23:17 / 14.12.2018
3 415

National Review: Diplomatiya osmonida porlab borayotgan yulduz bo‘lsa, bu O‘zbekistondir

National Review: Diplomatiya osmonida porlab borayotgan yulduz bo‘lsa, bu O‘zbekistondir
2018 yilning 12 dekabrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yalpi majlisida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik to‘g‘risida”gi maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan mazkur hujjat BMTning barcha a’zo davlatlari tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi.

Ushbu muhim voqea dunyo ommaviy axborot vositalari, nufuzli ekspertlar tomonidan keng e’tirof etilyapti. Xususan, xorijiy OAVda yangrayotgan fikrlarga ko‘ra, yangilanish davriga o‘tgan O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori izchil ortib bormoqda.

Chikagoda chop qilinadigan “National Review” tahliliy jurnalida qayd etilishicha, O‘zbekiston 1992 yili BMTga a’zo bo‘lib, 1993 yildan buyon Toshkentda ushbu global tuzilmaning vakolatxonasi faoliyat yuritmoqda. E’tiborlisi, so‘nggi ikki yil O‘zbekiston BMT doirasida jadal va proaktiv ishtirok etgan davr bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyevning davlat boshqaruviga kelishi o‘zbek diplomatiyasining ko‘p tomonlama tuzilmalar bilan hamkorligi mutlaqo yangicha tus va ruhda rivojlanishi uchun sharoit yaratdi.

O‘zbekiston Prezidenti 2017 yilning sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida barchani hayratda qoldirgan nutq so‘zlagan edi, deya yozadi amerikalik jurnalistlar. 2018 yil may oyida esa Shavkat Mirziyoyev Vashingtonga rasmiy tashrif bilan keldi va Prezident Donald Tramp hamda AQSh boshqaruv doiralari bilan muzokaralar o‘tkazdi. “Diplomatiya osmonida porlab borayotgan yulduz bo‘lsa, bu O‘zbekistondir”, deyiladi jurnalda.

Yaponiyaning “Asahi Shimbun” gazetasida ushbu mavzu yuzasidan chop etilgan maqolada O‘zbekiston tashabbusi va o‘zbek diplomatiyasining faol chora-tadbirlari natijasida qabul qilingan rezolyutsiya BMT doirasida qabul qilingan qator muhim hujjatlar, shu jumladan, BMT Nizomi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror taraqqiyot maqsadlariga to‘la mos keladi.

Janubiy Koreyaning “The Korea Times” gazetasi muxbirlari O‘zbekiston yetakchisining global tashabbuslari munosib kutib olinayotganini e’tirof etadi. Bu borada, jumladan, Shavkat Mirziyoyevning Shanxay hamkorlik tashkilotining Sindao shahridagi sammitida ilgari surgan taklifi natijasi o‘laroq, ShHT davlat rahbarlarining Yoshlarga qo‘shma murojaati qabul qilingani ham eslatib o‘tiladi. Qolaversa, joriy yilning iyun oyida BMT Bosh Assambleyasi “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasini bir ovozdan qabul qildi. Mazkur hujjat ham O‘zbekiston rahbari ilgari surgan tashabbusning amaliy ro‘yobi bo‘ldi.

Koreyalik sharhlovchilarning ma’lum qilishicha, umumbashariy tuzilmaga a’zo barcha davlatlar Shavkat Mirziyoyevning “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik to‘g‘risida”gi rezolyutsiyani ishlab chiqish haqidagi taklifini qo‘llab-quvvatladi. Shu o‘rinda, “The Korea Times”da BMTning avvalgi Bosh kotibi Pan Gi Mun ham, hozir mazkur lavozimni egallab turgan Antoniu Guterrish ham O‘zbekistonga iliq munosabat bildirishi alohida ta’kidlanadi.

“O‘zbekistonda ekstremizm g‘oyalari ta’siriga adashib tushib qolgan fuqarolarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish, sog‘lom hayotga qaytarishda insonparvarlik, kechirimlilik va bag‘rikenglik tamoyillari asosida ish tutish bo‘yicha to‘plangan tajriba jahon bo‘ylab qanot yozmoqda, deb yoziladi Hindistonning “Times of Central Asia” jurnalida. Taniqli yozuvchilardan biri o‘z asarida “dunyoni go‘zallik qutqaradi”, deb yozgan ekan. Ammo zamon shuni ko‘rsatmoqdaki, dunyoni ma’rifat qutqaradi. O‘zbekiston buni yaxshi anglagan holda, nafaqat mamlakatda, balki butun jahonda yuksak ma’rifat g‘oyasini ilgari surmoqda”.

Ozarbayjonning “Report” axborot agentligi tarqatgan xabarda qabul qilingan hujjat dunyoda diniy bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, diniy erkinliklarni ta’minlash, e’tiqod qiluvchilarning huquqlarini himoyalashga xizmat qilishi haqida fikr bildiriladi. Rezolyutsiya ta’lim-tarbiyani rivojlantirish, xalqaro hamkorlik va tinchlikparvarlik faoliyatini kuchaytirish, ilm-fan hamda tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash kabi chorlovlarni ham o‘z ichiga olgan. Bu borada muayyan taklif va tashabbuslar ilgari surilgan.
Anvar MIRZAYeV


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » O‘zbekiston » National Review: Diplomatiya osmonida porlab borayotgan yulduz bo‘lsa, bu O‘zbekistondir