11:20 / 12.10.2018
4 791

Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan qator toʻlovlarni amalga oshirish talabi bekor qilindi

Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan qator toʻlovlarni amalga oshirish talabi bekor qilindi
Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti “Davlat mulki obyektlarini va yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni tadbirkorlik subyektlariga sotish tartibini soddalashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi.

Hujjat bilan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan quyidagi toʻlovlarni amalga oshirish talablari bekor qilindi:

davlat mulki obyektlarini xususiylashtirishga buyurtmanoma berganlik uchun Davlat raqobat qoʻmitasining byudjetdan tashqari jamgʻarmasiga eng kam oylik ish haqining uch baravari miqdorida toʻlanadigan yigʻim;

mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderini berganlik uchun davlat boji.

Belgilanishicha, quyidagi davlat koʻchmas mulk obyektlari tadbirkorlik subyektlariga faqat davlat-xususiy sheriklik asosida, tegishli vazirlik yoki idora davlat sherigi sifatida ishtirok etgan holda berilishi mumkin (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasining qarorlarida koʻzda tutilgan hollardan tashqari):

taʼlim, shu jumladan, maktabgacha taʼlim muassasalari;

sogʻliqni saqlash va sport obyektlari;

madaniyat obyektlari, shu jumladan, kinoteatrlar, klublar, konsert-tomosha koʻrsatish muassasalari va kinolashtirish obyektlari.

Bunda, mazkur band talablari faoliyat yoʻnalishi boʻyicha foydalanilmayotgan, tegishli vazirlik yoki idoralar tomonidan davlat-xususiy sheriklik tashkil etish maqsadga muvofiq emas deb topilgan boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlariga tatbiq qilinmaydi.

Vazirlik, idoralar, xoʻjalik boshqaruvi organlari:

a) xatlov natijasida aniqlangan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari ulushi ustun mavqega ega boʻlgan tashkilotlar (shu jumladan, ustav kapitalining 50 foizdan ortigʻi 50 foizdan ortiq miqdorda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari ulushiga ega yuridik shaxsga tegishli boʻlgan yuridik shaxslar)ning faoliyatiga mos boʻlmagan va foydalanilmayotgan boʻsh turgan koʻchmas mulk obyektlaridan quyidagicha samarali foydalanish choralarini koʻradi:

bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlari, shuningdek, tashkilotlarni rivojlantirish strategiyasiga asosan obyektlar negizida qisqa muddatli va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan obyektlar roʻyxatini tasdiqlash;

ikki oy muddatda ustav kapitalida davlatning yoki xoʻjalik boshqaruvi organlarining ulushlarini sotish boʻyicha tegishli qaror mavjud boʻlishidan qatʼi nazar, oʻtkazilgan xatlov natijasida aniqlangan faoliyatiga mos boʻlmagan va foydalanilmayotgan boʻsh turgan koʻchmas mulk obyektlarini, zarurat boʻlganda 10 yilgacha muddatga boʻlib toʻlash imkoniyatini koʻzda tutgan holda savdolarga chiqarish;

bir oy muddatda foydalanilmayotgan yerlar va faoliyat koʻrsatmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini ularning negizida kichik sanoat zonalarini barpo etish uchun mahalliy davlat hokimiyati organlariga berish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish;

b) obyektni oʻz balansida saqlovchi yuqori tashkilot tomonidan tasdiqlangan, foydalanish boʻyicha tegishli “yoʻl xaritasi” boʻlmagan boʻsh yotgan obyekt sotilishini rad etishga yoʻl qoʻyilmasligi toʻgʻrisidagi talabni eʼtiborga olgan holda, boʻsh yotgan obyektlarni sotish boʻyicha mahalliy davlat hokimiyati organlarining soʻrovnomalari Davlat raqobat qoʻmitasi tomonidan oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini taʼminlaydi.

Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish boʻyicha komissiya (M.Olloyorov) va hududiy guruhlar Davlat raqobat qoʻmitasi, vazirliklar, idoralar, xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda mazkur band ijrosining soʻzsiz bajarilishini taʼminlaydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan qator toʻlovlarni amalga oshirish talabi bekor qilindi