15:29 / 15.01.2019
4 523

Prezident yangi qonunni imzoladi: himoya qilinuvchi shaxslar ro‘yxati belgilandi

Prezident yangi qonunni imzoladi: himoya qilinuvchi shaxslar ro‘yxati belgilandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Hujjat matni "Xalq so‘zi" tomonidan e’lon qilingan.

Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 22 noyabrda qabul qilingan, Senat tomonidan 2018 yil 13 dekabrda ma’qullangan.
Ushbu Qonunning maqsadi jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Ushbu Qonunning asosiy vazifalari jabrlanuvchilarning, guvohlarning va jinoyat protsessi boshqa ishtirokchilarining hayoti, sog‘lig‘i hamda mol-mulkiga tajovuz tahdidi mavjud bo‘lganda qo‘llaniladigan, jinoyatlarning oldini olishga yoki ularni fosh etishga ko‘maklashadigan, xavfsizlik va ijtimoiy himoya qilish choralarini o‘z ichiga oladigan chora-tadbirlar tizimini belgilashdan, shuningdek ularni qo‘llashning asoslari hamda tartibini aniqlashdan iboratdir.

Himoya qilinuvchi shaxslarni himoya qilishning asosiy prinsiplari qonuniylik, himoya qilinuvchi shaxsning huquqlari va qonuniy manfaatlari ustuvorligi, himoya qilinuvchi shaxslarning hamda himoya qilishni ta’minlovchi davlat organlarining o‘zaro javobgarligidan iborat.

Himoya qilinuvchi shaxslar quyidagilardan iborat:
1) jabrlanuvchi va uning qonuniy vakili;
2) guvoh;
3) jamoat ayblovchisi va jamoat himoyachisi;
4) gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, ularning himoyachilari va qonuniy vakillari;
5) mahkum, oqlangan shaxs, o‘ziga nisbatan jinoyat ishi tugatilgan shaxs;
6) fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari;
7) ekspert, mutaxassis, tarjimon va xolis.

Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarning oila a’zolari va yaqin qarindoshlari ham himoya qilinuvchi shaxslar bo‘lishi mumkin.

Himoya qilish choralari jinoyat ishi qo‘zg‘atilguniga qadar arizachiga, jinoyat shohidiga yoki jinoyatning oldini olishga yoxud uni fosh etishga ko‘maklashuvchi shaxslarga nisbatan ham qo‘llanilishi mumkin.

Himoya qilishni ta’minlovchi davlat organlari quyidagilardan iborat:
- himoya qilishni ta’minlash to‘g‘risida qaror qabul qiluvchi organlar;
- xavfsizlik choralarini ta’minlovchi organlar;
- ijtimoiy himoya qilish choralarini ta’minlovchi organlar.

Himoya qilishni ta’minlash to‘g‘risidagi qaror jinoyat ishini yuritayotgan, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirayotgan, surishtiruv, dastlabki tergov organlari va sud tomonidan qabul qilinadi.

Ichki ishlar organlarining yoki O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlarining yurituvida bo‘lgan jinoyat ishlari bo‘yicha himoya qilinuvchi shaxslarga nisbatan xavfsizlik choralari mazkur organlar tomonidan ta’minlanadi.

Sudning yoki prokuratura organining yurituvida bo‘lgan jinoyat ishlari bo‘yicha himoya qilinuvchi shaxslarga nisbatan xavfsizlik choralari himoya qilinuvchi shaxslar joylashgan yerdagi ichki ishlar organlari tomonidan sudning yoki prokurorning qaroriga binoan ta’minlanadi.

Harbiy xizmatchilar orasidan bo‘lgan himoya qilinuvchi shaxslarga nisbatan xavfsizlik choralari tegishli harbiy qismlar qo‘mondonligi va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy tuzilmalarining yuqori turuvchi qo‘mondonligi tomonidan ta’minlanadi.

Tergov hibsxonalarida saqlanayotgan himoya qilinuvchi shaxslarga nisbatan xavfsizlik choralari tegishincha ichki ishlar organlari va O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlari tomonidan ta’minlanadi.

Jazoni o‘tash joylarida saqlanayotgan himoya qilinuvchi shaxslarga nisbatan xavfsizlik choralari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi muassasalari tomonidan ta’minlanadi.

