12:57 / 17.09.2018
5 118

Markaziy bank UzCard bilan bogʻliq holat boʻyicha rasmiy maʼlumot berdi

Markaziy bank UzCard bilan bogʻliq holat boʻyicha rasmiy maʼlumot berdi
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki UzCard tizimi ishdagi nosozlik boʻyicha rasmiy axborot berdi.

Joriy yilning 15 sentyabr kuni UzCard chakana toʻlov tizimida dasturiy nosozlik yuz berdi, natijada bank kartalari boʻyicha barcha turdagi operatsiyalar, shu jumladan savdo terminali orqali toʻlovlarni qabul qilish va bankomatlar orqali naqd pul olish operatsiyalari toʻxtatildi, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Markaziy bank mutaxassislari nosozlik yuz berganidan soʻng dasturiy taʼminot ishlab chiquvchilari bilan hamkorlikda UzCard chakana toʻlov tizimi ishini qayta tiklash boʻyicha qoʻllab-quvvatlov taqdim etmoqda.

Hozirgi vaqtda tizimni tiklashning birinchi bosqichi yakunlandi - toʻlov kartalaridagi qoldiqlar boʻyicha maʼlumotlar bazasi tiklandi. Ikkinchi bosqich - toʻlov terminallarini tiklash kun davomida amalga oshiriladi.

Zarurat boʻlganda, fuqarolar zarur boʻlgan naqd pul mablagʻlarini olish uchun oʻzlariga xizmat koʻrsatadigan banklarga murojaat qilishlari mumkin. Bunda bank kartasi ochilgan bank filialiga murojaat qilish zarurdir (terminallar ishi tiklanganidan keyin har qanday bankning istalgan filialiga murojaat qilish mumkin). Markaziy bank tijorat banklari bilan birgalikda mamlakatning barcha hududlarida banklar barcha filiallarini zarur miqdorda naqd pul bilan taʼminlash boʻyicha ish olib bordi, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, Markaziy bank bu voqeani eʼtiborsiz qoldirmaydi. Qonunchilikka oʻzgartirish kiritish boʻyicha tashabbus ilgari suriladi. Unda chakana toʻlov tizimlarining barqaror faoliyat yuritishi maqsadida ularning ishini nazorat qilish va tartibga solish boʻyicha Markaziy bank huquq va majburiyatlari koʻzda tutiladi.

UzCard tizimda 15 sentyabr kuni soat 18:52da jiddiy nosozlik yuzaga kelgandi va bu muammo ikki kun oʻtib ham bartaraf etilmadi. Tizim ishdan chiqishi Oʻzbekistondagi 18 milliondan oshiq plastik karta muomalasiga taʼsir koʻrsatdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Markaziy bank UzCard bilan bogʻliq holat boʻyicha rasmiy maʼlumot berdi