22:38 / 29.09.2018
6 504

Oʻzbekistonda 1 oktyabrdan qanday oʻzgartirishlar kuchga kiradi?

Oʻzbekistonda 1 oktyabrdan qanday oʻzgartirishlar kuchga kiradi?
2018 yil 1 oktyabrdan kuchga kiradigan soliq sohasidagi asosiy yangiliklar, yer uchastkalarini ajratish, koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni hisobga olish, kripto-aktivlar oborotiga doir yangi qoidalar va boshqa yangiliklar haqida Norma maʼlumot berdi.

Oqibatlarni yuzaga keltiradigan xronometraj, pasportlashtirish, avtoturargohlarga soliq solish va suv soligʻining yangi stavkalari

Birinchidan, shu paytgacha xronometraj natijalari soliq toʻlovchini javobgarlikka tortish uchun asos boʻlib xizmat qila olmas edi. Biroq 1 oktyabrdan prinsip oʻzgaradi. Avval soliqchilar xronometraj natijalariga koʻra oxirgi hisobot davri uchun kamaytirib koʻrsatilgan tushumni va xodimlar sonini qayta hisob-kitob qilgan holda soliqlarni hisoblashni amalga oshirish haqida talabnoma yuborish huquqiga ega boʻladilar. Kamaytirib koʻrsatish takroran aniqlanganda, ushbu harakatlar soliq toʻlashdan boʻyin tovlash sifatida malakalanadi.

Ikkinchidan, soliq toʻlovchilarni pasportlashtirish rejalashtirilgan muddatdan birmuncha oldin boshlanadi (normativ hujjatlarga koʻra u 1 oktyabrdan boshlab tuziladi). Tadbirkorlik subyekti roʻyxatga olingan joyda faoliyat yuritayotgani tekshiriladi, faoliyat turi oʻrganiladi, xodimlarining haqiqatdagi soni hisobotda koʻrsatilgani bilan solishtiriladi, noqonuniy tadbirkorlik dalillari aniqlanadi. Pasportlashtirish davomida toʻplangan dalillar soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblash uchun asos boʻladi.

Uchinchidan, qatʼiy belgilangan soliqni toʻlab kelgan avtoturargohlar oktyabrdan YAST yoki umumbelgilangan soliqlarni toʻlashga oʻtishlari kerak. Soliq tushumlari ustidan nazorat oʻrnatiladi. Xususan, barcha avtoturargohlar videokuzatuv kameralari hamda kirish va chiqish vaqtini qayd etish tizimini oʻrnatishlari shart.

Toʻrtinchidan, ayrim suv isteʼmolchilari suv resurslaridan foydalanganlik uchun toʻlaydigan soliq miqdori oshirildi. Sanoatchilar (elektr stansiyalari, kommunal xizmatlar va alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqaruvchilardan tashqari) oktyabrdan boshlab yer usti suv resurslari manbalarining 1 kub metri uchun 300 soʻm va yer osti suv resurslari manbalarining 1 kub metri uchun 360 soʻm toʻlaydilar, bu stavkalar taxminan uch baravar oshirilganini anglatadi. Avtomobil yuvish korxonalari esa tegishincha 1 000 va 1 250 soʻmdan hisoblashlari kerak. Ular uchun soliq 10 baravardan ortiq oshdi.

Investitsiya loyihalari uchun yer va koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni hisobga olishning yangi qoidalari

Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalari 50 yilgacha muddatga, lekin arizada koʻrsatilganidan kam boʻlmagan muddatga investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun uzoq muddatli ijaraga beriladi. Mehmonxonalar, savdo obyektlari, madaniy-koʻngilochar majmualar, maishiy xizmat koʻrsatish obyektlari, taʼlim va tibbiyot tashkilotlari, yoʻl infratuzilmasi va boshqalarni qurish uchun yer uchastkalariga doimiy egalik qilish huquqi auksion orqali sotiladi.

Bunda koʻchmas mulkka (yer uchastkalari, bino va inshootlar, koʻp yillik dov-daraxtlarga) boʻlgan huquqni roʻyxatga olish toʻgʻrisida guvohnoma bekor qilinadi. Ular oʻrniga elektron davlat reyestriga tegishli yozuv kiritiladi. Asosiysi, koʻchmas mulk mulkdorlari (egalari) hujjatlar bilan hech qayerga bormaydilar. Yozuv kiritish uchun barcha maʼlumotlarni hokimliklar, notariuslar, qurilish boʻlimlari va boshqarmalari, shuningdek boshqa muassasalar taqdim etadilar.

