mirziyoyevning soʻzlarini keltirgan prezident matbuot xizmati.

«Chunki iqtisodiy oʻsish – bu birinchi navbatda yangi korxonalarni qurish va kengaytirish, yoʻl-transport, ishlab chiqarish va infratuzilmani rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, inflyatsiya va narxlarni jilovlash hamda odamlarni ish bilan taʼminlash deganidir.

Biz bu borada oxirgi 2 yil mobaynida juda ulkan islohotlarni, koʻplab yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirdik va davom ettirmoqdamiz. Ushbu ustuvor vazifalarni va fuqarolarimiz hayotini yanada yaxshilash yuzasidan zimmamizga olgan majburiyatlarni muvaffaqiyatli bajarishimiz uchun respublika va mahalliy byudjetlarga qoʻshimcha daromadni koʻpaytirishimiz zarur. Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarni rivojlantirish uchun qabul qilingan investitsiya dasturlarini izchil amalga oshirishimiz kerak.

Iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va barqaror rivojlantirish uchun yetarli valyuta tushumini taʼminlash, buning uchun mahsulotlarimiz raqobatbardoshligini oshirib, ularni eksportga joʻnatishni koʻpaytirishimiz darkor. Qishloq xoʻjaligi sohasida zamonaviy bozor munosabatlarini keng joriy etish maqsadida paxta-toʻqimachilik klasterlarini rivojlantirishga alohida eʼtibor berishimiz kerak», degan davlat rahbari.

Yigʻilishda shu borada amalga oshirilgan ishlar natijalari tahlil qilinib, zarur chora-tadbirlar belgilab berilgan.

Prezidentning joriy yil boshida bergan topshirigʻiga muvofiq, byudjetga qoʻshimcha daromad tushirish boʻyicha rezervlar izlab topilib, ularni safarbar qilish choralari koʻrilgan edi. Buning natijasida 8 oyda davlat byudjetiga oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 21 foiz koʻp daromad tushirildi. Jumladan, mahalliy byudjetlarga tushumlarning oʻsishi 22 foizni tashkil etdi.

Shavkat Mirziyoyev qoʻshimcha daromadlarni yanada oshirish imkoniyatlari borligini taʼkidlab, mutasaddilarga bu borada aniq manbalar va chora-tadbirlarni belgilash boʻyicha topshiriqlar bergan.

Mahalliy hokimliklar ixtiyorida qolayotgan qoʻshimcha daromadlarni samarali va maqsadli sarflash masalasiga ham eʼtibor qaratilgan.

Yigʻilishda joriy yilning 9 oyi va yakuni boʻyicha belgilangan makroiqtisodiy koʻrsatkichlarga erishish, narx-navo oʻsishining oldini olish, investitsiyalarni oʻzlashtirish, eksportni kengaytirish masalalari muhokama etilgan.

Davlat rahbari maqsadli va prognoz parametrlariga erishishda muammo mavjud boʻlgan soha va tarmoqlarda ishlarni jadallashtirish, belgilangan koʻrsatkichlarni taʼminlash zarurligini taʼkidlagan.

Joriy yilda ishga tushirilishi moʻljallangan obyektlarni foydalanishga topshirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish holati tahlil qilingan.

Har bir investitsiya loyihasini koʻrib chiqib, qoloqlik mavjud boʻlganlarini jadallashtirish, bunga toʻsiq boʻlayotgan muammolarni hal qilish, ishlab chiqarishni tezroq boshlash muhimligi taʼkidlangan. Shuningdek, 2019 yilgi investitsiya dasturi loyihasini shakllantirishni yakunlash boʻyicha koʻrsatmalar berilgan.

Yigʻilishda eksport masalasiga ham toʻxtalib oʻtilgan. 9 oy yakuni bilan eksport hajmi 2017 yilning mos davriga nisbatan 19 foiz oshishi kutilayotgani qayd etilgan.

Prezident har bir eksportchi korxona va eksport qilinadigan mahsulot turi boʻyicha koʻmak berish chora-tadbirlarini ishlab chiqib, ularni amalga oshirishni taʼminlash lozimligini taʼkidlagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Prezident 9 oy yakunlari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi