11:58 / 30.12.2018
4 400

O‘zbekistonda Yangi yil oqshomida qor yog‘maydi

O‘zbekistonda Yangi yil oqshomida qor yog‘maydi
31 dekabr kuni butun O‘zbekiston bo‘ylab quruq va nisbatan iliq havo hukmronlik qilishi kutilmoqda, Yangi yilning birinchi kunida esa mamlakatning ayrim hududlarida yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Bu haqda, «O‘zgidromet» ma’lumotlariga asoslanib, O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar bermoqda.

Havo harorati kechasi 0 daraja atrofida bo‘lishi, kunduzi esa +6...+9 daraja iliq bo‘lishi kutilmoqda. So‘nggi 50 yillik statistik ma’lumotlara ko‘ra, Toshkentda o‘rtacha har 4—5 yilda bir marta 31 dekabrda, har 2—3 yilda bir marta esa 1 yanvar kuni yog‘ingarchilik kuzatilgan.

«Ushbu yog‘ingarchiliklar har doim ham qor ko‘rinishida tushmaydi, bevosita Yangi yil oqshomida qor yog‘ishi esa undan-da kamroq kuzatiladi, — deydi sinoptiklar. — Bizning O‘rta Osiyo iqlimining o‘ziga xosliklari shunday. So‘nggi yillarda butun dunyoda kuzatilayotgan global isish tendensiyalari sabab iliq qishlar soni oshib bormoqda va, o‘z-o‘zidan, qor ko‘rinishida tushadigan qishki yog‘ingarchilik ulushi ham qisqarmoqda».

Toshkent shahridagi butun meteorologik kuzatuvlar tarixida eng sovuq Yangi yil oqshomi 1889 yili kuzatilgan — o‘shanda havo harorati -28 darajagacha sovigan. So‘nggi 50 yilda Toshkentda bunday sovuqlar kuzatilmagan va bu davrdagi eng qattiq qahraton 1991 yilning 1 yanvarida qayd etilgan — o‘shanda Toshkentda harorati -13 daraja sovuqqacha tushib ketgan.

Eng iliq Yangi yil bayramlari esa 2009 yildan 2010 yilga va 2015 yildan 2016 yilga o‘tishda kuzatilgan, o‘shanda 31 dekabr va 1 yanvar kunlari kunduzi havo harorati 18—19 darajagacha iliq bo‘lgan. So‘nggi yillardagi eng qorli Yangi yil esa 2007 yili kuzatilgan — qor 1 yanvarga o‘tar kechasi yog‘ishni boshlab, butun kun davomida tinmagan edi.

«Ba’zi yillarda qor vaqtliroq yog‘ib, Yangi yil bayramigacha ham erimay, saqlanib turadi. So‘nggi bor 2011—2012 yillar chegarasida shunday bo‘lgan. O‘shanda tabiat O‘zbekiston aholisida bayram kayfiyatini yaratish bo‘yicha majburiyatlarini oldindan bajargan edi. Eski yilning so‘nggi haftasida bir necha bor qor yog‘ishi natijasida 27 dekabrdayoq daraxtlardagi qalin qor qalpoqchalari shaharda haqiqiy qish ertagi muhitini hosil qilgandi», — deya xotirlaydi sinoptiklar.

Meteorologlarning fikricha, iliq qishlar sonining oshib borishi bilan bog‘liq tendensiya alohida qahraton qishlar bo‘lishi mumkinligini va, boz ustiga, odatiy va hatto iliq qishlarda ham alohida sovuq davrlar kuzatilishi ehtimolini istisno qila olmaydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda Yangi yil oqshomida qor yog‘maydi