16:43 / 11.10.2018
4 711

“Tinchlik narxi qancha?”: Oʻzbekiston hukumatining yengilmas Tolibon bilan muzokaralari

"Тинчлик нархи қанча?": Ўзбекистон ҳукуматининг енгилмас Толибон  билан музокаралари
Joriy yil mart oyida Toshkentda oʻtkazilgan Afgʻoniston boʻyicha anjuman qatnashchisi afgʻon qizi Asila Oʻzbekiston haqidagi ilk taassurotlarini “Tinchlik nimaligini Oʻzbekistonga kelib angladim”, - deya ifodalagan edi. Ushbu yirik anjuman Oʻzbekiston tarixida Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatishga qaratilgan ikkinchi harakat boʻldi.

Ikki surat tarixi

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Instagramdagi rasmiy sahifasida “Tolibon” harakati rahbari Mulla Umarning tashqi ishlar vaziri Mulla Mutavakil bilan birga tushgan suratini joyladi.

“Afgʻoniston”: tinchlik sari mashaqqatli yoʻl. “Qandahor, 1999 yil. Shaxsiy arxivdan”, — deyilgan izohda.

Darvoqe, 1999 yilda rasmiy Toshkent tashabbusi bilan Afgʻonistonning qoʻshnilari boʻlgan mamlakatlar Tashqi ishlar vazirlari oʻrinbosarlari darajasida “6+2” aloqa guruhi uchrashuvi boʻlib oʻtgan. Bu tadbirda Rossiya va AQSH hamda qaramash-qarshi tomonlar, xususan, “Tolibon” harakati vakillari ishtirok etishgan.

Muzokaralar yakuniga koʻra, “Afgʻonistondagi mojaroni tinchlik yoʻli bilan bartaraf etishning asosiy tamoyillari toʻgʻrisida Toshkent deklaratsiyasi” qabul qilingan.

Abdulaziz Komilovning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida, shuningdek, yana bir fotosurat eʼlon qilingan. Unda Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri afgʻonistonlik muxolifatchi siyosatchi Gulbiddin Hikmatyor bilan 2018 yilning iyulida Kobulda boʻlib oʻtgan uchrashuvi aks ettirilgan.

“19 yildan soʻng. Sobiq dala qoʻmondoni, Afgʻoniston bosh vaziri (1993—1994 yillar, 1996 yil) Gulbiddin Hikmatyor bilan. 2018 yil iyul. Shaxsiy arxivdan”.

2018 yil mart oyida, yaʼni Oʻzbekiston TIV rahbari Abdulaziz Komilovning Mulla Umarning Tashqi ishlar vaziri Mulla Mutavakil bilan uchrashuvidan soʻng 19 yil oʻtib Toshkentda Oʻzbekiston rahbarining tashabbusi bilan butun dunyo eʼtiborini yana bir bor Afgʻoniston masalasiga jalb qilgan va barcha manfaatdor tomonlar uchun muloqot maydoni sifatida xizmat qilgan yirik xalqaro anjuman oʻtkazildi.

Siyosatchilar, ekspertlar fikrlari, chaqiriqlari bir tomon boʻldi-yu, Oʻzbekistonga taʼlim olish uchun kelgan afgʻon qizi Asilaning “Tinchlik nimaligini Oʻzbekistonga kelib angladim”, - deya aytgan armon aralash soʻzlari bir tomon boʻldi.

Bir qarashda oddiy soʻzlar. Lekin... oʻq ovozi eshitilmagan, hech kim bir-biriga qurol koʻtarmagan va obod Oʻzbekiston afgʻonistonlik yoshlar uchun haqiqiy jannatmakon oʻlka sifatida qabul qilingani, shubhasiz.

TIV rahbarining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida eʼlon qilingan suratlar - Oʻzbekiston hukumatining yillar davomida Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish boʻyicha amalga oshirayotgan kamtarona boʻlsa-da, harakatlari dalilidir.

2018 yil: Afgʻonistonda qurbonlar soni 3 ming nafarga yetdi...

Afgʻonistonda 2018 yilning birinchi toʻqqiz oyida 2798 nafar tinch aholi nobud boʻldi, yana 5252 nafari jarohatlandi. Bugun, payshanba kuni, Afgʻonistonga koʻmak berish boʻyicha BMT missiyasi hisobotida keltirilgan raqamlar bu.

Xabar qilinishicha, jarohatlanganlar soni oʻtgan yilgiga nisbatan 3%ga kamaygan, ammo shu bilan birga halok boʻlganlar soni 5%ga ortgan. Shu tariqa, halok boʻlgan va jarohat olganlar soni 8 ming nafardan oshib ketgan.

“Afgʻonistonda mojaroni harbiy yoʻl bilan toʻxtatib boʻlmaydi. Shu bois, BMT mamlakatdagi vaziyatni zudlik bilan va faqat tinch yoʻl orqali hal etishga chaqiradi... Tomonlar, tinch aholini himoya qilish va tinchlikka erishish uchun aniq choralar koʻrishlari lozim”, - deb bayonot qilgan BMT Bosh kotibining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Tadamichi Yamamoto.

Hisobotda tinch aholining oʻlimi sabablari ham keltirib oʻtilgan: qoʻlbola bombalar va xudkush-terrorchilar oqibatida (45% - 1050 kishi), yerdagi qurollangan toʻqnashuvlar (39% — 605 kishi), shuningdek, tinch aholini oʻldirishga qaratilgan aniq harakatlar (8% — 439 kishi).

Ekspert: Afgʻonlar - irodasi egilmagan, ammo maʼrifatga muhtoj xalq

Ekspert Muhammadjon Qodirovning aytishicha, “Tolibon” harakati bilan muzokara olib borish oson ish emas.

“Ularni dagʻdagʻa va bosim ostida, hatto atom bombasini tashlash bilan qoʻrqitib ham ”tinchlik oʻrnatishga“ majburlab boʻlmaydi”, - deydi suhbatdosh va bu bilan haqiqatda Afgʻon mojarosini harbiy yoʻl bilan hal etish mumkinmasligiga uzil-kesil nuqta qoʻyadi.

Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatishga erisha olmagan sobiq SSSRning yuz mingdan ziyod qoʻshinlari oʻz vaqtida bu hududni tark etishgan va bu holatdan hozirda oʻn mingdan ziyod kontingentini Afgʻonistonda ushlab turgan Amerika kerakli xulosalarni chiqarib olmagan.

Qodirov Oʻzbekiston tomonidan oʻn yilliklar davomida tinchlik oʻrnatish boʻyicha ilgari surilayotgan tashabbuslarni ijobiy baholashini taʼkidlab oʻtadi va bu harakatlar nega muhim, deb hisoblashini quyidagicha izohlaydi.

“Oʻzbekiston Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilishi uchun omil boʻladigan harakatlarni davom ettirmoqda. Bu yaxshi, axir Afgʻoniston aholisining qariyb 6 millioni oʻzbeklar. Oʻzbekiston tashabbus qilayapti va tashabbus qilishi kerak. Mana, temir yoʻl qurildi, savdo-sotiq munosabatlari yoʻlga qoʻyilyapti. Afgʻon xalqi ham tinchlik nafasini sezsa, ular uchun ish oʻrinlari yaratilsa va mamlakat taraqqiy eta boshlasa - oʻzgarish boʻladi. Urushdan bezgan afgʻon yoshlarining gaplarini bir nido sifatida qabul qilish kerak. Tinchlik oʻrnatish oson kechmayapti - toliblar oʻz shartini ilgari surgan. Ular Amerika qoʻshinlari chiqib ketishini xohlamoqda. Yaʼni bu, amaldagi hukumat bilan gaplashadigan gapimiz yoʻq degani-da”, - deydi suhbatdosh va bunday vaziyatda faqatgina afgʻon yoshlariga taʼlim berish, ularga tinch, farovon hayotni koʻrsatish orqali yutib chiqish mumkinligini qoʻshimcha qiladi.

“Hozir Afgʻonistonda toliblar safidagi aksariyat yoshlar kim naqd pul bersa, shunga xizmat qilishmoqda. Bu juda xavfli holat. Ular na oʻqishni, na yozishni biladi. Qoʻlida hunari ham yoʻq. Faqat qurol ushlashni biladi. Bunday jaholatga qarshi, prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev aytganidek, faqat maʼrifat bilan kurashish mumkin. Oʻzbekiston afgʻon yoshlariga taʼlim berishi zarur va shart”, - deb oʻz soʻzini yakunlaydi ekspert.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » “Tinchlik narxi qancha?”: Oʻzbekiston hukumatining yengilmas Tolibon bilan muzokaralari