Himoya qilinuvchi shaxslarni ijtimoiy himoya qilish choralarini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari va boshqa organlar zimmasiga yuklatiladi.

Xavfsizlik choralari quyidagilardan iborat:
1) himoya qilinuvchi shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlash;
2) shaxsni, uy-joyni va boshqa mol-mulkni qo‘riqlash;
3) himoya qilinuvchi shaxsga maxsus individual himoya vositalarini va texnik vositalarni berish;
4) vaqtinchalik xavfsiz joyga joylashtirish;
5) boshqa yashash joyiga ko‘chirish, ish (xizmat) yoki o‘qish joyini o‘zgartirish;
6) hujjatlarni almashtirish;
7) himoya qilinuvchi shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlardan foydalanilishini cheklash;
8) qamoqda yoki jazoni o‘tash joylarida saqlanayotgan himoya qilinuvchi shaxsga nisbatan qo‘shimcha xavfsizlik choralarini ta’minlash.

Ushbu modda birinchi qismining 6 va 7-bandlarida nazarda tutilgan xavfsizlik choralari faqat og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat ishlari bo‘yicha zarur bo‘lgan hollarda amalga oshiriladi.

Himoya qilinuvchi shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlash xavfsizlik choralarini ta’minlovchi organning qaroriga binoan, operatorlarda turgan davlat axborot-ma’lumot fondlaridagi va boshqa axborot-ma’lumot fondlaridagi himoya qilinuvchi shaxs haqidagi ma’lumotlar berilishiga taqiq o‘rnatish, uning telefoni abonent raqamlarini hamda uning foydalanuvidagi yoki unga tegishli transport vositalarining davlat raqam belgilarini o‘zgartirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Boshqa jinoyat, ma’muriy, iqtisodiy yoki fuqarolik ishini yuritish bilan bog‘liq alohida hollarda, himoya qilinuvchi shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar yozma so‘rov asosida va himoya qilishni ta’minlash to‘g‘risida qaror qabul qilgan organning yozma roziligi bilan surishtiruv, dastlabki tergov organlari, sudga taqdim etilishi mumkin.

Himoya qilinuvchi shaxsning hayotiga yoki sog‘lig‘iga yoxud mol-mulkiga tajovuz tahdidi mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar aniqlangan taqdirda, xavfsizlik choralarini ta’minlovchi organlar tomonidan ushbu shaxsning roziligi bilan uning o‘zini, uy-joyini va boshqa mol-mulkini qo‘riqlash amalga oshiriladi.

Himoya qilinuvchi shaxs tomonidan egallab turilgan uy-joy va boshqa mol-mulk kuzatuvning texnik vositalari, yong‘inga qarshi va qo‘riqlash signalizatsiyasi, shuningdek boshqa uskunalar bilan jihozlanishi mumkin.

Xavfsizlik choralarini ta’minlovchi organlar himoya qilinuvchi shaxsning hayoti va sog‘lig‘iga nisbatan tahdid darajasini hisobga olgan holda unga maxsus individual himoya vositalarini hamda texnik vositalarni berishi mumkin.

Zarur bo‘lgan taqdirda, voyaga yetgan himoya qilinuvchi shaxslar o‘z roziligi bilan, voyaga yetmagan shaxslar esa ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining roziligi bilan o‘z xavfsizligi ta’minlanadigan joylarga joylashtirilishi mumkin. Mazkur joyda bo‘lish muddati himoya qilinuvchi shaxs va xavfsizlik choralarini ta’minlovchi organ o‘rtasida kelishiladi.

Himoya qilinuvchi shaxslarning roziligi bilan yoki ularning arizasiga ko‘ra ular boshqa vaqtinchalik yoxud doimiy yashash joyiga ko‘chirilishi, o‘zga vaqtinchalik yoki doimiy ishga (xizmatga) yoxud boshqa o‘qish joyiga o‘tkazilishi mumkin.

