23:43 / 17.11.2018
2 842

Bosh vazir deputatlarning Ukraina bilan «savdo urushi» bo‘yicha takliflariga munosabat bildirdi

Bosh vazir deputatlarning Ukraina bilan «savdo urushi» bo‘yicha takliflariga munosabat bildirdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida hukumat a’zolari ishtirokida deputatlar tomonidan O‘zbekistonning bosh moliyaviy hujjati loyihasi – soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi. Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirok etdi.

Muhokamalar davomida Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev bosh vazirga murojaat qilib, Ukrainaning o‘zbek avtomobillariga nisbatan qo‘ymoqchi bo‘layotgan cheklovlariga qarshi yaqinda deputatlarning munosabati va bildirgan taklifi bo‘yicha hukumat tomonidan qanday choralar ko‘rish rejalashtirilayotgani haqida so‘ragan. Deputat o‘z so‘zida agar zarur bo‘lsa hukumat Ukraina mahsulotlari importining o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqaruvchi boshqa mamlakatlar bilan savdo iqtisodiy munosabatlarni yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq ekanini bildirib o‘tgan.

Bosh vazir deputatning ushbu taklifiga javoban mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida uzoq va yaqin qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalarni olib borishga alohida e’tibor qaratilayotgani va shu bois, Ukraina parlamenti tomonidan ko‘tarilib, Ukraina hukumatiga kiritilgan O‘zbekiston avtomobillariga qarshi cheklov o‘rnatish bo‘yicha choralarga qarshi har qanday chora qo‘llashda vazminlik va bosiqlik bilan ish tutish zarurligini ma’lum qilgan.

Hukumat rahbari o‘z so‘zida ayni vaqtda O‘zbekistondagi tegishli vazirlik va idoralar Ukraina tomoni bilan mazkur masalada aniq yechimga kelish ustida ishlayotgani va yaqin vaqt ichida tomonlar o‘zaro manfaatli to‘xtamga kelinishiga ishonch bildirgan.

Noyabr oyi boshida Ukraina «UkrAvto» avtomobil ishlab chiqaruvchilarining arizasi asosida O‘zbekiston avtmobillari olib kirilishi bo‘yicha tergov-surishtiruv ishlarini boshlagani haqida xabar tarqalgandi.

O‘zbekistonning Ukrainadagi elchisi Alisher Abdullayev bu xabarlar yuzasidan shunday ma’lumot bergandi: «Bu bizni nimadadir ayblab, ta’sir o‘tkazib, avtomobillarimizning olib kirilishiga cheklov o‘rnatish borasidagi birinchi urinish emas. Bu safar Ukraina tomoni avtomobil sanoatiga davlat tomonidan subsidiya ajratilishi masalalarini o‘rganadi. Bungacha dempingga qarshi surishtiruvlar o‘tkazilgan edi. O‘shanda biz ikki tomonlama ishchi tartibda, normal hamkor davlatlar sifatida ishladik, bir qarorga keldik va kun tartibidan og‘riqli savollarni olib tashlagandik».

O‘shanda deputat Rasul Kusherbayev Ukrainaning cheklovlariga qarshi hukumatimiz ham chora ko‘rishga tayyor tyrishi kerakligi haqida aytib chiqqandi.

«Maqsad O‘zbekiston tovarlari importiga cheklov qo‘yish bo‘lsa, nima uchun Ukraina tovarlariga nisbatan O‘zbekistonda ham buning aksini qilish mumkin emas?!

O‘zbekistonga oxirgi uch yilda Ukrainadan 642 million dollarlik mahsulotlar import qilingan bo‘lsa, bizdan ularga 169 million dollarlik mahsulot eksport qilingan xolos. Undan tashqari, Ukraina tovarlaridan 142 milliard so‘mlik bojxona to‘lovlari undirilib, 510 milliard so‘mlik imtiyoz qo‘llangan.

Import sifatida bizning bozorimizga kirib kelayotgan bunday mahsulotlarni cheklash bo‘yicha qandaydir maxsus tekshiruvlar uyushtirilayotgani yo‘q-ku», degandi u.

Yana bir deputat Abdurashid Abduqodirov ham Ukrainaning bu harakatlariga javob qaytarish zarurligini aytgandi.

«O‘zbekiston avtomobillari o‘zaro tovar aylanmasiga nisbatan atigi 5,5 foizni yoki Ukrainada ishlab chiqarilayotgan avtomobillarga nisbatan bir foizga yaqinni tashkil etayotgan hamda 2017 yilda Ravon modeli sotuvlar bo‘yicha 10-o‘rinni egallaganligiga qaramasdan, Ukraina tomonidan yuqoridagi mazmunda bayonot berilganligi Ukraina xalqiga foyda keltirishidan ko‘ra ko‘proq zarar keltirishi aniq

Birinchidan, Ukrainadan import qilinadigan mahsulotlar hajmini keskin kamaytirish choralarini ko‘rish mumkin. Bunda importbop mahsulotlar ishlab chiqarilishini o‘zimizda ko‘paytirish hamda Rossiya bilan aloqalarni yanada rivojlantirish mumkin.

Ikkinchidan, Ukrainaga kamroq eksport qilish kerak. Buning uchun yangi bozorlarni izlash kerak», degandi deputat.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » O‘zbekiston » Bosh vazir deputatlarning Ukraina bilan «savdo urushi» bo‘yicha takliflariga munosabat bildirdi