08:38 / 22.01.2019
4 199

Shavkat Mirziyoyev Germaniya Bundestagi Raisi Volfgang Shoyble bilan uchrashdi

Shavkat Mirziyoyev Germaniya Bundestagi Raisi Volfgang Shoyble bilan uchrashdi
Foto: Prezident Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 yanvar kuni kuni Germaniya Federativ Respublikasi Bundestagi Raisi Volfgang Shoyble bilan uchrashdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bundestag Germaniyaning bir palatali parlamenti bo‘lib, qonunlar qabul qilishdan tashqari Federal kanslerni saylash hamda hukumat faoliyatini nazorat qilish kabi muhim funksiyalarni ham bajaradi.

O‘zbekiston va Germaniya parlamentlari o‘rtasida yaxshi aloqalar yo‘lgan qo‘yilgan. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Bundestag bilan hamkorlik bo‘yicha «O‘zbekiston – Germaniya» guruhi, Bundestagda esa «Germaniya Federativ Respublikasi – Markaziy Osiyo» guruhi tashkil etilgan.

Davlat rahbari O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasidagi hamkorlikni huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, xalqlar manfaatini ta’minlashda parlamentlar muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.

Bundestag Raisi O‘zbekistonda barqaror demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish borasida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni yuqori baholadi.

Muloqotda qonun ustuvorligini ta’minlash, parlament nazorati, ijtimoiy va iqtisodiy islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha tajriba almashish masalalari muhokama qilindi. Tashrif doirasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va boshqa sohalarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha qabul qilinadigan «yo‘l xaritasi»ga asosan parlamentlararo hamkorlik qilish muhimligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Prezidentining Germaniyaga rasmiy tashrifi barcha darajadagi, jumladan, parlamentlar o‘rtasidagi aloqalarning yangi yo‘nalishlarini belgilab bergani qayd etildi.
Davlat rahbari Bundestag binosini ko‘zdan kechirdi. Mamlakat delegatsiyasiga Bundestag tarixi va faoliyati haqida so‘zlab berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Myunxen shahriga jo‘nab ketdi. 22 yanvar kuni u yerda Bavariya Bosh vaziri Markus Zyoder hamda Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev Germaniya Bundestagi Raisi Volfgang Shoyble bilan uchrashdi