Ayrim litsenziyalovchi organlar oʻzgardi

Aviatsiya, diniy taʼlim va qurilish sohasidagi faoliyatning 6 ta turi boʻyicha litsenziyalovchi organlar oʻzgardi. Bu koʻplab komissiyalar, qoʻmitalar, kengashlar va ishchi guruhlar tugatilishi bilan bogʻliq. Umuman olganda, ular 81 taga kamaydi, yana 25 ta shunday organlarning ishi optimallashtirildi.

Litsenziya olish uchun endi soha davlat muassasalariga murojaat qilish lozim. Eslatib oʻtamiz, bu joriy yildagi litsenziyalash funksiyalarining birinchi transferi emas. 1 iyundan ayrim litsenziyalarni berish vakolatlari Hukumatdan quyi turuvchi idoralarga oʻtkazilgan.

Kripto-aktivlar oboroti – litsenziya boʻyicha

Kripto-aktivlar, yaʼni oʻz qimmati va egasiga ega boʻlgan blokcheyndagi yozuvlar majmuasi oboroti bilan endi faqat litsenziya asosida shugʻullanish mumkin. Mayning, kripto-aktivlar bozoridagi xizmatlar va kripto-birjalar faoliyatini ham litsenziyalash talab etiladi. Ushbu yoʻnalishni litsenziyalash bilan LBMA shugʻullanadi.

Keyinchalik Oʻzbekistonda kripto-birjalarga qoʻyiladigan talablar tasdiqlandi: xorijiy korxona, 30 000 EKIH (5,5 mlrd soʻmdan ortiq) miqdoridagi ustav fondi, elektron tizim, savdolarni amalga oshirish qoidalarining mavjud boʻlishi, bozor kotirovkalaridan foydalanish va savdolar haqidagi axborotni 5 yil davomida saqlash.

Taʼlim va fan: maktablarning kuzatuv kengashlari va mualliflik haqi

Umumtaʼlim muassasalarining vasiylik kengashlari oʻrniga kuzatuv kengashlari tashkil etiladi. Ular tarkibiga muassasa faoliyatiga jiddiy hissa qoʻshishga qodir eng faol ota-onalar, bitiruvchilar, homiylar va boshqa shaxslar kiritiladi.

Fan sohasida esa quyidagilarga qoʻshimcha bir martalik mukofotlar joriy etiladi:
  • patentlangan intellektual mulk obyektlari mualliflariga – muassasaning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan EKIHning 10 baravari miqdorida;
  • mualliflar hamda ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini ishlab chiqish va tijoratlashtirishda ishtirok etgan ilmiy jamoaga – ularni tijoratlashtirishdan muassasa hisobiga kelib tushayotgan mablagʻlarning tegishli ravishda 40%i va 30%i miqdorida.

Ijtimoiy soha: non uchun kompensatsiya, bolalar nafaqalarini indeksatsiyalash

Hukumat ilgari davlat tomonidan tartibga solingan qolipli non (“buxanka”) narxini sentyabr oyining oʻrtasida tushirdi va un narxini oshirdi. Bu ayniqsa aholining ijtimoiy qatlamlari hamyoniga zarar keltirmasligi uchun 1 oktyabrdan kompensatsiya – EKIHning 10%i joriy etiladi.

Uni quyidagilar olishlari mumkin:
  • yoshga doir, nogironlik boʻyicha nafaqa, boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi va nafaqasi (har bir boqimandaga), bolaligidan nogiron boʻlgan 16 yoshdan katta shaxslarga nafaqa, nogiron boʻlgan 16 yoshgacha bolalarga nafaqa, shuningdek yoshga doir pensiyaningbelgilangan miqdoridan kam pensiya va nafaqa boʻyicha har bir nafaqa oluvchiga;
  • bola 2 yoshga toʻlgunga qadar uni parvarish qilish boʻyicha nafaqa oluvchi har bir oila, oʻzini oʻzi boshqarish organlari orqali moddiy yordam oluvchi kam taʼminlangan oilaga.

Parallel ravishda 14 yoshgacha farzandlari boʻlgan oilalarga oylik nafaqa miqdorlarini indeksatsiyalashga qaror qilindi. Oktyabrdan boshlab ular quyidagi miqdorni tashkil etadi:
  • 1 nafar farzandi boʻlgan oilaga – EKIHning 60%i;
  • 2 nafar farzandi boʻlgan oilaga – EKIHning 100%i;
  • 3 nafar va undan koʻp farzandi boʻlgan oilaga – EKIHning 140%.

Va oxirgisi. Shuningdek oktyabr oyida, oy boshidan boʻlmasa ham, isteʼmolchilar bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qoʻyiladigan minimal talablar hamda Maʼlumotlar uzatish tarmogʻi, shu jumladan Internet xizmatlarini koʻrsatishning yangi qoidalari amal qila boshlaydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Oʻzbekistonda 1 oktyabrdan qanday oʻzgartirishlar kuchga kiradi?