20:18 / 01.03.2019
10 541

Bugundan boshlab Oʻzbekistonda nimalar oʻzgaradi?

Bugundan boshlab Oʻzbekistonda nimalar oʻzgaradi?
2019 yil 1 martdan qonunchilikda bir qator oʻzgarishlar boʻladi. Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali shular haqida maʼlumot berdi.

Tadbirkorlik, biznes sohasida
Bugundan boshlab jismoniy shaxslar ham qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyati bilan shugʻullanishi mumkin.
Buning uchun litsenziya olish va oʻlchamlari 1 gektardan ortiq boʻlmagan sochma oltin konlaridan foydalanish huquqini elektron auksion orqali sotib olish lozim.

2019 yil 1 martdan:
- tadbirkorlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishda bank hisob raqamlarinimasofadan turib ochishga ruxsat beriladi;
- isteʼmolchilarni elektr taʼminotidan ruxsatsiz uzganlik uchun iqtisodiy sanksiyalar qoʻllaniladi;
- koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish va kadastr hisobini yuritish uchun ariza eksterritoriallik prinsipi asosida (istalgan joydan) berilishi mumkin;
- davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan tadbirkorlarning hujjatlarga muhr bosilishini talab qilishi taqiqlanadi.

Ijtimoiy soha, toʻlovlar
“Mehribonlik” uylari va bolalar shaharchalarining rahbarlari va tarbiyachilari, xalq taʼlimi muassasalari tarbiyachilarining bazaviy tarif stavkasi bugundan 1,5 barobarga oshirilib, umumtaʼlim maktablari bazaviy tarif stavkasining 75 foizi darajasida belgilanadi.

Bundan tashqari bugundan boshlab oilaga tarbiyaga olingan (patronat) har bir bola uchun toʻlanadigan nafaqa miqdori 1,33 barobarga oshirilib, 820 000 soʻmni tashkil qiladi, keyinchalik inflyatsiya hajmidan kam boʻlmagan miqdorda oshirib boriladi.

Bugundan boshlab bolalikdan nogironligi boʻlgan farzandi bor onalarga, ular pensiya yoshiga toʻlgandan soʻng, agar ularda pensiya tayinlash uchun zarur staj mavjud boʻlmasa, ijtimoiy nafaqa toʻlash boʻyicha tartib kuchga kirdi.

Davlat xizmatlari, axborot texnologiyalari
Fuqarolar bugundan oylik ish haqlari haqidagi maʼlumotlarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olishi mumkin.
Bundan tashqari, “Elektron jinoiy-huquqiy statistika” yagona axborot tizimi ham bugundan toʻliq ishga tushirilishi lozim.

Maktablarga bolalarni Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilish tartibi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Taʼlim, nostrifikatsiya
2019 yil 1 martdan quyidagilarning taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlari toʻgʻridan-toʻgʻri (maxsus sinovlarsiz) tan olinadi va nostrifikatsiya qilinadi:
- Oʻzbekistonda alohida boʻlinmalari boʻlgan xorijiy taʼlim muassasalarida oʻqigan fuqarolarning;
- xalqaro reytingda birinchi 1000 oʻrinni egallagan xorijiy oliy taʼlim muassasalarida oʻqigan fuqarolarning;
- vazirlik va idoralarning yoʻllanmalari asosida xorijiy davlatlar tomonidan ajratilgan kvotalar (grantlar) hisobidan taʼlim olgan fuqarolarning;
- 1992 yil 1 yanvargacha xorijiy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirgan fuqarolarning;
- Oliy taʼlimda sifatni kafolatlash Yevropa assotsiatsiyasining toʻlaqonli aʼzolari – vakolatli tashkilotlar tomonidan akkreditatsiya qilingan taʼlim muassasalarida taʼlim olgan fuqarolarning;
- Amerika Qoʻshma Shtatlari, Avstraliya Ittifoqi, Isroil Davlati, Kanada, Singapur Respublikasi, Koreya Respublikasi, Yaponiya davlatlarida taʼlim olgan fuqarolarning;
- vazirlik va idoralar tomonidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan xorijda taʼlim olgan fuqarolarning.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Bugundan boshlab Oʻzbekistonda nimalar oʻzgaradi?