11:33 / 08.10.2018
4 432

Litsenziyalash: qanday oʻzgartirishlar kiritildi?

Litsenziyalash: qanday oʻzgartirishlar kiritildi?
Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining roʻyxatiga (keyingi oʻrinlarda – Roʻyxat) oʻzgartirishlar kiritildi.

Eslatib oʻtamiz, aprel oyida davlat rahbari tomonidan 7ta litsenziyalanadigan faoliyat turini bekor qilish toʻgʻrisidagi taklif qabul qilindi. Biroq rasmiy-yuridik nuqtai nazardan qaraladigan boʻlsa, u yoki bu litsenziyalar faqat Roʻyxatga oʻzgartirishlar kiritilgandan keyin bekor qilingan deb hisoblanadi, chunki ushbu roʻyxat Qonun bilan tasdiqlangan, deb yozadi Norma.

Shu munosabat bilan Roʻyxatdan quyidagilar chiqarib tashlandi:
  • aeroportlardagi tashish ishlarini bajaruvchi havo kemalariga xizmat koʻrsatish faoliyati;
  • tamaki xom ashyosini fermentlash;
  • audiovizual asarlarni tayyorlash, dublyaj qilish va ekranda namoyish etish;
  • audiovizual asarlarni, fonogrammalarni va EHM uchun yaratilgan dasturlarni realizatsiya qilish va prokatga berish.

Bundan tashqari, toʻrtta yoʻnalish – telekommunikatsiyalar tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va ularga xizmat koʻrsatish – bitta pozitsiyaga birlashtirildi. Ilgari har biri boʻyicha alohida hujjat talab etilgan boʻlsa, endi ular boʻyicha litsenziya umumiy boʻladi.

Shu tariqa, kiritilgan oʻzgartirishlar natijasida litsenziyalanadigan faoliyat turlarining umumiy soni 60 ta pozitsiyadan 55 tagacha qisqartirildi.

Qayd etilishicha, kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar tahlili quyidagilarni koʻrsatdi.

Birinchidan, prezidentning 11.04.2018 yildagi PF–5409-son farmoniga 1-ilovada quyidagi faoliyat turlariga litsenziya berilishini bekor qilish nazarda tutilgan:
  • koʻchmas mulk bozorida axborot va maslahat xizmatlarini koʻrsatish;
  • dori vositalari va tibbiy buyumlarni yaratish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlari, shuningdek ularning sifatini nazorat qilish;
  • neft mahsulotlarini AYOQSH va moy almashtirish punktlari orqali sotish.

Biroq Roʻyxatga kiritilgan tuzatishlarda bular nazarda tutilmagan. Bundan tashqari, 3.10.2018 yildagi OʻRQ–494-son Qonun bilan “Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi va “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlarga oʻzgartirishlar kiritilmagan (keyingisi boʻyicha tegishli loyiha ishlangan edi).

Sanab oʻtilgan faoliyat turlariga litsenziyalarning bekor qilinishi deputatlar tomonidan maʼqullanmagan boʻlishi, lekin keyinchalik qonun hujjatlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.

Ikkinchidan, 2018 yilning 1 oktyabridan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi, jumladan kripto-birjalar yaratish faoliyati litsenziyalanishi joriy qilindi. Biroq mazkur faoliyat turi hali Roʻyxatga kiritilmagan.

Oʻzgartirishlar 4.10.2018 yildan kuchga kirdi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Litsenziyalash: qanday oʻzgartirishlar kiritildi?