Himoya qilinuvchi shaxs boshqa doimiy yashash joyiga ko‘chirilganda unga davlat hisobidan uy-joy beriladi, ko‘chib o‘tish bilan bog‘liq xarajatlarning o‘rni qoplanadi, moddiy yordam ko‘rsatiladi, uning ishga joylashtirilishi kafolatlanadi va avvalgisiga o‘xshash ish (xizmat) yoki o‘qish joyini tanlashda yordam ko‘rsatiladi. Himoya qilinuvchi shaxs vaqtinchalik yashash uchun boshqa joyga ko‘chirilganda u ilgari egallab turgan uy-joy va avvalgi yoki avvalgisiga o‘xshash ish (xizmat) yoxud o‘qish joyiga joylashtirish kafolatlari ushbu shaxs ko‘rsatilgan sababga ko‘ra yo‘q bo‘lgan butun davr mobaynida saqlanib qoladi.

Boshqa yashash joyiga ko‘chirish, ish (xizmat) yoki o‘qish joyini o‘zgartirish himoya qilinuvchi shaxsning xavfsizligini unga nisbatan boshqa xavfsizlik choralarini qo‘llash orqali ta’minlashning imkoni bo‘lmagan hollardagina amalga oshiriladi.

Himoya qilinuvchi shaxslarning arizasiga ko‘ra yoki ularning roziligi bilan ularga familiyasi, ismi, otasining ismi va boshqa ma’lumotlari o‘zgartirilgan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar hamda o‘zga hujjatlar berilishi mumkin.

Yangi familiya, ism, otasining ismi himoya qilinuvchi shaxs bilan albatta kelishilgan holda yoki ushbu shaxs tomonidan, voyaga yetmaganlar uchun esa ular ota-onalarining yoki boshqa qonuniy vakillarining roziligi bilan tanlanadi.

Himoya qilinuvchi shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlardan foydalanilishini cheklash jinoyat ishi materiallaridan shaxsning anketa ma’lumotlarini olib qo‘yishdan va ularni asosiy ish yurituvidan ajratib saqlashdan, shuningdek buning uchun taxallusdan foydalanishdan iboratdir.

Qamoqda yoki ozodlikni cheklash, ozodlikdan mahrum etish yoxud intizomiy harbiy qismda saqlash tarzidagi jazoni o‘tash joylarida saqlanayotgan himoya qilinuvchi shaxsning xavfsizligi unga nisbatan ushbu Qonun 6-moddasi birinchi qismining 1 va 7-bandlarida nazarda tutilgan xavfsizlik choralarini qo‘llash orqali ta’minlanadi.

Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarning xavfsizligi choralarini ta’minlash maqsadida quyidagilar ham qo‘llanilishi mumkin:
1) himoya qilinuvchi shaxsni va zo‘ravonlik tahdidini keltirib chiqaruvchi shaxsni ular ushlab turilganda, qamoqqa olinganda va ularga nisbatan jinoiy jazolar tayinlanganda boshqa-boshqa qamoqda saqlash va jazoni o‘tash joylariga yuborish;
2) himoya qilinuvchi shaxsni yoki zo‘ravonlik tahdidini keltirib chiqaruvchi shaxsni bir qamoqda saqlash joyidan va jazoni o‘tash joyidan boshqasiga o‘tkazish;
3) himoya qilinuvchi shaxsni va zo‘ravonlik tahdidini keltirib chiqaruvchi shaxsni alohida-alohida saqlash;
4) himoya qilinuvchi shaxsga nisbatan ehtiyot chorasini o‘zgartirish.

Himoya qilinuvchi shaxs jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan halok bo‘lgan (vafot etgan) taqdirda, halok bo‘lgan (vafot etgan) shaxsning oila a’zolariga va uning qaramog‘ida bo‘lgan shaxslarga himoya qilishni ta’minlash to‘g‘risida qaror qabul qiluvchi organning qaroriga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bir yo‘la beriladigan nafaqa to‘lanadi hamda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlanadi.

Himoya qilinuvchi shaxs jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan unga nogironlikni keltirib chiqaruvchi tan jarohati yetkazilgan yoki uning sog‘lig‘iga boshqacha ziyon yetkazilgan taqdirda, himoya qilishni ta’minlash to‘g‘risida qaror qabul qiluvchi organning qaroriga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bir yo‘la beriladigan nafaqa to‘lanadi va nogironlik pensiyasi tayinlanadi.

Himoya qilinuvchi shaxs jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan unga nogironlikni keltirib chiqarmaydigan tan jarohati yetkazilgan yoki uning sog‘lig‘iga boshqacha ziyon yetkazilgan taqdirda, himoya qilishni ta’minlash to‘g‘risida qaror qabul qiluvchi organning qaroriga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bir yo‘la beriladigan nafaqa to‘lanadi.

