12:30 / 09.12.2018
4 145

O‘zbekistonliklar qachon Forbes’ga kiradi?

O‘zbekistonliklar qachon Forbes’ga kiradi?
Sarlavhada andak noqislik bor. Chunki dunyo boylari jamlanadigan Forbes reytingiga o‘zbek millatiga mansub, ammo boshqa davlat fuqarosi bo‘lgan Alisher Usmonov, Fattoh Shodiyev kabi badavlat insonlar tirkalgan. Alisher Usmonov hatto «Forbes-Rossiya» reytingida qator yillar yetakchilik ham qilgan. Ammo bu ro‘yxatga biror marta aynan O‘zbekiston vakili kirmagan. O‘zbekistonda deyarli har bir davlat vakili o‘z o‘rnini topgan bu reytingga kirishga arziydigan boylar yo‘qmi?

O‘zbekistonda boylar hamisha bo‘lgan, bor va bo‘ladi. Ammo tuzumlar o‘zgarishi, milliy mentalitet, doimiy hadik va andisha kabi tushunchalar bu boylikni ko‘z-ko‘z qilishdan cheklab keladi. Nainki o‘z boyligini ommaga oshkor qilish odat tusiga kirmagan, balki kimdir bilib qolishidan ehtiyot bo‘lingan, hamisha sir tutib kelingan. Aynan mana shunday omillar tufayli nafaqat milliarderlar, balki dollarli millionerlar ro‘yxatiga rasman kirgan o‘zbekistonlikni topish, yaqin yillarda amrimahol.

Buning bir necha sabablari bor albatta:

1. Taassufki bizda boylarni yoqtirishmaydi, havas qilinmaydi. Aksincha, ularga shubha bilan qaraladi, topgan boyliklari manbasi mavhum tuyiladi;

2. Badavlat insonlar o‘z daromadlarini oshkor qilishni istamaganlaridan tashqari xorij boylaridan farqli ravishda xayriya ishlarida faol emaslar yoki muhtojlarga yordamlarini ham sir saqlashni afzal bilishadi;

3. Shunday bir tushuncha mustahkam shakllanganki, unga ko‘ra badavlat insonning albatta «yuqorida» suyangan tog‘i bo‘lishi shart, yoki o‘sha «yuqori»dagining o‘zi boy. Shuningdek, boymi, demak biror qing‘irlikka sherik, chunki bizning sharoitda halol yo‘l bilan buncha boylik orttirish mumkin mumkin emas, deb o‘ylanadi;

4. O‘tgan asrlardan qolib ketgan qo‘rquv hamon tarqalmagan – boylik, ayniqsa ommaga oshkor qilinmagan, yashirilgan pullar albatta qora kuchlarni chaqiradi, himoyalanish nihoyatda og‘ir, boyligingdan ayrilsang seni himoya qiladigan odam yo‘q;

5. Biror sabab bilan boyliging miqdori oshkor bo‘lsa, darhol savol berguvchilar, faoliyatingga qiziquvchilar paydo bo‘ladi, buyog‘iga umring oldingiday bo‘lmaydi, degan aqidalar o‘z ta’sirini ko‘rsatgan.

Qolaversa, Forbes talablariga ko‘ra orttirilgan boylikning manbasi mutlaqo shaffof, daromad qonuniy asoslarga ega bo‘lishi, kerakli ma’lumotlar oshkor qilib borilishi shart.

Masalan, bugungi kunda amerikalik ancha-muncha milliarderlar ham havas qiladigan mablag‘ – deyarli 5 milliard dollarni tasarruf etgani isbotlangan bo‘lsada, Gulnora Karimova Forbes reytingidan joy ololmagan.

Shuningdek, tadbirkorligi bilan xalqaro e’tiroflarga sazovor bo‘lgan G‘ofur Rahimov, Odilboy singari o‘zbekning boylari ham davlatlari yetsada, u yoki bu sabablarga ko‘ra bu ro‘yxatga kirishmagan (shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, G‘ofur Rahimov ham umrining ko‘p qismini Toshkentda o‘tkazgan bo‘lsada, Rossiya fuqarosi hisoblanadi).

Demak, o‘zbekistonliklarning dunyo boylari ro‘yxatidan joy olmayotganining aniq sabablari bisyor. Bu holatning davlat iqtisodiga salbiy jihati bor albatta. Ming afsuski, ulkan tarixi, 33 millionlik aholisi, dunyo hamjamiyati oldida ochiqlikka urinishiga qaramay O‘zbekistonda yashovchi boylarni misol tariqasida ko‘rsatish, ularning boylik formulasini o‘rganish mumkin emas.

O‘zlarini yangi davr tadbirkorlari, o‘rnak olishga arziydigan insonlar sifatida taqdim etayotgan biznesmenlarga esa hozircha Forbes reytingidan joy topilgani yo‘q.
Abror Zohidov

Manba: Kun.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonliklar qachon Forbes’ga kiradi?