16:45 / 14.11.2018
6 526

Yangi tuzilayotgan partiyaning nomi va platformasi ma’lum bo‘ldi

Yangi tuzilayotgan partiyaning nomi va platformasi ma’lum bo‘ldi
O‘zbekistonda ekologik partiya tashkil etiladi. Yuzdan ortiq ekologik partiya tuzish tashabbuskorlari 14 noyabrda Toshkentdagi ITC biznes markazida partiya tashkiliy qo‘mitasini shakllantirdi.

O‘zbekiston ekologik partiyasi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirishda ekologik yondashuvni targ‘ib etadi. Yangi partiya 2019 yilda bo‘lib o‘tadigan hokimiyatning vakillik organlariga (Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Senati va mahalliy deputatlar kengashiga) navbatdagi saylovlarda qatnashmoqchi.

67 kishidan iborat tashkiliy qo‘mitaning raisi etib O‘zbekiston ekologik harakati Markaziy Kengashi Ijroiya ko‘mitasi raisi Boriy Alixonov saylandi.

Tashkiliy qo‘mitaga partiya ta’sis hujjatlarini tayyorlash, a’zolar tarkibini shakllantirish topshirildi. Qo‘mita siyosiy partiyani tuzish uchun zarur bo‘lgan kamida sakkizta viloyatda yigirma ming fuqaro imzosini 1 dekabrgacha yig‘ishni rejalamoqda.

Ekologik partiyaning ta’sis s’ezdi 2019 yil 8 yanvarda bo‘lib o‘tadi. Ta’sis s’ezdida partiya ustavi va dasturi qabul qilinadi.

Partiya O‘zbekiston ekologik harakati negizida va harakat faollari tomonidan tashkil etilmoqda. Tashkiliy qo‘mita raisi Boriy Alixonovning aytishicha, partiya tuzilgandan keyin Ekoharakat tarqatilmaydi, o‘z faoliyatini alohida siyosiy kuch sifatida davom ettiraveradi.

2017 yil dekabrida Shavkat Mirziyoyev parlamentga yo‘llagan murojaatnomasida Ekoharakat vakillari uchun Qonunchilik palatasidan maxsus o‘rin ajratishdan voz kechishni taklif qilgan edi. Prezidentning fikricha, Ekoharakat vakillarini parlamentga kvota asosida kiritilishi uning faol va tashabbuskor bo‘lib ishlashini muayyan darajada susaytirmoqda. Qonunchilikka ko‘ra, Ekoharakatga parlamentning quyi palatasidan 15 o‘rin ajratiladi. Kvotani bekor qilish "siyosiy maydonda sog‘lom raqobatni kuchaytiradi va Ekologik harakatning alohida siyosiy kuch sifatida mustahkamlanishiga xizmat qiladi", deb aytgan Shavkat Mirziyoyev.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 4 ta siyosiy partiya – O‘zbekiston Xalq-demokratik partiyasi (XDP), "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi (MTDP), "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi mavjud.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Yangi tuzilayotgan partiyaning nomi va platformasi ma’lum bo‘ldi