Himoya qilinuvchi shaxs jinoyat protsessida ishtirok etganligi munosabati bilan halok bo‘lgan (vafot etgan) taqdirda, agar uning oila a’zolari va uning qaramog‘ida bo‘lgan shaxslar turli bir yo‘la beriladigan nafaqalar olish huquqiga ega bo‘lsa, bir yo‘la beriladigan nafaqalardan bittasi ularga o‘z tanloviga ko‘ra tayinlanadi.

Tan jarohati yetkazilgan yoki sog‘lig‘iga boshqacha ziyon yetkazilgan taqdirda, bir vaqtning o‘zida turli bir yo‘la beriladigan nafaqalarni olish huquqiga ega bo‘lgan himoya qilinuvchi shaxslarga o‘z tanloviga ko‘ra bir yo‘la beriladigan nafaqalardan bittasi tayinlanadi.

Himoya qilinuvchi shaxsga jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan yetkazilgan mulkiy zararning o‘rni O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanib, keyinchalik ushbu mablag‘lar himoya qilinuvchi shaxsga mulkiy zarar yetkazilishida aybdor bo‘lgan shaxsdan undirilishi lozim.

Himoya qilishni ta’minlash to‘g‘risida qaror qabul qiluvchi organ tomonidan aniqlangan, himoya qilinuvchi shaxsni jinoyat protsessida ishtirok etganligi munosabati bilan o‘ldirish, unga zo‘rlik ishlatish, uning mol-mulkini yo‘q qilish yoki mol-mulkiga shikast yetkazishning aniq tahdidi mavjudligi haqidagi ma’lumotlar xavfsizlik choralarini qo‘llash uchun asos bo‘ladi.

Xavfsizlik choralari himoya qilinuvchi shaxsning yozma arizasi asosida yoki uning yozma roziligi bilan, voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan esa ular ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining, shuningdek vasiylik va homiylik organlari vakolatli vakillarining (ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari homiyligidan mahrum bo‘lgan taqdirda) yozma arizasi asosida yoxud ularning yozma roziligi bilan qo‘llaniladi.

Agar xavfsizlik choralarining qo‘llanilishi himoya qilinuvchi shaxsning voyaga yetgan oila a’zolari va u bilan birga yashovchi boshqa shaxslar manfaatlariga daxl qiladigan bo‘lsa, xavfsizlik choralarini qo‘llash uchun ularning yozma roziligi olinishi zarur.

Himoya qilinuvchi shaxslar quyidagi huquqlarga ega:
- shaxsiy va mulkiy xavfsizligini, shuningdek ushbu Qonun 4-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarning shaxsiy va mulkiy xavfsizligini ta’minlashni talab qilish;
- ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda ijtimoiy himoya qilish choralari qo‘llanilishini talab qilish;
- o‘ziga nisbatan, shuningdek ushbu Qonun 4-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarga nisbatan xavfsizlik choralarining qo‘llanilishi va xususiyati haqida bilish;
- qo‘shimcha xavfsizlik choralarini qo‘llash haqidagi yoxud ularni bekor qilish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat etish;
- himoya qilishni ta’minlovchi davlat organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan yuqori turuvchi organga, prokurorga yoki sudga shikoyat qilish;
- xavfsizlik choralarini ta’minlovchi organga psixologik yordam olish uchun murojaat etish.

Himoya qilinuvchi shaxslar:
- xavfsizlik choralarini ta’minlovchi organ tomonidan berilgan ko‘rsatmalarni, shuningdek uning qonuniy talablarini bajarishi;
- o‘ziga nisbatan qilingan har bir tahdid yoxud g‘ayriqonuniy harakatlar to‘g‘risida xavfsizlik choralarini ta’minlovchi organni darhol xabardor qilishi;
- xavfsizlikni ta’minlash uchun o‘ziga berilgan mol-mulkni asrab-avaylashi;
- o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan xavfsizlik choralari haqidagi ma’lumotlarni oshkor etmasligi shart.

Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida foydalanishga berilgan mol-mulk sotib yuborilgan, o‘zga shaxsga berib yuborilgan yoki unga shikast yetkazilgan taqdirda, himoya qilinuvchi shaxs qonunga muvofiq javobgar bo‘ladi.

Himoya qilishni ta’minlash to‘g‘risida qaror qabul qiluvchi organlar quyidagi huquqlarga ega:
- davlat organlaridan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan, yuridik va jismoniy shaxslardan himoya qilishni ta’minlash to‘g‘risida o‘ziga nisbatan qaror qabul qilinadigan shaxslarning xavfsizligiga tahdid mavjudligi haqidagi arizalar (xabarlar) yuzasidan zarur ma’lumotlarni so‘rash hamda olish;
- protsessual harakatlarni amalga oshirish yoxud xavfsizlik choralarini ta’minlovchi organlarga zarur topshiriqlar berish;
- zarur bo‘lgan taqdirda, xavfsizlik choralarini ta’minlovchi organlardan hamda ijtimoiy himoya qilish choralarini ta’minlovchi organlardan himoya qilishning qo‘shimcha choralarini qo‘llashni talab qilish;
- xavfsizlik choralarini va ijtimoiy himoya qilish choralarini ta’minlovchi organlar bilan kelishuvga ko‘ra mazkur choralarni to‘liq yoki qisman bekor qilish.

Xavfsizlik choralarini ta’minlovchi organlar quyidagi huquqlarga ega:
- zarur xavfsizlik choralarini tanlab olish, ularni qo‘llash usullarini aniqlash, qo‘llaniladigan xavfsizlik choralarini zarur bo‘lgan hollarda o‘zgartirish va ularga qo‘shimchalar kiritish;
- himoya qilinuvchi shaxslardan ularga nisbatan xavfsizlik choralarini qo‘llash shartlariga rioya etilishini, mazkur choralarni qo‘llash bilan bog‘liq qonuniy farmoyishlarning bajarilishini talab qilish;
- jinoyat ishini yuritayotgan tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi, surishtiruv, dastlabki tergov organlariga, prokurorga yoki sudga protsessual harakatlarni amalga oshirish chog‘ida xavfsizlik choralarini qo‘llash haqidagi yoxud ularni bekor qilish to‘g‘risidagi iltimosnoma bilan murojaat etish;
- tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazish.

Ijtimoiy himoya qilish choralarini ta’minlovchi organlar quyidagi huquqlarga ega:
- himoya qilishni ta’minlash to‘g‘risida qaror qabul qilgan organlardan hamda himoya qilinuvchi shaxslardan ijtimoiy himoya qilish choralarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha ma’lumotlarni so‘rab olish;
- ijtimoiy himoya qilish choralarini qo‘llashni istisno etuvchi holatlar aniqlangan taqdirda, himoya qilishni ta’minlash to‘g‘risida qaror qabul qilgan organlarga mazkur choralarni bekor qilish to‘g‘risidagi iltimosnoma bilan murojaat etish.

Himoya qilishni ta’minlovchi davlat organlari:
- o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan, xavfsizlik choralarini yoki ijtimoiy himoya qilish choralarini qo‘llashni talab etadigan har bir holatga nisbatan darhol munosabat bildirishi;
- barcha zarur xavfsizlik choralarini va ijtimoiy himoya qilish choralarini ta’minlashi;
- himoya qilinuvchi shaxslarni ularga nisbatan xavfsizlik choralari va ijtimoiy himoya qilish choralari qo‘llanilishi, bu choralarning o‘zgartirilishi, ularga qo‘shimchalar kiritilishi yoki ularning qo‘llanilishi bekor qilinishi to‘g‘risida, shuningdek himoya qilishni ta’minlash bilan bog‘liq qarorlar qabul qilinishi haqida o‘z vaqtida xabardor etishi;
- himoya qilinuvchi shaxsga nisbatan uning himoya qilinishini ta’minlash to‘g‘risidagi qarorni (ajrimni) e’lon qilish chog‘ida uning huquqlari va majburiyatlarini tushuntirishi;
- himoya qilinuvchi shaxsning psixologik kuzatuvini tashkil etish va amalga oshirish choralarini ko‘rishi shart.

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy o‘tgach kuchga kiradi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Prezident yangi qonunni imzoladi: himoya qilinuvchi shaxslar ro‘yxati belgilandi