17:15 / 01.01.2019
11 303

2019 yil 1 yanvardan boshlab nimalar o‘zgaradi?

2019 yil 1 yanvardan boshlab nimalar o‘zgaradi?
Bugun, 2019 yil 1 yanvardan boshlab bir qator qonun hujjatlari va ulardagi normalar kuchga kirdi. Ularning ayrimlari bilan quyida qisqacha tanishtirib o‘tamiz.

1. Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 12 iyunda qabul qilingan, Senat tomonidan 2018 yil 28 iyunda ma’qullangan va Prezident tomonidan 2018 yil 3 iyul kuni imzolangan O‘zbekiston Respublikasi “Mediatsiya to‘g‘risida”gi qonuni kuchga kirdi.

Eslatib o‘tamiz, mediatsiya – kelib chiqqan nizoni taraflar o‘zaro maqbul qarorga erishishi uchun ularning ixtiyoriy roziligi asosida mediator ko‘magida hal qilish usulidir.

2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 13 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” PQ-3666-son qaroriga muvofiq 2019 yil 1 yanvardan O‘zbekiston Respublikasi hududida 1993 yil 17 iyungacha qabul qilingan va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tmagan umummajburiy idoraviy hujjatlar, shu jumladan sobiq SSSRning idoraviy hujjatlari o‘z kuchini yo‘qotadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, sobiq ittifoq davrida qabul qilingan va bugunga qadar amalda bo‘lib kelgan 170 dan ortiq hujjatlar mavjud.

3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 18 maydagi “Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3730-son qaroriga muvofiq 2019 yil 1 yanvardan boshlab polimer plyonkali paketlarni bepul berish, ularning narxini tovarlar narxiga qo‘shish, shuningdek, ularni o‘z tannarxidan past narxlarda sotish, qalinligi 40 mikrondan kam bo‘lgan polimer plyonkali paketlarni ishlab chiqarish, polimer plyonkali paketlarni olib kirish taqiqlanadi.

4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga (07.01.2011 №6) 2018 yil 22 oktyabr kuni kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq 2019 yil 1 yanvardan boshlab alyuminiy (plastik) profildan eshik, deraza va boshqa buyumlar tayyorlash, avtotransport vositalarini yuvish kabi faoliyat turlari bilan shug‘ullanish uchun yuridik shaxs tashkil etish lozim bo‘ladi. Endilikda ushbu faoliyat turlari bilan yakka tartibdagi tadbirkor sifatida shug‘ullanib bo‘lmaydi.

5. Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 11 dekabrda qabul qilingan, Senat tomonidan 2018 yil 13 dekabrda ma’qullangan va Prezident tomonidan 2018 yil 24 dekabr kuni imzolangan O‘zbekiston Respublikasining “Soliq va byudjet siyosatining 2019 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni kuchga kirdi.

Ushbu qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining ayrim moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Mazkur qonunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida” PF-5468-son Farmonida belgilangan ustuvor maqsadlar o‘z aksini topgan.

Ma’lumki, bugunga qadar amal qilib kelgan tartib bo‘yicha jismoniy shaxslardan soliq shkala bo‘yicha hisoblab chiqilar, bunda maoshning eng kam ish haqining bir baravaridan besh baravarigacha qismi 7,5%, besh baravaridan o‘n baravarigacha qismi 16,5%, undan yuqori qismi 22,5% stavkada daromad solig‘i ushlanaredi. Bundan tashqari, ish haqidan pensiya jamg‘armasi uchun 8 foizlik majburiy sug‘urta to‘lovi undirilar edi.

Endilikda esa jismoniy shaxsning daromadlaridan faqat 12 foizlik stavka bo‘yicha soliq undiriladi.
Ushbu o‘zgarishlar fuqarolarning 2019 yil yanvar oyidan boshlab hisoblanadigan ish haqi va unga tenglashtirilgan daromadlari miqdorida o‘z aksini topa boshlaydi.

6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 dekabrdagi “Fuqarolarning pensiya ta’minoti tizimi samaradorligini oshirish va pensionerlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PF-5597-son Farmoniga muvofiq 2019 yil 1 yanvardan boshlab barcha ishlovchi pensionerlarga pensiyalar to‘liq miqdorda to‘lanadi.

Shuningdek, 2019 yil 1 yanvardan pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori eng kam oylik ish haqining sakkiz barobaridan o‘n barobarigacha oshirildi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ishlovchi pensionerlarga pensiya to‘lash to‘g‘risida» 1995 yil 20 noyabrdagi PF-1289-son Farmoni 2019 yil 1 yanvardan boshlab o‘z kuchini yo‘qotdi.

7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 iyundagi “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3802-son qaroriga muvofiq, 2019 yil 1 yanvardan davlat soliq xizmati organlari xizmat ko‘rsatish, savdo va umumiy ovqatlanish sohasidagi tadbirkorlik sub’ektlari uchun yagona soliq to‘lovini, yagona yer solig‘ini, yuridik shaxslardan yer solig‘ini, shuningdek, bank aylanmalari haqidagi ma’lumotlar, shuningdek, boshqa tashqi manbalar asosida deklaratsiya qilinadigan daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini hisoblash tarzida soliq to‘lovchilarga servis xizmatlari ko‘rsatadi hamda hisoblangan soliqlar summasi haqida soliq to‘lovchining «shaxsiy kabineti» orqali xabarnoma yuborish tartibi belgilandi.

8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 14 avgustdagi PQ-3907-sonli qarori qabul qilindi va unga muvofiq 2019 yil 1 yanvardan umumta’lim muassasalari xodimlarining bazaviy tarif stavkalari:
- oliy toifali o‘qituvchilar uchun 1,25 baravarga;
- birinchi toifali o‘qituvchilar uchun 1,2 baravarga;
- ikkinchi toifali o‘qituvchilar uchun 1,15 baravarga;
- mutaxassis o‘qituvchilar uchun 1,1 baravarga;
- direktor, uning o‘rinbosarlari, axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilari uchun 1,1 baravarga oshirildi.

9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 sentyabrdagi “Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5538-son Farmoniga muvofiq 2019 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan tumanlar va shaharlar kesimida tanlash asosida umumta’lim muassasalari faoliyati samaradorligi bo‘yicha reytingi tuziladi.

Reyting yakunlari ommaviy axborot vositalarida va Davlat inspeksiyasining veb-saytida keyingi o‘quv yili boshlanishidan kechiktirmay joylashtiriladi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » 2019 yil 1 yanvardan boshlab nimalar o‘zgaradi?