10:30 / 12.12.2018
4 534

O‘zbekistonda yangi ko‘krak nishoni ta’sis etildi

O‘zbekistonda yangi ko‘krak nishoni ta’sis etildi
Vazirlar Mahkamasining “Xalq ta’limi fidoyisi” ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan “Xalq ta’limi fidoyisi” ko‘krak nishoni ta’sis etil va “Xalq ta’limi fidoyisi” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizom, “Xalq ta’limi fidoyisi” ko‘krak nishoni va uning guvohnomasining tavsiflari tasdiqlandi.

“Xalq ta’limi fidoyisi” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, ko‘krak nishoni bilan xalq ta’limi sohasida barkamol avlodni voyaga yetkazish, yoshlarni vatanparvarlik va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash borasida fidokorona mehnat qilgan hamda soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan fuqarolar taqdirlanadi.

Tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari ko‘krak nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha takliflarni tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasiga har yili 10 iyulga qadar taqdim etadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi (keyingi o‘rinlarda vazirlik deb ataladi) tasarrufidagi respublika tashkilotlari va muassasalari ko‘krak nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha takliflarni belgilangan tartibda ko‘rib chiqadi hamda har yili 1 avgustga qadar vazirlikka taqdim etadi.

Ko‘krak nishoni bilan boshqa vazirliklar va idoralar tasarrufidagi ta’lim muassasalarining pedagog va xodimlari ham yoshlarga ta’lim-tarbiya berishda erishgan muvaffaqiyatlari uchun ushbu vazirliklar va idoralar rahbarlari takliflariga asosan taqdirlanish mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri tomonidan ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflarni ko‘rib chiqish bo‘yicha Komissiya tashkil etiladi.

Komissiya yig‘ilishida nomzodlar bo‘yicha hujjatlar o‘rganilib, har yili 10 sentyabrgacha eng munosib nomzodlar bo‘yicha yakuniy xulosa qabul qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirining ko‘krak nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risidagi buyrug‘i har yili 20 sentyabrgacha chiqariladi.

Ko‘krak nishoni har yili O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayrami arafasida O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri (yoki uning topshirig‘iga binoan boshqa mas’ul shaxslar) tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi.

Ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan shaxslar eng kam oylik ish haqining to‘rt baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti oladi.

Bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofotlari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Xalq ta’limi sohasidagi islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.

Bir shaxs ko‘krak nishoni bilan bir marta mukofotlanadi. Ko‘krak nishoni davlat mukofotlaridan keyin ko‘krakning chap tomoniga taqiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda yangi ko‘krak nishoni ta’sis etildi