23:34 / 16.10.2018
6 112

Mark Uins Oʻzbekistonda: Oʻzbek milliy taomlari mashhur fud-blogerni lol qoldirdi (video)

Mark Uins Oʻzbekistonda: Oʻzbek milliy taomlari mashhur fud-blogerni lol qoldirdi (video)
Eng mashhur fud-blogerlardan biri Mark Uins Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining qoʻllab-quvvatlashi ostida Oʻzbekistonga tashrif buyurdi va mamlakatimizning diqqatga sazovor joylarida boʻldi. Bloger gastronomik turizmni targʻib qilishi bilan tanilgani bois dunyoning koʻplab mamlakatlarida boʻlgan va u yerlarning milliy taomlaridan tatib koʻrib, oʻz taassurotlari aks etgan videolavhalarni folloverlari bilan boʻlishgan.

Blogerning YouTube sahifasida uning oilasi bilan Toshkent shahrida boʻlgani va oʻzbek taomlarini tanovul qilib, ularga baho berganini koʻrish mumkin.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining Marketing tadqiqotlari boshqaruvi va milliy turistik mahsulot targʻiboti boʻlimi rahbari Behruz Hamzayev boshchiligidagi gastronomik sayohat davomida Mark Uinsga oʻzbekistonlik fud-bloger Ravshan Hojiyev ham hamrohlik qilgan. Ular birgalikda poytaxtdagi osh markazi, Chorsu bozori va zamonaviy restoranlardan birida boʻlib, mazali oʻzbek milliy taomlarini tanovul qilishadi.

KUN.UZ muxbiri qoʻmita vakili Behruz Hamzayev bilan bogʻlanib, bloger tashrifiga doir tafsilotlarga qiziqish bildirdi.

“Bugungi kundagi jahon trendlarini inobatga olgan holda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Baxtiyor Umarovning qoʻllab-quvvatlashi ostida Mark Uaynsni Oʻzbekistonga taklif qildik. Mark Oʻzbekistonga kelib, yurtimiz haqida juda zoʻr taassurotlar bilan ketdi. Eng avvalo, oʻzbek xalqining mehmondoʻstligi va milliy taomlarimizning mazasi uni lol qoldirdi. Shu bilan birga, tarixiy obidalarimiz unga juda manzur boʻldi. Uni hashamatli joylarga emas, oddiy odamlar ovqatlanadigan joylarga olib bordik, yaʼni haqiqiy hayotni koʻrsatdik. Sayyohlar haqiqiy hayotni koʻrgani keladi, biz ularni hashamatli restoranlar bilan hayratlantira olmaymiz, zero ular bunday joylarni koʻp koʻrgan. Biz Markka hamyonbop, el qatori hayotni koʻrsatdik”, - deydi u.


Qoʻmita vakilining soʻzlariga koʻra, tashrifga qadar Mark Oʻzbekiston haqida deyarli hech qanday maʼlumotga ega boʻlmagan, lekin sayohatdan soʻng uning mamlakatimiz haqidagi fikri 180 darajaga oʻzgargan. U bunga qadar juda koʻp davlatlarda boʻlgani, lekin oʻzbek milliy taomlarining mazasi boshqalarnikidan butkul farqlanishini taʼkidlagan.

Mark Uins shuningdek yurtimiz odamlarining ochiqkoʻngil va bagʻrikengligidan chuqur taʼsirlangan, zero uning aytishicha, hamma yerda ham taomlarning mazasini shunchaki tatib koʻrishga ruxsat berilmaydi, Oʻzbekistonda esa bundan hech qanday muammo boʻlmagan.


Taʼkidlash joizki, Markning Toshkent shahriga tashrifi aks etgan videoni 24 soat ichida yarim million follover tomosha qilgan, fud-blogerning aytishicha, bunaqasi birinchi marta qayd etilgan. Boshqa mamlakatlarga safari davomida olingan videolar odatda 2-3 haftada bunday natijaga ega boʻladi. Video ostidagi izohlarning juda koʻpligi va ijobiyligi ham ushbu safarning besamar ketmaganini tasdiqlaydi.

Behruz Hamzayevning KUN.UZʻga maʼlum qilishicha, Mark Uins ishtirokidagi bunday videodan yana yettitasi taqdim etilishi kutilmoqda. Ular Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida tasvirga olingan. Ushbu videolar orqali har bir hududning oshxonasi oʻziga xosligi namoyon qilinadi.

Yaqin kunlarda Oʻzbekistonga yana bir mashhur blogerning tashrifi kutilmoqda. Hatto qishda ham qishki turizmni rivojlantirish uchun ham taniqli blogerlar tashrifi tashkillashtiriladi. Umuman, bu yoʻnalishda rejalar va tashabbuslar talaygina, biroq bu haqida keyingi maqolalarda...

Maʼlumot uchun: Mark Uins- eng mashhur fud-blogerlardan biri, ijtimoiy tarmoqlarda uning 5 millionga yaqin obunachilari bor. U AQSHda tugʻilgan, ayni damda turmush oʻrtogʻi va oʻgʻli bilan Tailandda istiqomat qiladi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Mark Uins Oʻzbekistonda: Oʻzbek milliy taomlari mashhur fud-blogerni lol qoldirdi (video)